Taʼlim — Yangi Oʻzbekistonning butun tizimini harakatga keltiradigan asosiy kuch
Arxiv surat
Baʼzan bir nutq butun bir tizimning ruhini ochib beradi, bir murojaat esa millat kelajagining yoʻnalishini belgilab qoʻyadi. 2025-yilning 26-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi aynan shunday maʼnaviy-siyosiy hujjat sifatida, ayniqsa, taʼlim sohasi va uning ertangi kuni haqida chuqur oʻylashga undaydi. Ayni paytda ushbu dasturiy hujjat chuqur oʻrganilmoqda, uning mazmuni keng targʻib etilmoqda.
Murojaatnomada taʼlim masalasi alohida mavzu sifatida emas, balki davlat taraqqiyotining poydevori, barcha islohotlarning poydevori sifatida namoyon boʻldi. Chunki Prezidentimiz taʼkidlaganidek, iqtisodiyotdagi texnologik oʻsish ham, yangi kasblar arxitekturasi ham, raqamli davlat boshqaruvi ham avvalo bilimli, zamonaviy fikrlaydigan insonga tayanadi. Demak, taʼlim — bu alohida soha emas, balki Yangi Oʻzbekistonning butun tizimini harakatga keltiradigan asosiy kuchdir.
Murojaatnomada keltirilgan raqamlar ortida jonli hayot, real ehtiyoj va katta maqsadlar mujassam. Texnikumlarni tubdan yangilash, ularni Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi kabi davlatlar taʼlim dasturlari bilan uygʻunlashtirish — bu shunchaki taʼmir yoki jihozlash emas. Bu — taʼlim tafakkurini oʻzgartirish, yoshlarning qoʻliga zamon bilan hamqadam boʻlgan kasbni, qalbiga esa ishonchni berish demakdir. Har yili kamida 100 ta texnikumni zamonaviy kasblar asosida qayta jihozlash rejasi — mehnat bozoriga javob beradigan taʼlim modeli shakllanayotganidan dalolat.
Ayniqsa, “mehnat bozorining yangi arxitekturasi” haqidagi fikrlar har bir pedagogni oʻylantirishi kerak. Endi taʼlim faqat diplom berish bilan cheklanmasligi, balki kasb, malaka, texnologiya va hayot ehtiyoji oʻrtasida tirik bogʻlanish yaratishi shart. Bu esa oʻqituvchidan ham yangicha yondashuv, doimiy oʻz ustida ishlash, taʼlim mazmunini zamon bilan uygʻunlashtirishni talab qiladi.
Sunʼiy intellekt laboratoriyalarining oliygohlarda tashkil etilishi, data-markazlar va superkompyuterlar faoliyati — taʼlim tizimini kelajak texnologiyalari bilan bevosita bogʻlab qoʻyadi. Bu sharoitda universitetlar endi faqat bilim tarqatuvchi emas, balki innovatsiya yaratuvchi makonga aylanishi kerak. Talaba tayyor bilim isteʼmolchisi emas, balki ilmiy-tadqiqot jarayonining faol ishtirokchisi boʻlishi lozim.
Murojaatnomada tibbiyot taʼlimiga ham alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Xalqaro standartlar asosida hamshiralar tayyorlash, xorijiy taʼlim dasturlarini joriy etish — bu inson salomatligi bilan bogʻliq sohada taʼlim sifati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi. Bu orqali nafaqat ichki ehtiyoj, balki xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadi koʻzlanmoqda.
Eʼtiborli jihati shundaki, Murojaatnomada taʼlim mahalla bilan, jamiyat bilan uzviy bogʻliq holda talqin qilindi. Mahalla — tarbiya maskani, taʼlim esa uning mantiqiy davomidir. Yosh avlodni bilimli qilib tarbiyalash faqat maktab yoki universitetning ishi emas, balki butun jamiyatning masʼuliyati ekani yana bir bor taʼkidlandi.
Prezidentning “Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qoʻymoqdamiz”, degan soʻzlari taʼlim sohasi vakillari uchun ham daʼvatdir. Chunki bu bosqichda eski qoliplar bilan emas, yangicha fikr, yangicha metod va yuksak masʼuliyat bilan ishlash talab etiladi. Taʼlim tizimi bugun islohotlar ortidan emas, balki ularning oldidan borishi kerak.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, ushbu Murojaatnoma taʼlimga munosabatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. U bizdan faqat quvonishni emas, balki harakatni, faqat maqtanishni emas, balki chuqur masʼuliyatni talab qiladi. Zero, Yangi Oʻzbekistonning ertangi qiyofasi bugun sinfxonada, auditoriyada, laboratoriyada shakllanmoqda.
Dilrabo SHODIYEVA, oʻqituvchi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring