“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan diplomat” faxriy unvoni taʼsis etiladi
Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida professional diplomat kadrlarni qayta tayyorlash, istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratish tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
“Dunyo” axborot agentligi faoliyatini ham jonlantirish, bu borada nufuzli xorijiy piar kompaniyalar, maxsus media loyihalar va yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan tizimli ishlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Bu jarayonda xalqaro matbuot anjumanlari va intervyular orqali Oʻzbekistonning tashqi siyosiy tashabbuslarini muntazam yetkazib borish va imijini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Prezidentimiz yurtimizda faoliyat yuritayotgan elchixonalar va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash boʻyicha ham yangicha tizimga oʻtish vaqti kelganini taʼkidladi.
Xorijiy elchilarni hududlarimizga taklif qilib, hamkorlikdagi ishlar koʻzdan kechirilsa, yangi loyihalar boʻyicha birgalikda takliflar tayyorlansa, maqsadga muvofiq boʻlishi aytildi.
Jahonda boʻlayotgan geosiyosiy oʻzgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi beqarorlik, mintaqaviy qarama-qarshiliklar va global iqtisodiy transformatsiyalar har bir davlatdan tashqi siyosatni doimiy ravishda qayta koʻrib chiqishni, uni milliy manfaatlar va zamon talablariga moslashtirib borishni taqozo qilmoqda.
“Soʻnggi yillardagi ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi oshib bormoqda.
Shu bilan birga, global xavfsizlik arxitekturasidagi oʻzgarishlar, yangi iqtisodiy ittifoqlar, savdo yoʻnalishlari, texnologiyalar va energiya bozorlaridagi transformatsiyalar tashqi siyosatimizdan yanada faol, aniq maqsadli va natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvni talab etmoqda”, dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatimizning oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi taʼkidlandi.
“Yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantigʻini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va oʻzaro bogʻliq holda aks ettirishi lozim”, dedi davlatimiz rahbari.
Ishlarni samarali tashkil qilish uchun elchixonalarning har biriga yiliga qoʻshimcha 100-200 ming dollardan mablagʻ berilishi belgilandi. Diplomatlarimizning xizmatlarini munosib eʼtirof etish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan diplomat” faxriy unvonini taʼsis etish taklif etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring