Surxondaryolik ibratli yoshlar
Gulruxsorabegim — dunyoning nufuzli universiteti talabasi
Surxondaryolik iqtidorli va faol yoshlardan biri Gulruxsorabegim Abdusaidova Amerikadagi nufuzli “UC Berkeley School of Law” oliygohining LL.M. magistratura dasturiga rasman qabul qilindi.

Shu yilgi QS reytingida dunyoning eng yaxshi 10 universiteti qatoriga kirgan “UC Berkeley”da oʻqish jahon miqyosida yoshlar orzusi sanaladi. Bu oliy taʼlim muassasasida Stev Voznyak, Erik Shmidt, Jennifer Dudna, Gordon Mur va Kris Payn kabi mashhur shaxslar tahsil olgan.
Eʼtiborlisi, Gulruxsorabegimga shu paytgacha “PENN State” va “Boston University”dan ham toʻliq grant asosida takliflar bildirilgan.
Darvoqe, bu yil eng iqtidorli qizlar qatorida Gulruxsorabegim Abdusaidova ham Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgandi. Uning navbatdagi yutugʻi nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki ilmga chanqoq yoshlarimiz uchun dunyo eshiklari keng ochiqligini anglatadi.
Pullik oʻquv kurslarisiz erishilgan yutuq
Abdurashidxon Malikov Termiz shahridagi 16-maktabning 8-sinf oʻquvchisi. U mustaqil oʻqib-oʻrganish orqali xalqaro darajadagi yutuqqa erishdi, internetdan, asosan, bilim olish maqsadida foydalanib, IELTS imtihonida 7 ballni qoʻlga kiritdi va ingliz tili boʻyicha (“C1” daraja) sertifikatga sazovor boʻldi.

— Ayrim tengdoshlarim onlayn oʻyinlarga va ijtimoiy tarmoqlarda vaqt sarflayotganini koʻrib achinaman, — deydi Abdurashidxon. — Internet, bu — biz, yoshlar uchun cheksiz imkoniyat. Undan unumli foydalansak, oilamiz iqtisodiyotiga ham yordam bergan boʻlamiz. Internet koʻmagida men oʻz ona tilimni targʻib qilgan holda, pullik oʻquv kurslariga hech qanday mablagʻ sarflamasdan xorij tilini oʻrgandim.

Internet olami keng. Undan oʻzingga keraklisini topsang, omad seniki,— deydi Abdurashidxon. Uning izlanishi va intilishi boshqa yoshlarga namunadir. Oʻrnak olgan kam boʻlmaydi.
Ona tilim — jonu dilim,
xorij tili ham berarkan ilm
Shodiya Xushboqova ayni paytda taʼtilda boʻlsa ham vaqtini behuda sovurmaydi. U sentyabr oyida Termiz tumanidagi 16-maktabning 5-sinfda oʻqishni davom ettiradi. Shodiya tengdoshlari orasida oʻz ona tilida burro gapirib, savodli yozish bilan bir qatorda xorij tilini ham mukammal oʻrganib, ingliz tilidan “B2” darajadagi milliy multilevel sertifikatini qoʻlga kiritdi.

—Buning siri nimada deb soʻrayapsizmi? Men shunday javob beraman, ona tilini mukammal bilgan, boshqa tillarni ham tezda oʻrganar ekan. Buni men oʻz hayotimda boshimdan kechirdim. Yetti yoshimdan ota-onamning mehribonligi va menga ustozlarcha bergan maslahatlari bilan ana shunday yutuqqa erishdim, — deydi Shodiya. —Yana bir narsani aytib qoʻyishim kerak, Iroda opa kabi menga maslahat bergan, toʻgʻri yoʻl koʻrsatganlaridan benihoya shodman. Kelgusida qaysi kasbda tanlashimdan qatʼi nazar zoʻr mutaxassis boʻlishni niyat qilganman.

Ayni chogʻda Shodiyaga havas qilib, uning olti yoshli singlisi va qoʻni- qoʻshnilarining farzandlari ham xorij tilini oʻrganishmoqda.
Farhod ESONOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring