Surxondaryoda yangi tez tibbiy yordam boʻlimi foydalanishga topshirildi

09:36 17 Noyabr 2025 Jamiyat
194 0

Surxondaryo viloyatida aholining sogʻligʻini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish yoʻlida yana bir muhim qadam qoʻyildi — Qumqoʻrgʻon tumanida zamonaviy tez tibbiy yordam boʻlimi foydalanishga topshirildi.

Ushbu inshoot “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida barpo etildi. Mazkur loyiha fuqarolarning davlat mablagʻlaridan foydalanish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, joylardagi dolzarb muammolarni xalqning real ehtiyoji va taklifiga tayanib hal etishga xizmat qilmoqda.

— “Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yil 1-mavsumida tumanimizda tez tibbiy yordam binosini qurish taklifi berilgan edi, — deydi “Surxon sohili” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Asilbek Abrayev. — Xalq yakdillik bilan ushbu gʻoyani qoʻllab-quvvatladi va natijada loyiha gʻolib deb topildi. Davlat byudjetidan 1,5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Qisqa fursat ichida zamonaviy binoga ega boʻldik. Bu nafaqat aholi uchun katta qulaylik yaratdi, balki mahallamiz koʻrkiga koʻrk qoʻshdi.

Yangi tez tibbiy yordam boʻlimi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan toʻliq jihozlangan boʻlib, aholiga sifatli va tezkor tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini yaratadi. Bu esa shoshilinch holatlarda tibbiy yordam samaradorligini oshirish, inson hayotini asrab qolishda muhim omil hisoblanadi.

Ushbu tibbiy inshootning ishga tushirilishi Qumqoʻrgʻon tumanida sogʻliqni saqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishi, aholi farovonligi va hayot sifatini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?