Surxondaryoda qishloq xoʻjaligi fidoyilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi

10:31 11 Dekabr 2025 Jamiyat
286 0

Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni arafasida soha taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh fidoyi mehnatkashlar yurtimizda davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Prezidentimizning mazkur Farmoni Surxondaryoda ham katta quvonch va faxr tuygʻusi bilan qabul qilindi.

Shu munosabat bilan Viloyat hokimligida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda qishloq va suv xoʻjaligi sohasida oʻzining tinmas mehnati, fidoyiligi va masʼuliyati bilan alohida ajralib turgan sakkiz nafar surxondaryolik faolga yuksak davlat mukofotlari topshirildi. Ular soha rivojiga qoʻshgan hissasi, qishloq mehnatining sharafini yuksaltirib kelayotgani bilan yurtdoshlariga namuna boʻlib xizmat qildi.

Marosimda viloyat rahbari mukofotlanuvchilarni samimiy muborakbod etib, ularning mehnati yurt taraqqiyotida muhim oʻrin tutishini taʼkidladi. Shuningdek, kelgusida ham yuksak marralarga erishishlariga ishonch bildirildi.

Taqdirlanganlar orasida Sherobod tumanidagi “Rasulov Toji” MCHJ rahbari, anorchilik yoʻnalishida katta tajribaga ega Toji Rasulov ham bor.

— Joriy yil qishloq xoʻjaligi uchun haqiqiy muvaffaqiyatlarga boy yil boʻldi, — deydi Toji Rasulov. — Mirishkor dehqonlarimiz paxta, gʻalla, sholida yuqori hosil oldilar. Meva-sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar boʻyicha ham barcha koʻrsatkichlar oʻsdi. Bizning xoʻjalikda yil davomida 1,5 ming tonna anor yetishtirdik, 12 ta doimiy va 250 ta mavsumiy ish oʻrni yaratdik. Anorlarimiz xorijga eksport qilinmoqda. Qiymati 1 million dollarlik agrologistika markazi barpo etilayotgani esa yana bir muhim qadam. Unda anorni qayta ishlash va qadoqlash ishlari yoʻlga qoʻyiladi. “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganimizni butun jamoamiz mehnatining yuksak bahosi deb bilamiz.

Tadbir ishtirokchilari taʼkidlaganidek, bu mukofotlar birgina insonning emas, balki butun jamoa va qishloq mehnatkashlarining zahmatiga berilgan yuksak eʼtirofdir.

Surxondaryo ziyolilari va dehqonlari ushbu eʼtiborni kelgusida yanada samarali mehnat qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish va yurt rizqini koʻpaytirish yoʻlida katta masʼuliyat bilan ishlashga chorlov sifatida qabul qildilar.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер