Surxondaryoda 38,5 mlrd soʻmlik davlat xaridida qonunbuzilishi aniqlandi

09:16 16 Noyabr 2025 Jamiyat
441 0

Illyustrativ foto

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “SurxondaryoQurilishInvest DM” buyurtmasi asosida oʻtkazilgan davlat xaridida qonunbuzilish holati aniqlandi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, davlat muassasasi tomonidan Boysun tumanidagi “Hongaronsoy” sel suv omboridan nasos stansiyasi va suv uzatish quvurlarini qurish orqali ekin maydonlarining suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha boshlangʻich narxi 38,5 mlrd soʻmlik tender eʼlon qilingan.

Xarid komissiyasining bayonnomasiga koʻra, ushbu davlat xaridida 36,5 milliard soʻmlik taklif bilan “D.Y.T.” MChJ tanlov gʻolibi, 38,5 milliard soʻmlik taklif bilan “M.I.T.” XK zaxiradagi gʻolib deb topilgan.

Aniqlanishicha, tenderning yana bir ishtirokchisi — “F.” MChJning soliq hisob varagʻiga noqonuniy aralashuv yoʻli bilan soliqdan qarzdorlik mavjudligi haqida soxta maʼlumot kiritilgan. Natijada jamiyat “Shaffof qurilish” maxsus axborot platformasi orqali tender jarayonidan asossiz ravishda chetlashtirilgan.

Agentlik tomonidan koʻrilgan choralar natijasida mazkur xaridning bekor qilinishi taʼminlandi.

Shuningdek, holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar asosida hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli huquqiy baho berilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?