“Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda

18:04 29 Yanvar 2026 Iqtisodiyot
284 0

Singapurning “Humans Mobile Ltd.” kompaniyasi Oʻzbekiston hukumatidan yuzlab million AQSH dollari miqdoridagi zararni qoplashni talab qilmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga tayanib, “Spot” xabar berdi.

Manbaga koʻra, joriy yilning 20-yanvar kuni “Humans” taʼminot choralarini qoʻllash boʻyicha Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish boʻyicha xalqaro markazda (INHQXM)ga iltimosnoma kiritgan. Daʼvogar yakuniy qaror chiqarilguniga qadar oʻz huquqlarini himoya qilish maqsadida vaqtinchalik choralar koʻrishni soʻramoqda.

Daʼvo arizasiga asos sifatida 2003-yil 15-iyulda imzolangan va 2003-yil 23-noyabrda kuchga kirgan Oʻzbekiston va Singapur hukumatlari oʻrtasidagi investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitim qoidalarining buzilgani keltirilgan.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston hukumati bir qator davlat organlari va kompaniyalari, jumladan Markaziy bank va Oʻzbektelekom, shuningdek sudlar, prokuratura hamda “Oʻzbekiston hukmron elitasi aʼzolari”ning xatti-harakatlari orqali “biznesga tizimli ravishda zarar yetkazmoqda”.

Kompaniya Oʻzbekistondagi biznesiga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilmoqda. Kompaniya zarar miqdorini aniq koʻrsatmagan holda, uni yuz millionlab AQSH dollari deb baholamoqda.

“'Humans Mobile' Oʻzbekistonga zamonaviy raqamli infratuzilma barpo etish maqsadida kirib kelgan. Biz kapital, texnologiyalar, tajriba va jamoamiz sadoqatidan iborat muhim uzoq muddatli majburiyatlarni zimmamizga olganmiz. Hukumat harakatlari oʻtgan yilga nisbatan tez oʻsishimizga toʻsqinlik qildi va sezilarli zarar yetkazdi”, degan “Humans Group” bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin.

Uning fikricha, bu Oʻzbekistonning Singapur bilan tuzgan bitimiga koʻra investitsiyalarni himoya qilish va qonun ustuvorligi boʻyicha majburiyatlarini buzishdir.

“Biz iqtisodiy yoʻqotishlarimizni qoplash hamda investorlar uchun prognoz qilish imkoniyati va huquqiy aniqlikni saqlab qolish maqsadida adolatli kompensatsiya talab qilmoqdamiz” deydi u.

“Humans Mobile Ltd.” kompaniyasining daʼvosi INHQXM tomonidan roʻyxatga olingan boʻlib, shu yilning 7-yanvar kuni uch kishidan iborat arbitraj tarkibi tuzilgan. Mazkur arbitrlar:

Ser Deniyel Betlexem — Maʼmuriy kengash raisi tomonidan arbitraj raisi etib tayinlangan;

Anna Xoffman — “Humans” (daʼvogar) tomonidan koʻrsatilgan;

Xorxe E. Vinyuales — Oʻzbekiston (javobgar) tomonidan koʻrsatilgan.

Qayd etilishicha, “Humans” manfaatlarini “Peter & Kim” xalqaro yuridik firmasi, Oʻzbekiston tomoninikini esa “Curtis Mallet-Prevost Colt & Mosle” yuridik firmasi himoya qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?