Surxondaryo bu yilgi paxta rejasini birinchi boʻlib bajardi

11:50 13 Oktyabr 2025 Jamiyat
218 0

Foto: “Oʻzagroinspeksiya”

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyati joriy yilda davlat buyurtmasi asosidagi paxta topshirish rejasini mamlakatda birinchilardan boʻlib bajardi.

Viloyat boʻylab 275 ming 600 tonnadan ortiq yuqori sifatli paxta xomashyosi qabul qilindi. Bu yutuq zamirida 62 ming 850 gektar maydonda parvarish qilingan gʻoʻza va fidokorona mehnat mujassam.

Hosilni oʻz vaqtida yigʻib olish uchun 1 277 ta terim otryadi, 2 010 ta traktor va 2 965 ta tirkama safarbar etildi.

Ob-havo noqulayligi va suv tanqisligiga qaramasdan, paxtakorlar oqilona agrotexnika usullari orqali moʻl hosil yetishtirishga erishdi. Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan klaster tizimi va xorijiy tajribalar bu yoʻnalishda oʻz samarasini berdi.

— Bu yil dalalarimizga chigitning “Sulton” navini ekkan edik, juda serhosil boʻldi, — deydi Oltinsoy tumanidagi “Anorboyev Kamolbek” fermer xoʻjaligi rahbari Hoshimboy Husanov. — Rejani bajardik, ammo terimni toʻxtatmadik. Hozirgi maqsadimiz, topshirishni 125 foizga yetkazish.

Bu yil vohada xorij tajribasi asosida yuqori hosildor navlar sinovdan oʻtkazilib, ayrim yerlarda gektaridan 80 sentnergacha hosil olindi. Xitoydan olib kelingan 60 ta paxta terish mashinasi yigʻim-terimni tez va sifatli tashkil etdi.

Viloyat dalalarida terim hali ham qizgʻin davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?