Soliq toʻlamaganlik uchun tadbirkorga jinoyat ishi qoʻzgʻatishga asos boʻladigan miqdor ikki baravargacha oshirilishi mumkin
Oʻzbekistonda soliq toʻlamaganlik uchun tadbirkorga jinoyat ishi qoʻzgʻatishga asos boʻladigan miqdorni ikki baravargacha oshirish taklif qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Nukusda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatishga asos boʻladigan qonunbuzilish holatlari darajasi belgilanmaganini koʻrsatib oʻtdi. Oqibatda arzimagan kamchiliklar bilan ham tadbirkorlar faoliyatini toʻxtatib qoʻyish holatlari kuzatilmoqda.
Shu bois 1-noyabrga qadar aholining hayoti va sogʻligʻiga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi. Prezident reyestrda yoʻq mezon boʻyicha tadbirkor faoliyatini toʻxtatgan mansabdor javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi.
Tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni yanada liberallashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Masalan, soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, degan jinoyat turi bor. Bunda tadbirkor toʻlamagan soliq 100 million soʻmdan oshsa, jinoyatchi boʻlib qolmoqda. Shu bois soliq toʻlamaganlik uchun tadbirkorga jinoyat ishi qoʻzgʻatishga asos boʻladigan miqdorni ikki baravargacha oshirish taklif qilindi.
Prezident tadbirkorlar ushbu berilayotgan yengillikni, bildirilayotgan ishonchni suiisteʼmol qilmasligiga umid bildirdi.
Muloqotda qayd etilishicha, kredit oldi-berdisida bank ham, tadbirkor ham tavakkal qiladi, lekin amaliyotda bankning huquq va vakolatlari tadbirkorga nisbatan ancha koʻproq. Masalan, kredit vaqtida qaytmasa, garovga qoʻyilgan mulk shartnoma tuzilgan paytdagi qiymatida sotuvga chiqariladi.
3-4-yil oldin kredit olinganda 100 million soʻmga baholangan mulkning bugungi narxi 30-40 foiz qimmatlashsa, uni qanday qilib eski qiymatida sotish mumkin, deya savol qoʻydi prezident.
Toʻgʻri, muammoli kredit bilan qattiq shugʻullanish kerak, lekin bu tadbirkorni “tugatish” hisobidan boʻlmasligi zarur, dedi davlat rahbari.
Endilikda garovdagi mulkni savdoga chiqarishdan oldin uning hozirgi bozor qiymati aniqlanadigan, qaytmagan qarzdorlik garov qiymatining 15 foizidan kam boʻlsa undiruv mulkka qaratilmaydigan tizim yaratiladi. Bank mijoziga qarzni boshqa manba hisobidan qoplashga imkon beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring