Soliq idoralari mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi – DXX

Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qator qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Xususan, soliq organlarining ayrim mansabdor shaxslari moddiy manfaat evaziga “Barqarorlik reytingi” dasturidagi maʼlumotlarni soxtalashtirgan holda 18 ta xoʻjalik yurituvchi subyektga sunʼiy ravishda yuqori baholar berishgan. Bu esa ularning soliq xavfi darajasini tushirishga hamda qoʻshilgan qiymat soligʻining manfiy summalarini byudjetdan noqonuniy qaytarib olishga imkon yaratgan.
Tergov materiallariga koʻra, ushbu sxemalar natijasida davlat byudjetiga 82 milliard soʻm miqdorida zarar yetkazilgan. Bu holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (gʻalati yoʻl bilan mulkka egalik qilish) va 209-moddasi (mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Tergov doirasida yogʻoch importi bilan shugʻullanuvchi MCHJ hisobidan 5,5 milliard soʻm QQS manfiy summasining noqonuniy ravishda byudjetdan qaytarilganligi aniqlangan. Bu ishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining ikki nafar xodimi, MCHJ direktori va hisobchisi, shuningdek, kompaniyaning ikki nafar norasmiy rahbari gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilindi. Ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan tintuv-tergov harakatlari chogʻida gumonlanuvchilarga tegishli 16 ta obyektdan qator ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olindi. Xususan, 79 ming AQSH dollari, 161 million soʻm, 3 ta LI 9 rusumli elektromobil, 2 ta “Gentra”, 1 ta “Nexia 3” avtomashinasi, 1268 blok “TEREA” brendidagi elektron sigaret tayoqchalari, 27 ta elektron kalit, shuningdek, muhr, kompyuter va turli mobil telefonlar protsessual tartibda olib qoʻyildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring