“Soliq hamkor”: fuqarolarga 706,5 million soʻm mukofot toʻlandi

16:18 09 Iyun 2025 Jamiyat
126 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoroda “Soliq hamkor” tizimi orqali joriy yilning yanvar aprel oylarida soliq huquqbuzarliklari toʻgʻrisida 1113 ta murojaat kelib tushgan. Shu haqda xabar bergan fuqarolarga jami 706,5 million soʻm mukofot toʻlangan. Bundan tashqari, viloyatdagi isteʼmolchilar joriy yilning 29-may holatida 3,7 milliard soʻm keshbekka ega boʻldi. 200 dan ortiq kam taʼminlangan oilaga esa 12 foiz QQS (ijtimoiy keshbek) qaytarildi.

“Soliq maʼmurchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashning Buxoro viloyati soliq organlari faoliyatidagi natijalari” mavzuiga bagʻishlangan matbuot anjumanida ana shu alohida taʼkidlandi.

Matbuot anjumanida viloyat soliq boshqarmasi boshligʻi Dilshod Yoʻldoshev zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash orqali faoliyat samaradorligi va soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda tizimda inson omilisiz bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, dasturlarning oʻzi soliq toʻlovchilarning faoliyatini tahlil qilgan holda tadbirkorlarni “Barqarorlik reytingi” doirasida toifalarga boʻlyapti. Tadbirkorlik subyektlari haqidagi maʼlumotlar doimiy ravishda avtomatlashtirilgan tizim orqali tahlil qilinmoqda hamda ular faoliyati belgilangan mezonlarning har biri boʻyicha reyting tizimi asosida baholab borilyapti.

Bir soʻz bilan aytganda, barqarorlik reytingi bu tadbirkorning toʻgʻri va halol faoliyat yuritib, oʻz-oʻziga imkoniyat eshiklarini ochishi, koʻplab soliq imtiyozlaridan foydalanib, faoliyatini rivojlantirishi uchun xizmat qilmoqda. Zero, qonuniy faoliyat yuritgan tadbirkor doimo qonun va davlat himoyasidadir.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер