Sirdaryoda “Obinovvot” va “Joʻraqand” qovunlari qayta ishlanadi
Oʻtgan yili Xitoyning Fuszyan provinsiyasida joylashgan salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi “Pan Pan Foods” kompaniyasi laboratoriyasida Sirdaryo viloyatidan joʻnatilgan “Oq urugʻ”, “Obinovvot”, “Koʻkcha” va “Joʻraqand” navli qovunlarni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyatlari tahlil qilindi. Oʻrganishlar natijasida “Obinovvot” va “Joʻraqand” navlari eng maqbul deb topildi.
Mutaxassislar ushbu navlar tabiiyligi, tozaligi, xushboʻyligi va shirin taʼmi bilan ajralib turishini, hatto 85 darajagacha sovitilgan holda ham oʻz xususiyatlarini yoʻqotmasligini qayd etdi. Xitoylik ekspertlar xulosasiga koʻra, mazkur qovun navlarini bemalol sanoat usulida qayta ishlash mumkin.
Sirdaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning oʻtgan yil oktyabr oyida Xitoyga amalga oshirilgan xizmat safari davomida ham qovunni sanoat usulida qayta ishlash, undan turli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
— Hozirda tumanlarimizdan birida qovunni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona tashkil etish rejalashtirilmoqda, — deydi Sirdaryo viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Umidjon Almanov. — Bu borada “Pan Pan Foods” kompaniyasi bilan qiymati 25 million dollar boʻlgan investitsiya loyihasi yuzasidan kelishuvga erishildi. Ayni paytda ishlab chiqarish parametrlarini aniqlash boʻyicha yakuniy muzokaralar olib borilmoqda. Loyihani 2026–2027-yillarda amalga oshirish moʻljallangan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qovunni qayta ishlash yoʻlga qoʻyilishi dehqonlar daromadini sezilarli oshiradi. Qolaversa, sohani sifatli urugʻlik bilan taʼminlash va intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish orqali qovun yetishtiruvchilarning daromadi hozirgi koʻrsatkichga nisbatan kamida ikki barobarga oshishi kutilmoqda.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Oʻzbekistonga nechta davlatdan turistlar kelayotgani ochiqlandi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring