Shunchaki yozmoqqa koʻngil toʻlmaydi...
Shunchaki yozmoqqa koʻngil toʻlmaydi,
Shunchaki yozmoqqa bormaydi qoʻlim.
Shunchaki yozmoqqa chidab boʻlmaydi,
Shunchaki yozmoq, bu — shoirga oʻlim.
Ijodining ilk davrida, adabiyotga kirib kelayotgan pallasida bitgan bu misralar Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva uchun bir umr oltin qoidaga aylandi. Shunchaki yozmoqni emas, “shunchaki oʻylagisi”, “shunchaki kuylagisi” kelmaydigan shoira bu misralarni oʻzining shiori bilib, unga bir umr sodiq qoldi. Ijodkorning birinchi nashr etilgan kitobi — “Ilk muhabbat” toʻplamidan eng soʻnggi saylanmasigacha kuzatgan kishi bunga yana bir bor ishonch hosil qilishi, shubhasiz.
Ayrim shoirlar ijodida bir gullash davri boʻlib, keyin susayib qoladi. Halima Xudoyberdiyeva ijodini izchil oʻqigan odam undagi sheʼrdan sheʼrga oʻsib borishni his etadi.
Shoira sheʼrlaridagi chuqur mazmun oʻziga mos shaklda namoyon boʻladi. Qarang:
Onaginam!
...Olcha gulin koʻzlaringga surtasan behol:
“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.
Mazkur satrlarda oʻzbek ayolining tiynati zuhur topgan. Armonda, shukronalikda, ichki ruhiy yuksaklikda uygʻunlashib ketgan. “Onaginam” soʻzidagi ohanrabo butun sheʼr misralariga koʻchgan. “Onaginam”ni “Onajon” deb oʻzgartirib koʻringchi, mazmun saqlanib qolishi mumkin, lekin sheʼrning ohanggi, tarovati yoʻqoladi.
Ijodkor sheʼrlarining oʻziga xos tili, musiqiyligi, jarangi bor. Sanab aytadi, goh baxshiyona kuylaydi. Zargar olmosni tarashlab, jilosini namoyon qilganidek shoira soʻzlarni shunday oʻrnida qoʻllaydiki, soʻz tovlanib, yaraqlab ketadi.
Halima Xudoyberdiyeva his qilganini yayrab yozadigan shoira. Bu — Vatanga, millatga, insonga boʻlgan mehrdan terilgan marvarid satrlardir. Shu bois bitganlari muxlisi koʻngliga yetib borib, oʻchmas boʻlib oʻrnashib qoladi:
Qalbga eking. Qadim turk chinorlari tiklansin,
Qon-qardoshning chin doʻstu, chin yorlari tiklansin.
Har yurakda bir Turon minorlari tiklansin,
Ulugʻ mamlakatni koʻtaring!
Vatanga muhabbat qalbda boʻlsagina haqiqiydir. “Ey odamday qadimiy yurt, sen osmonning tengquri”, deya yurtini ulugʻlagan shoiraning Vatan haqidagi har bir misrasida adoqsiz muhabbat balqib turadi. Mehrga yoʻgʻrilgan satrlarni oʻqigan kitobxongada bu tuygʻu koʻchadi, muallifga kitobxon tomonidan mehr, izzat boʻlib qaytadi.
Halima opa yurtga sevgisini shunchaki kuylamaydi. Baland pardalarda, oʻz sheʼriy ovoziga mos, oqqushning soʻnggi qoʻshigʻidek nolali kuylaydi. U oʻzbekning togʻi haqida kuylasa, qor boʻlib ziynat beradi. Choʻli haqida kuylasa, buloq boʻlib tashna dillarni qondiradi. Mehrini misralarida oq olmalardek oqizib, armugʻon qiladi. Uning sheʼrlarida samimiyat bor, yasamalik yoʻq, tarona bor, yallamalik yoʻq. Bu shunday sheʼriyatki, shoira ayrim sheʼrlarini gohida nara tortib, gohida ingrab, dil ozurdaligidan silqib-silqib yozadi. Har qanday holatda toza dil bilan yozadi. “Ona elim”dagi misralarga boqing:
Ona elim doʻstinga doʻstu
Dushmaninga xavfu xatarman.
Jilgʻalarday chuldirab oʻsdim,
Ildizingdan kelgan xabarman.
“Milliy vijdon koʻtarsin”, “Ozodlikni berib keting”, “Hurriyat toji”, “Vatan jim turadi”, “Turkiston tomonlarda”, “Turk dunyosini oʻnglovchilar”, “Bayroqni bermasdan”, “Vatan deb” singari, umuman, vatanparvarlik mavzusidagi sheʼrlarida mana shunday shiddatli, koʻtarinki ruh ustuvor.
Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlarida Turon mardlari tulporlarining tuyoq tovushini eshitib, nozboʻyning iforini ham tuyish mumkin. Chunki uning sheʼrlarida millat ruhi toʻlqinlari mavj uradi.
Insondagi millatsevarlik tugʻma boʻlsa kerak. Uni sunʼiy yaratib boʻlmaydi. Halima Xudoyberdiyeva mana shunday Xudo koʻngliga millat, insoniyat dardini solgan shoiralardan edi. “Gunoh” sheʼridagi ikki misradagi ijtimoiy yukni, masʼuliyatni koʻring:
Yerda Inson koʻzga olar ekan yosh,
Hali biz yuvmagan ayb bu, zamondosh.
Halima Xudoyberdiyeva oʻzbekning oriyatini satrlarga koʻchirib, yigitlarni orli boʻlishga undasa, ayolning nafisligini taʼriflab, goʻzallik qadrini oshiradi. Ayolning yoriga boʻlgan suyumli iltijoni Halima opagina “Begim, Sizni Xudoyim raso qilib yaratgan”, deya bir misraga joylay oladi. “Yolgʻiz ayol xati”, “Onam ketib boryapti”, “Onalar haqida”, “Ayol monologi”, “Toʻmarisning aytgani”, “Ayol oʻtib borar”, “Muqaddas ayol” kabi sheʼrlarining har birini nozik xilqat vakillariga qoʻyilgan sheʼriy haykal deyish mumkin.
Sen daryosan, oʻpganini qirgʻoq yashirar,
Juftim boʻl, — deb chopganini har toq yashirar,
Jannatim, — deb quvonmasdan qumloq yashirar,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Ayolning muqaddasligi uning qalbi bilan bogʻliq. “Ich-ichida yoʻlbars oʻkirib, Sirtdan mayin jilmaygan ayol” siymosini Halima opa soʻzlar-la tiniq chizadi.
Ijodkorning shaxsi bilan asarlari chambarchas bogʻliq. Yuragida dovi boʻlmagan botirlik haqida yozsa, koʻngildagidek chiqmaydi. Yoki goʻzallikni his qilmay turib, gul yaprogʻidagi shabnam haqida yozsa, nafosat sezilmaydi. Halima Xudoyberdiyeva ich-ichidan his qilganini yozgani uchun ham bitiklari taʼsirli. U qalbni uygʻotuvchi qoʻngʻiroq boʻlib xalq yuragini junbushga keltirishni istamasa, “Men Turonning qadim qoʻngʻirogʻimen, Jarang bersam qir-dalasi uygʻonar” satrlari tugʻilmasdi.
Halima Xudoyberdiyeva hayot zarbalaridan tugʻilgan nadomatga qarshi, adolat tugʻini baland koʻtarib zalvarli soʻz aytadi. Uning lirik qahramoni qismat zarbalariga qarshi shunchaki bosh egguvchi emas. Uning qalbidagi olov, dovqurlik bunga yoʻl qoʻymaydi. U dardini sheʼrga solib, dardni yengadigan shoiralardan.
Odamning dunyoqarashi keng boʻlsa, koʻngli ham keng boʻladi. Uning sheʼriyat dunyosida qizgʻaldoqning nafisligi bilan uyasini himoya qilayotgan ona sherning jasorati bor. Hazrat Yassaviy, Amir Temurdek ajdodlardan “Suv uzatar tomirim...» deya farxlanish bor. Ayni paytda “Koʻngli yarim odam haqida sheʼr” ham yozadi. Mana, shoira qalbi.
Men Halima opa sheʼrlarini samimiyat balqib turgan tabassumli asarlar degim keladi. Negaki, tabassumli inson suhbatdoshi koʻngliga oʻtirishgandek shoira sheʼrlari ham kitobxon koʻngliga oʻtirishadi. U armonlarini tabassum-la ayta oladigan shoira.
Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlaridan beadoq kashfiyotlar topasiz. “Baʼzida gul hasratlardan ortiq yashnab ketmogʻini” Halima opagina tasvirlay oladi. Xalq shoira sheʼrlarini suyganidan uning satrlari ogʻizdan-ogʻizga koʻchaverib, hikmatli iboralarga aylanib ketgan: “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”, “ Har gap oʻtsa mendan oʻtdi, Sizda gunoh yoʻq, begim”, “alvonlanib boraman”, “oq doʻst”, “lolazorga aylangum”, “koʻnglimning ming sinigʻi”, “alvon qoʻshiq”, “Turon qoʻngʻirogʻi”, “erkka toʻyin”, “Yiqilgan bayroqdek koʻtarilaman” va hokazo.
Shoir kim degan savolga koʻplar oʻzicha javob yozishgan. Bularning ichida eng goʻzallaridan biri Halima Xudoyberdiyevaning “Demakki, sen shoirsan” sheʼridir. Adabiyotimizda shoir obrazini bu darajada ochib bergan sheʼr kam. Choʻgʻ bosib ham, qoʻrdayam, toʻrdayam, shoʻrdayam hayqirolgan shoirgina shu nomga munosib.
Nafaqat
Zar, zoʻrlarni,
Uzsang, toʻsin, toʻrlarni
Chayqaltirsang, goʻrlarni,
Goʻrdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan!
Shoira sheʼrlari magʻzi toʻq satrlarga, badiiy sanʼatlarga, teran mazmunga egaligi bilan ajralib turadi. Ularning har biri haqida uzoq mulohaza yuritish, ijodi toʻgʻrisida esa jild-jild kitoblar yozsa arziydi.
Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlarini mavzu koʻlami va ularning yaratilgan davri jihatdan tasniflash, turkumlash mumkin. Bu shoira asarlaridagi rang-baranglikni yana bir bor koʻrsatadi. Chunki Halima opa ijodidagi yovqurlik, ruhiy gʻalayon, ayol qalbining nozik tomonlarini teran ifodalash, millatning jonkuyar farzandi sifatida uni yana mukammal koʻrish orzusi bu ranginlikka jilo beradi.
Halima Xudoyberdiyeva sheʼrni hech kimga oʻxshamagan tarzda, oʻziga xos oʻqirdi. Bu hamma shoirlarning ham qoʻlidan kelavermaydi. Uning ovozi sheʼriyatimiz osmonida beqiyos qoʻngʻiroq sadosi boʻlib yangragandi, shunday boʻlib qolaveradi. Soʻzni, ohangni his qilish, soʻz tarovatini tuyishning hosilasi bu.
Halima Xudoyberdiyeva ijodkor sifatida “Oʻzarman, yozarman kelguncha soʻng on”, “Shoir yashay bilmas tilini tishlab, Koʻrib, koʻrmaslikka solib oʻzini” ahdiga sodiq qoldi.
Nazari oʻtkir shoira elning dil birligini istardi. “Ovoz pardalarim chidab bersa bas”, degan shoira niyatiga yetdi: oʻz qarashlarini yuksak pardalarda kuylay oldi. Shoiraning “Men oʻlsamda, hislarim ila, Sezgim qolsin odamlar aro” satrlari xuddi bashorat boʻlib, u jisman boʻlmasada, hamisha xalq qalbidadir.
Elni suyganni el ham suyadi. Ardoqlaganni ardoqlaydi. Mamlakatimizda Halima Xudoyberdiyeva xotirasiga ehtirom ramzi sifatida Guliston shahrida haykal oʻrnatilgani, shoira nomidagi ijod maktabi faoliyat yuritayotgani mana shu ardoqning bir koʻrinishidir.
Halima Xudoyberdiyevaning ulugʻligi uning unvoni millatning shoiri boʻlganidir. Demak, millat bor ekan, shoira ham barhayotdir.
Adhambek ALIMBEKOV,
adabiyotshunos olim, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring