Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

21:58 16 Iyun 2025 Siyosat
358 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda izchil oshgan investitsiyaviy jozibadorlik tufayli poytaxtimizda bunyodkorlik surʼati jadal. Koʻp qavatli uy-joylar, mehmonxonalar, biznes markazlari, madaniyat va sport majmualari shahar imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Yangi Toshkent qurilishi ham boshlanib, ikkisi zamonaviy megapolisga aylanmoqda.

Uzoq yillar xizmat qiladigan bunday ishlarda, albatta, sifat juda muhim. 13-may kuni shu masala boʻyicha yigʻilish oʻtkazilgan edi. Davlatimiz rahbari qurilishda sifat va xavfsizlik birinchi oʻrinda ekanini taʼkidlab, bu yoʻnalishlarni ilmiy rivojlantirish, sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar bergandi.

Bugungi taqdimotda shu borada bajarilgan ishlar haqida axborot berildi. Topshiriqqa binoan, yangi loyihalashtirilayotgan koʻp qavatli binolarning xavfsizlik talablariga mosligi qayta oʻrganib chiqilgan. “OʻzGASHKLITI”, Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, sanitariya-epidemiologiya kabi 10 ga yaqin tashkilotning ilmiy-texnik xulosalari olingan. Yangi talabga koʻra, koʻp qavatli binolarning zilzilaga bardoshliligi 9 balldan kam boʻlmaydi. Har bir shunday loyiha boʻyicha yigʻma xulosalar qilinadi.

Osmonoʻpar inshootlar, yangi majmualar koʻpaygani sari ularga barqaror elektr energiyasi ham zarur. Shu bois Chilonzor tumanida 160 megavattli yangi podstansiya qurilishi rejalashtirilgan. Bu orqali shu hududdagi boʻlajak loyihalar uchun qoʻshimcha quvvat paydo boʻladi, hozirgi tarmoqlarga yuklama tushmaydi.

Shuningdek, ushbu tumanda 20 ming metr kub sigʻimga ega suv rezervuari barpo etilishi moʻljallangan. Natijada Shayxontoxur, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ichimlik suvi taʼminoti uzluksizligi taʼminlanadi. Kuniga qariyb 8 ming kilovatt soat elektr tejaladi.

Toshkent shahri koʻplab ishbilarmonlik tadbirlari, forum va koʻrgazmalarga mezbonlik qilmoqda. Shunday joylardan biri Central Asian Expo Uzbekistan – CAEx majmuasi. Xalqaro anjumanlar doirasida turli uchrashuvlar ham oʻtkazilishini inobatga olib, bu yerda muzokara zallari qurilishi koʻzda tutilgan.

Shahar jozibadorligining yana bir muhim omili – qulay jamoat transporti. Poytaxtimizda ham avtobus, ham metropoliten yoʻnalishlari izchil kengaytirib borilmoqda.

Avval xabar qilinganidek, metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Buni 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchi bosqichda Chilonzor yoʻlining Pushkin bekatidan Toshkent halqa yoʻligacha yer yuzasi boʻylab metro yoʻli quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasining shoh bekatigacha yerosti yoʻli barpo etiladi.

Shuningdek, transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida mazkur temir yoʻlni Toshkent halqa yoʻli ostidan oʻtkazish nazarda tutilmoqda. Yerosti yoʻnalishi ham koʻchadagi harakatni toʻxtatmagan holda quriladi. Bu yangi metro yoʻli 85 ming yoʻlovchini qamrab olishi kutilmoqda.

Bu sohadagi yana bir istiqbolli loyiha – Yangi Toshkent shahriga metro yoʻlidir. U hozirgi “Doʻstlik” metro bekatidan boshlanib, yangi markazgacha boradi. Uzunligi 21 kilometr, 9 ta bekatdan iborat boʻlishi kutilayotgan bu metro kuniga 230 minggacha yoʻlovchilarni qamrab ololadi.

Taqdimotda ushbu loyihalarning texnik-iqtisodiy jihatlari koʻrib chiqildi. Davlatimiz rahbari qurilish sifati va madaniyatini oshirish, odamlarga qulay sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?