Shavkat Mirziyoyev tashrifni Qarshi shahridagi “Alp texno servis” elektrotexnika korxonasi bilan tanishuvdan boshladi

11:39 19 Iyun 2025 Siyosat
143 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar soha va tarmoqlarda oʻz natijalarini bermoqda. Butun respublikada texnologik “sakrash” kuzatilmoqda. Xususan, joriy yilning besh oyida sanoat 6,4 foiz oʻsgan, bu sohada eksport 6 milliard dollardan oshgan.

Bunda Qashqadaryo sanoatining hissasi katta. Qarshi shahridagi “Alp texno servis” shunday eksportchi korxonalardan biri. Qiymati 10 million dollar boʻlgan mazkur loyiha elektr texnikasi yoʻnalishida global yetkazib berish zanjirida oʻrin topgan. Korxona xorijiy “TSL”, “HOFFMANN” brendlari uchun buyurtmalar tayyorlab bermoqda. Shuningdek, mahalliy SMART brendiga asos solingan. Shu nomlar ostida yiliga 500 ming donagacha televizor va elektron platalar ishlab chiqarilmoqda.

Mahsulotlar yuqori texnologik, sifati va dizayni bozor talabiga mos. Shu bois 70 foiz tovarlar eksportga yoʻnaltirilmoqda. Oʻtgan yili 2 million dollardan ziyod eksport qilingan. Bu yilgi reja 10 million dollar.

Davlatimiz rahbari bu tarmoqni yanada rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.

- Bu sohada tajriba orttirdik, tashqi bozorga yoʻl topdik. Endi bu korxonani kengaytirish kerak. Odamzot bor ekan, bunday mahsulotlarga talab boʻladi. Faqat sifat va nomenklatura boʻyicha oʻsish, raqobatbardosh boʻlish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir muhim vazifa - mahalliylashtirish. Hozir korxonada bu koʻrsatkich 50 foizdan oshgan. Kelgusida 20 million dollarlik yana 4 ta loyihani amalga oshirib, changyutgich, elektr choynak, havo sovutgich, ventilyator ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bularning natijasida yiliga 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Korxonada 200 kishi ish bilan taʼminlangan. Qarshi davlat texnika universiteti bilan dual taʼlim yoʻlga qoʻyilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?