Shavkat Mirziyoyev Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi boshlanishiga bagʻishlangan marosim ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi

15:38 27 Dekabr 2024 Siyosat
357 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi boshlanishiga bagʻishlangan marosim ishtirokchilariga murojaati:

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Avvalo, siz, azizlarni Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston yangi magistral temir yoʻli qurilishi boshlanishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bundan yarim yil oldin mazkur strategik transmintaqaviy loyihani amalga oshirish boʻyicha birinchi toʻlaqonli bitim imzolangan edi. Oʻtgan qisqa davrda texnik hujjatlarni tayyorlash ishlari yakunlandi. Bugun esa biz bevosita qurilish ishlariga start bermoqdamiz.

Bu doʻst mamlakatlarimiz salkam 30-yil davomida intilib kelgan tom maʼnodagi tarixiy voqeadir.

Sizlarning ishtirokingizda xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yangi transport arteriyasi yaratilmoqda. U Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan qisqa yer usti yoʻli orqali bogʻlaydi, davlatlarimizning koʻp qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat – ushbu loyiha hamkorlikda barqaror rivojlanish va farovonlik yoʻlida koʻplab mamlakatlarni birlashtirib kelayotgan “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi ezgu maqsadlarga toʻliq mos keladi.

Shu munosabat bilan hurmatli hamkasblarim – Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Nurgʻojoyevich Japarov janoblariga loyihani ilgari surish borasidagi shaxsiy hissalari va faol saʼy-harakatlari uchun yana bir bor minnatdorlik izhor etaman.

Hurmatli marosim ishtirokchilari!

Yangi temir yoʻl qurilishi mamlakatlarimiz iqtisodiyoti va bepoyon mintaqamiz uchun katta samara berishini alohida qayd etishni istardim.

Infratuzilma sohasidagi ushbu yirik loyiha ilgʻor muhandislik, innovatsiya va raqamli yechimlar asosidagi keng kooperatsiyani, yuqori ekologik standartlarga amal qilishni nazarda tutadi.

Koshgʻar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yoʻnalishi boʻyicha 20 ta stansiya, 42 ta koʻprik, 25 ta tonnel barpo etiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar quriladi.

Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu magistral yoʻlning ishga tushirilishi mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini bir necha barobar koʻpaytirish, transport xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, Markaziy Osiyoning ulkan tranzit salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Quyidagi muhim raqamlarga ham eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Ushbu yoʻl orqali yiliga 15 million tonna yuk tashiladi. Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berish masofasi va muddati bir necha ming kilometr va deyarli bir haftaga qisqaradi. Yoʻlovchilarni muntazam tashishni yoʻlga qoʻyish imkoniyati paydo boʻladi.

Kelgusida ushbu temir yoʻl liniyasi Transafgʻon yoʻlagi bilan tutashib, Xitoy, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi transport-kommunikatsiya tarmoqlarini samarali birlashtirish va kuchaytirishga imkon yaratadi.

Bundan, hech shubhasiz, barcha mamlakatlar iqtisodiy foyda koʻradi. Yuzlab yangi korxonalar va oʻn minglab ish oʻrinlari yaratiladi.

Albatta, mazkur loyiha Buyuk ipak yoʻlining qayta tiklanishiga, madaniy-gumanitar almashuvlar rivojiga, xalqlarimizning yanada yaqinlashuviga xizmat qiladi.

Qadrli doʻstlar!

Oʻzbekiston mavjud texnik va intellektual resurslarni toʻliq ishga solgan holda, bugun boshlanayotgan qurilishning barcha bosqichlarida faol ishtirok etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Ishonchim komil, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli ushbu temir yoʻl tarmogʻi bizning mustahkam doʻstligimiz, sheriklik va taraqqiyotimizning yana bir yorqin timsoliga aylanadi.

Fursatdan foydalanib, ushbu strategik loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan barcha quruvchi va muhandislarni, ishchi va mutaxassislarni kirib kelayotgan yangi – 2025-yil bilan chin dildan tabriklayman. Sizlarga sihat-salomatlik, katta yutuq va omadlar tilayman.

Bugun sizlarning bunyodkor saʼy-harakatlaringiz bilan boshlanayotgan ulkan loyiha mamlakatlarimiz va mintaqamizning umumiy kelajagi va ravnaqi uchun xizmat qilsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер