Shavkat Mirziyoyev avgustda Belarusga rasmiy tashrif bilan boradi

12:08 19 Iyun 2019 Siyosat
1337 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev avgustda Belarusga rasmiy tashrif buyuradi, deb xabar berdi Belarus Vazirlar Kengashi matbuot xizmati.

Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi 17-19-iyun kunlari boʻlajak tashrif kun tartibini tayyorlash maqsadida Belarusga boʻladi.

Belarus hukumati Oʻzbekiston bilan sanoat kooperatsiyasidan manfaatdor va texnika ishlab chiqarish sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishni taklif etyapti. Bu haqda ushbu mamlakat bosh vaziri oʻrinbosari Vladimir Dvornik yaqinda Minsk shahrida boʻlib oʻtgan Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Belarus hukumatlararo qoʻshma komissiyasining navbatdagi yigʻilishida taʼkidladi.

“Agrosanoat kompleksi, mashinasozlik, oziq-ovqat va farmatsevtika tarmoqlari, yengil sanoat hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi. Sanoat kooperatsiyasi, qoʻshma korxonalar tuzishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekistonda yuk, maxsus va tirkamali texnikalar, gaz motorli avtobuslar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni taklif etmoqdamiz. Minsk avtomobil zavodi yuqori darajada mahalliylashtirilgan shu kabi ishlab chiqarishlarni tashkil etishda qatnashishga tayyor”, - deya qayd etib oʻtdi u.

Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik haqida gap ketganda, Oʻzbekiston tomoni mablagʻlari hisobiga Belarus loyiha va qurilish tashkilotlarini jalb etish, asbob-uskunalari, belorus seleksiyasidagi yirik shoxli chorva mollarini yetkazib kelish hisobiga mamlakatda sut-tovar majmualarini tashkil qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shu yil aprel oyida Toshkent viloyatida “Zdravushka Tashkent“ qoʻshma korxonasi ochilgan edi. Binobarin, ushbu loyiha boʻyicha ming boshga moʻljallangan sutni qayta ishlash zavodi va sut-tovar majmuasini qurish rejalashtirilmoqda.

V.Dvornikning fikricha, belorus korxonalari ishtirokida Oʻzbekiston gaz yetkazib berish va gaz taqsimoti tarmoqlarini avtomatlashtirish boʻyicha loyiha yirik voqeaga aylanishi mumkin.

Oʻz navbatida AKT sohasida, jumladan, oʻzbekistonlik abituriyentlarni IT-yoʻnalishida Belarusda oʻqishini tashkil etish boʻyicha takliflar ham bildirildi.

Belarus Oʻzbekistonga qishloq xoʻjaligi, yoʻl-qurilish, kommunal va maxsus texnikalar, kon agʻdarma mashinalari, yogʻochni qayta ishlash, neft-kimyo, farmatsevtika, tibbiyot texnikalari, oziq-ovqat mahsulotlari, zotdor chorva mollari yetkazib berilishini kengaytirishga tayyor.

Vladimir Dvornik Oʻzbekistondan sifatli mahsulotlar, birinchi navbatda, sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, paxta tolasi, mis simlari va boshqa tovarlarni import qilishdan manfaatdor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер