Shamol qanotidagi qoraoʻzak
Qoraoʻzak tumani nafaqat Qoraqalpogʻistonning, balki jonajon Oʻzbekistonning eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda doim kuchli shamol esib turadi. Tabiatning bu neʼmati energiya manbaiga aylanib, har bir xonadonga umid, ishonch va qulaylik olib kirmoqda. Ayniqsa, “Nukus-1” shamol elektr stansiyasi ishga tushirilganidan aholi juda minnatdor. Qoraqalpoqlarda “Ulusning ulugʻ kuni” degan ibora bor. Aholi shu kunni intizor kutib, yangi imkoniyatlar va barqaror kelajakka ishonch bilan qaray boshladi. Endi Qoraoʻzakning shamoli shunchaki tabiat hodisasi emas, balki yangi imkoniyatlar va rivojlanish yoʻlini ochuvchi ulkan imkoniyatdir.
– Qoraoʻzakdagi shamol stansiyasi Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi ishtirokidagi yirik loyihaning birinchi bosqichidir, – deydi stansiya direktori Sardorbek Mahmudov. – Ikkinchi bosqichda Beruniy tumanida 26 ta turbina oʻrnatilib, 100 MVt quvvatga ega energiyani saqlash tizimi barpo etiladi. Bu loyihani kelasi yil sentyabrda ishga tushirish rejalashtirilgan. Qoʻngʻirot tumanida esa 1,5 GVt quvvatga ega ulkan shamol stansiyasi loyihasi ustida ishlanmoqda. Mutaxassislarning 80 foizi — mahalliy yoshlar.
Bunday yirik loyihani amalga oshirishdan avval yillar davomida Qoraoʻzakning shamol tezligi, havo oqimlarining oʻrtacha yoʻnalishi va ekologik sharoitlar atroflicha oʻrganildi. Shu tadqiqotlar natijasi hududning shamol energetikasi uchun eng qulay joy ekanini aniqlandi. Loyihaning umumiy qiymati 107 million dollar, quvvati 100 megavatt boʻlib, unda har biri 6,5 MVt quvvatga ega 16 ta zamonaviy shamol turbinasi qad rostladi. Bu turbinalar yil davomida taxminan 350 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Hozirda toʻliq quvvatda ishga tushirildi.

– Tumanimizda “Nukus-1” shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgani hazilakam ish emas, – deydi shamol elektr stansiyasi energetigi Timur Seyitnazarov. – Koʻplar shamoldan elektr olish gʻoyasiga shubha bilan qaragandi. Hozir bu loyiha amalda oʻzini toʻliq oqlamoqda. Har bir turbinadan chiqadigan energiya, har bir megavatt quvvatimiz nafaqat Qoraoʻzakning, balki butun mamlakatning energetik mustaqilligiga hissa qoʻshyapti.
Sir emaski, butun dunyoda sanoat rivojlanishi maʼlum darajada tabiatga salbiy taʼsir koʻrsatib kelmoqda. Bugun yurtimizdagi ekologik vaziyatdan kelib chiqib, sanoat korxonalarining atrof-muhitga taʼsirini minimallashtirish choralari davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Qoraoʻzakdagi shamol elektr stansiyasi qurilishi va ishlash jarayonida hududning flora va faunasiga alohida eʼtibor berildi. Loyiha ishlab chiqarishdan avval ham atrof-muhitni himoya qilish tadqiqotlari oʻtkazilib, barcha texnologiyalar ekologik standartlarga muvofiq tanlandi.
– Qurilishdan oldin hududning flora va faunasi sinchiklab oʻrganilib, 240 ga yaqin Oʻrta Osiyo toshbaqasi maxsus konsultantlar nazoratida 2,5 km uzoqlikka koʻchirildi, – deydi tajribali ekolog Anvar Atamuratov. – Qushlar xavfsizligi uchun AQSHdan 6 mingta maxsus jihoz olib kelinib, yuqori kuchlanishli liniyalarga oʻrnatildi. Stansiya ishga tushirilishi natijasida 100 million kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga chiqadigan 180 ming tonna karbonat angidrid gazi chiqindilarining tarqalishi kamayadi. Bu nafaqat mintaqaning ekologik barqarorligi, balki energetika samaradorligini ham taʼminlaydi. Agarda bu stansiya ishlab chiqaradigan energiyani xonadonlar misolida aytadigan boʻlsak 140 ming xonadonni elektr bilan taʼminlash quvvatiga ega ekan. Bu –bizning Qoraoʻzak tumanidagidek 12 ta tuman xonadonlari sarflaydigan energiyani ishlab chiqaradi, deganidir.

Eʼtiborlisi, bu energiya endilikda qancha kichik-biznes loyihalarini energiya bilan taʼminlashini hisobga olsak, xalqimiz uchun qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi yanada yaqqol koʻrinadi.
– Oldinlari bu yerda faqat tosh va hak kabi qurilish materiallari chiqarilardi, – deydi nuroniy Qidirniyoz Dosnazarov. – Hozirda granit, temir, mis va oltin qazib olinib, qayta ishlanmoqda. Ishga tushirilayotgan shamol stansiyasi katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu energiya nafaqat xonadonlarni, balki koʻplab kichik biznes va ijtimoiy loyihalarni ham amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Qoraoʻzak kengliklari nafaqat tabiat boyligi, balki inson mehnati va zamonaviy texnologiyalarning uygʻunligiga aylanmoqda. Har bir shamol parchasi bu hududda yangi gʻoyalarga, sanoat va iqtisodiy rivojlanishga ilhom bagʻishlaydi. Endi bu shamol qanotida kelgan nur nafaqat Qoraqalpogʻistonga, balki butun yurtimiz boʻylab yorugʻlik ulashmoqda.
Gʻayrat OTAJONOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring