Shaffoflik korrupsiyaning kushandasi

17:11 18 Dekabr 2025 Jamiyat
284 0

Navoiyda hakamlik sudi raisi va kotib oʻzaro til biriktirib, qariyb 1 mlrd soʻmni oʻzlariga gonorar va ragʻbatlantirish sifatida yozib, oʻzlashtirgan. Ushbu jinoiy harakatlarni amalga oshirishda ular bir qator hujjatlarni soxtalashtirib, ularga qonuniy tus bergan.

Joriy yilning avgust oyida aniqlangan mazkur jinoyat Navoiy viloyatida Aksilkorrupsiya oyligi doirasida Respublika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan Yevropa Ittifoqining (YEI) moliyaviy koʻmagi hamda Oliy Majlis Senati hamkorligida oʻtkazilgan seminar- trening pre-testining bosh mavzusi boʻldi.

“Ushbu jinoyatning qanday oldini olish mumkin edi”, “Qanday xulosalar chiqarish lozim”? Pre-testda ishtirok etgan Navoiy viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hududiy kengashi aʼzolari hamda Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasining Navoiydagi vakili ushbu savollarga javob berib, oʻz takliflarini himoya qildilar.

  • Dunyoda korrupsiya muammosidan holi mamlakatni uchratish mushkul. Ushbu illat har qanday jamiyatda davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlariga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, taraqqiyot barqarorligiga tahdid solib turadi, — deydi seminar treneri yuridik fanlar falsafa doktori Dilafroʻz Sufiyeva. — Shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishining oldini olish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Bevosita yuqoridagi misolga toʻxtaladigan boʻlsak, u qonunchilik va meʼyoriy hujjat hamda nizomlarimizdagi nomuvofiqliklar tufayli sodir boʻlgan.
  • Taʼkidlash joiz, Respublika Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida mamlakatimizda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va bunda profilaktika tadbirlari samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
  • Korrupsiyaga qarshi kurashishda muvaffaqiyatga erishgan davlatlar tajribasidan maʼlumki, ushbu illatning kushandasi jamoatchilik nazorati hisoblanadi, — deydi media ekspert Beruniy Alimov. – Albatta, jamoatchilik nazorati va fikri OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar blogerlari faoliyati orqali shakllanadi. Bunda jurnalist surishtiruvining oʻrni muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga maʼlumot va axborotlardan foydalanishda xolislik, mavzuni yoritishda axloq meʼyorlariga qatʼiy rioya etish kabi oʻta nozik nuqtalar borki, buni puxta bilmagan jurnalist turli huquqiy noxushliklarga roʻbaroʻ kelishi mumkin.
  • Ikki kun davom etgan seminar-treningda ijro organlari faoliyati va ish yurituvi shaffofligini taʼminlash, chiqarilayotgan qarorlarni keng jamoatchilik toʻgʻridan toʻgʻri kuzatib borishi imkoniyatini yanada kengaytirish boʻyicha bir qator takliflar bildirildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?