Senat qoʻmitasida “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi

21:36 09 Dekabr 2025 Siyosat
303 0

Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi majlisida “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi Qonun qoʻmita aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, kelgusi yil Davlat byudjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va ijtimoiy soha maqsadlariga ustuvorlik berilgan holda, Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi yoki 220,1 trln soʻmi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilmoqda.

Shuningdek, Qonunda 2026-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln soʻm, xarajatlar esa 567,6 trln soʻm miqdorida shakllantirilgan. Bunda konsolidatsiyalashgan bydjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutilgan.

Kelgusi yilda qishloq xoʻjaligiga 3,4 trln soʻm, suv xoʻjaligiga qariyb 10 trln soʻm hamda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilishga 908,6 mlrd soʻm ajratilayotgani alohida qayd etildi.

Qonun bilan nasos stansiyalarida energiya tejamkor uskunalarni oʻrnatish tadbirlariga sarflanadigan xarajatlar uchun 65 mlrd soʻm hamda qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 250 mlrd subsidiya ajratilishi nazarda tutilmoqda. Bu oʻz navbatida kelgusi yilda suv resurslaridan oqilona foydalanishga hamda yoʻqotishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Qonunda yer maydonlarini yangidan oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritish boʻyicha irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish xarajatlari uchun 50 mlrd soʻm ajratilishi nazarda tutilmoqda.

Taʼkidlanganidek, ushbu Qonun qishloq va suv xoʻjaligi hamda ekologiya sohalarida ustuvor etib belgilagan vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal qilish hamda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama ragʻbatlantirishga, teng va adolatli raqobat muhitini yaratishga qaratilgan.

Muhokama yakuni boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?