“Samolyot mashmashasi” — Tramp “sovgʻa” deydi, Qatar esa rad etmoqda. Aslida nima boʻlgandi?

AQSH prezidenti Donald Tramp Qatar unga “Uchar qasr” sovgʻa qilayotgani haqida gapirib chiqqan edi. Qatar tomoni esa buni rad etmoqda? Xoʻsh aslida nima boʻlgan? CNN vaziyatdan xabardor toʻrt manba bilan suhbatlashdi.
Ularning yakdil aytishicha, Tramp maʼmuriyati Qatardan “Boeing 747-800” samolyotini olish boʻyicha dastlab oʻzi soʻragan. Bu esa Trampning Qatar uni “sovgʻa” sifatida taklif qilgani haqidagi daʼvosiga zid keladi.
“Tramp shu yilning yanvar oyida prezidentlik lavozimiga kirishgach, AQSH mudofaa vazirligi «Boeing” samolyotsozlik konserniga eskirgan prezident samolyotini almashtirish rejasini aytgan. Biroq kompaniya prezident uchun moʻljallangan yangi samolyotni tayyorlashga yana ikki yil kerakligini bildirgan», — deydi manbalar.
Ammo Tramp maʼmuriyati yangi samolyotga tezroq ega boʻlishni xohladi va havo kuchlari buni amalga oshirishning turli variantlarini oʻrganib chiqdi. “Shu bilan birga, Tramp oʻzining Yaqin Sharq boʻyicha maxsus vakili Stiv Uitkoffga tegishli samolyotlar roʻyxatini tuzishni topshirdi”, — deydi CNN telekanaliga Oq uyning yuqori martabali mulozimi.
“AQSH mudofaa vazirligining kompaniya bilan dastlabki aloqalari ortidan, «Boeing” butun dunyo boʻylab oʻsha vaqtda foydalanishda boʻlgan “Boeing 747-800” samolyotlariga ega boʻlgan boshqa mijozlar roʻyxatini taqdim etdi», deydi uchinchi manba.
“Va Qatar mijozlardan biri edi. AQSH mudofaa vazirligi samolyotni sotib olishni taklif qilgan va Qatar uni sotishga tayyorligini bildirgan”, deydi munozaralardan xabardor ikkinchi manba.
Uchinchi manba esa dastlabki suhbatlar samolyotni sotib olish emas, balki ijaraga olish haqida boʻlganini eslatgan.
Ammo Tramp bu holatni Qatar qirollik oilasidan “sovgʻa” yoki “xayriya” sifatida taqdim etilgan, deb taʼriflab kelmoqda. U oʻzining “Truth Social” platformasida bu samolyotni “BEPUL BERILGAN SOVGʻA” deb atagan. Tramp bu samolyotni vaqtinchalik foydalanish uchun olishini, keyinchalik uni oʻz prezidentlik kutubxonasiga topshirishini aytgan, biroq u samolyotda oʻzi uchmasligini bildirgan.
Ushbu maʼlumotlar Trampning Yaqin Sharq safari vaqtida paydo boʻlgan siyosiy bahs-munozaralar markazida boʻldi. Demokratlar va Trampni odatda qoʻllab-quvvatlaydigan ayrim Respublikachilar bu kelishuvga axloqiy jihatdan qarshi chiqishdi. Shu bilan birga, Qatar ham bosim ostida qoldi; demokrat kongressmenlar ushbu bitim sababli Qatar bilan qurol bitimlarini toʻxtatishni talab qilishmoqda.
Tramp “Fox News”ga bergan intervyusida “Boeing” samolyotlari kechikib tayyorlanayotgani, bu borada Qatar yordam taklif qilganini aytgan.
Shu yilning fevral oyida Tramp ushbu samolyotni Floridadagi Mara-Lago kurorti yaqinidagi Palm Beach aeroportida koʻzdan kechirgandi. CNNning xabar berishicha, Oq uy rahbari samolyotning ichki bezaklaridan hayratlangan.
CNN Oq uy, Qatar elchixonasi va “Boeing” vakillaridan ushbu jarayon boʻyicha izoh soʻragan. Oq uy va Doha vakillari agar samolyot topshiriladigan boʻlsa, bu Qatar Mudofaa vazirligi va AQSH Mudofaa vazirligi oʻrtasida qonuniy bitim doirasida boʻlishini taʼkidlagan.
Toʻrt manbaning soʻzlariga koʻra, bitim hali ham huquqshunoslar tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
“Oʻsha ilk muhokamalardan bugungacha bu ish hali yuridik shaxslar qoʻlida. Hech qanday yakuniy qaror qabul qilingani yoʻq”, — deydi ikkinchi manba.
Samolyot narxi 400 million dollar atrofida baholangan, ammo ikki manbaning taʼkidlashicha, uning qiymati allaqachon pasaygan.
Dushanba kuni Oq uy matbuot kotibi Karolin Leavitt Qatar qirollik oilasining bu samolyotni AQSH havo kuchlariga “xayriya” tarzida taklif qilganini aytib, bunday yordam “barcha yuridik va axloqiy majburiyatlarga muvofiq tarzda” qabul qilinishini bildirdi.
Tramp esa “Men bunday taklifni rad etadigan odam emasman. Buni yaxshilik sifatida qabul qildim. Bunday taklifni qabul qilmagan odam ahmoq boʻlardi”, dedi Yaqin Sharq safari chogʻida.
Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon bin Jassim Al-Sani CNN muxbiri Beki Anderson bilan suhbatda Trampning daʼvosini tasdiqlamadi. “Bu hech qanday shaxsiy masala emas. Shunchaki hukumatlararo muzokara”, — dedi u.
Shuningdek, u “Hozirda Qatar Mudofaa vazirligi bilan AQSH Mudofaa vazirligi oʻrtasida «Boeing 747-800” samolyotlaridan birini “Air Force One” (Birinchi raqamli bort) sifatida topshirish masalasi yuridik jihatdan koʻrib chiqilayotganini, agar samolyot AQSHga zarur boʻlsa va barchasi qonuniy hal etilsa, biz yordam berishga tayyormiz», — dedi.
Qonuniy va axloqiy muammolardan tashqari, boshqa mamlakatdan olingan ikkinchi qoʻl samolyotga maxsus xavfsizlik va aloqa tizimlarini oʻrnatish juda murakkab hamda qimmatga tushadigan ish hisoblanadi.
CNN maʼlumotlariga koʻra, bu jarayon ikki yilga choʻzilishi va bu vaqt mobaynida samolyot narxi ham koʻtarilishi mumkin. AQSH razvedka va xavfsizlik agentliklari samolyotni butunlay demontaj qilib, qaytadan maxsus uskunalar bilan jihozlashi kerak boʻladi.
Hozirda Air Force One oʻrnini bosadigan ikkita yangi “Boeing 747-800” samolyotlari 2027-yilda topshirilishi rejalashtirilgan. Bu Tramp prezidentlik muddatining ikkinchi yarmiga toʻgʻri keladi.
AQSH Havo kuchlari rahbari Darlin Kostelloning aytishicha, bu dastlabki rejalashtirilgan muddatdan besh yil kechikkanligiga qaramay, “Boeing”ning eng yaqin prognozidan ikki yil oldinroq tayyor boʻladi degani.
“Bu ishning bunchalik choʻzilganidan xursand emasman. Bunday kechikishni kechirib boʻlmaydi”, — degan Tramp bu haqda jurnalistlarga. Shu oʻrinda u “Foydalanilgan samolyotni sotib olib, uni moslashtirish ham mumkin. Shu sababli boshqa variantlarni ham koʻrib chiqyapmiz”, — deya qoʻshimcha qilgandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring