Samarqandda birinchi turistik bekat oʻz faoliyatini boshladi
Samarqand shahrining temiryoʻl vokzali yaqinida yurtimizdagi birinchi “turizm bekati” tashkil qilindi.
Bekat ichki turizmni yana-da rivojlantirish, erkin sayyohlarga qulaylik yaratish, sayyohlarning oqimini koʻpaytirish, fuqarolarimiz hamda mehmonlarning belgilangan turizm manzillariga qulay, xavfsiz hamda yuqori sifatli servis koʻrsatilgan holda yetib borishlariga xizmat qiladi.
Turizm bekatiga turistik firmalarning avtobuslari, mikroavtobus va yengil avtomashinalari doimiy jalb etiladi hamda belgilangan, qatʼiy grafik asosida harakatlanadi.
Shuningdek, bu yerda axborot markazi ham tashkil etilgan. Ushbu markazda mehmonlarga turistik dasturlar toʻgʻrisida, tegishli litsenziyaga ega sayyohlik firmalarining transport vositalari, malakali gid-tarjimonlar, shuningdek mehmonxona va ovqatlanish shoxobchalari boʻyicha bepul maʼlumot beriladi. Sayyohlar bevosita transport vositalariga, gid-tarjimonlarga, mehmonxona va ovqatlanish shoxobchalariga shu yerning oʻzida buyurtma berishlari, ulardan foydalanishlari mumkin. Yaʼni, turistik bekatdan xohlagan fuqaro yoki sayyoh Samarqand va respublikaning boshqa hududlari boʻylab sayohatga chiqishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bekatning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov, viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Nurullayevlar ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, joriy yilda Samarqandda 3 ta mana shunday bekatlarning faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilangan.
— Shahrimizda yana ikkita turistik bekat tashkil qilinadi, — deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti direktori D. Narziqulov. — Birinchi turistik bekat asosan xorijiy sayyohlar hamda respublikamizning boshqa hududlaridan kelgan sayyohlarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Mahalliy sayyohlarga xizmat koʻrsatishi belgilangan turistik bekat Amir Temur maqbarasi atrofida joylashadi. Uchinchi turistik bekat Mirzo Ulugʻbek rasadxonasida hududida boʻladi. Ayni paytda ushbu bekatlarni tashkil qilish boʻyicha talabgorlarning takliflari oʻrganilmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring