Samarqandda 16 million tup daraxt ko‘chatlari ekiladi
Foto: “Xalq so‘zi”
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublikamizning barcha hududlarida ko‘chat ekish va bog‘lar tashkil etish ishlari qizg‘in pallaga kirdi.
Ushbu loyiha doirasida Samarqand viloyatidagi barcha tuman va shahar hokimliklari, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbar va xodimlari, aholi vakillari, taʼlim muassasalari jamoalari tomonidan hududlarda ko‘chat ekish ishlari boshlab yuborilgan.
Jumladan, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi va tizim xodimlari ham bu ezgu tashabbusda faollik ko‘rsatishmoqda. Taʼkidlash kerakki, boshqarma, davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYO bo‘limlari tomonidan shu kungacha jami 1140 tup ko‘chatlar ekildi. Ayniqsa, boshqarma tashabbusi bilan Samarqand shahrining Motrid mahallasidagi qarovsiz maydon chiqindilardan tozalanib, obodonlashtirilgani, bu yerga 100 tup manzarali va 150 tup mevali daraxt ko‘chatlari qadalgani eʼtiborlidir.
- Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan ezgu tashabbus nafaqat biz, balki kelajak avlod uchun ham muhim, - deydi Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Qurbonov. - Unda faol ishtirok etish ham fuqarolik, ham insoniylik burchimiz hisoblanadi. Kelgusida Motriddagi bu maskanda qo‘shimcha bunyodkorlik ishlari olib borilib, kichik tamaddixona, bog‘ hududida o‘rindiqlar, bolalar va sport maydonchalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Motrid mahallasi oqsoqollarining taʼkidlashicha, ushbu bog‘ga “Yangi O‘zbekiston bog‘i” nomi beriladi. Shuningdek, bog‘ hududi bosqichma-bosqich kengaytirilib, fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.
Samarqand tumani shaharning yashil belbog‘i hisoblanadi. Tuman xalq taʼlimi bo‘limi xodimlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumandagi 54 ta maktabning bo‘sh turgan maydonlarida ko‘chat ekmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, maktablarda 15,5 gektarga yaqin bo‘sh maydon bor. Shu maydonlarga 13,5 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish mumkin.
Tumanning Yuqori Turkman mahallasida joylashgan 1-maktab hududi 1 gektarni tashkil etadi va muassasaning bo‘sh turgan maydonida daraxt ekish ishlari davom etmoqda.
- Hozirgacha maktabimizda 6 sotixlik yashil maydonimiz bor edi, - deydi maktab direktori Dildora Shukurova. - Hisoblab ko‘rsak, maktabning sport maydonchasi atrofiga anchagina daraxt ekish imkoni bor. Suv yo‘lini hisobga olib, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekyapmiz.
Dekabr oyining birinchi o‘n kunligigacha davom etadigan ko‘chat ekish ishlari Paxtachi tumanida ham faol olib borilmoqda.
- M-37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” xalqaro yo‘lining tumanimiz hududidan o‘tgan 30 kilometr qismida 10 ming tup ko‘chat ekishni rejalashtirganmiz, - deydi “Samarqandyo‘lqurilish” unitar korxonasi tuman uchastka boshlig‘i Abduhamid Iskandarov. - Hozirda kuniga 250-300 tupdan archa, qarag‘ay va sadaqayrag‘och kabi manzarali daraxt ko‘chatlari ekyapmiz.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqand viloyati bo‘yicha 16 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ramazon va tibbiy yondashuv: kimlar ehtiyot boʻlishi kerak?
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring