Samarqand HET boshqaruvi Turkiya kompaniyasiga oʻtadi

13:13 05 Dekabr 2025 Siyosat
163 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Aholiga qulay shart-sharoit yaratish uchun “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va boshqa hududlarda 800 mingdan ortiq xonadonli, energiya tejamkor koʻp qavatli uy-joylar barpo etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida aytib oʻtdi.

“Albatta, biz erishgan natijalarimiz bilan toʻxtab qolmaymiz. Kelgusi 5 yilda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar hisobidan minglab sanoat va infratuzilma obyektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratamiz”, dedi Prezidentimiz.

IT, sunʼiy intellekt va “buyumlar interneti” kabi yangi yoʻnalishlardagi kompaniyalarga jozibador muhit yaratish uchun zamonaviy super kompyuter klasteri va data-markazlar soni koʻpaytiriladi.

Ayni paytda Saudiyaning “Data-volt” kompaniyasi 3 milliard dollarlik investitsiya hisobiga 500 megavattli data-markaz qurish boʻyicha ishlarni boshlagan. Bunday keng koʻlamli ishlar elektr energiyasiga boʻlgan talab va ehtiyojni kamida 1,5 barobarga oshiradi.

Shu bois, davlatimiz rahbari yaqin kelajakdagi rejalarga qisqacha toʻxtalib oʻtdi.

Prezidentimiz elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030-yilgacha qoʻshimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini ishga tushirish muhimligini taʼkidladi.

Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi.

Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida 3 milliard 300 million dollar boʻlgan 3,5 ming megavattli “yashil” quvvatlarga start berilayotgani bu yoʻldagi katta qadam boʻladi.

Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bogʻlash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi.

Xususan, kelgusi yilning oʻzida 1 ming kilometr tarmoqlar oʻtkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qoʻshimcha quvvatlar yaratiladi.

“Biz elektr energiyasi generatsiyasi yoʻnalishidagi islohotlarimiz natijasida sohaga xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etishda katta tajriba orttirdik.

Joriy yildan nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni isteʼmolchilarga yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini qoʻllashni boshladik”, dedi Prezidentimiz.

Xususan, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish boʻyicha Turkiyaning “Aksa elektrik” kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgani maʼlum qilindi.

Ushbu kompaniya loyiha doirasida tarmoqni operatsion boshqaruvga olib, investitsiya kiritadi, tarmoqlarni modernizatsiya qiladi, yoʻqotishlarni bosqichma-bosqich 2 barobarga kamaytiradi. Natijada har yili oʻrtacha 20 million dollar tejaladi.

Shunday tajriba asosida kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?