Samarali diplomatiya maktabi

12:10 21 Yanvar 2026 Siyosat
153 0

Prezidentimizning tashqi aloqalarga doir tashabbuslari tufayli Oʻzbekiston xalqaro siyosatning yangicha modelini yaratmoqda

Ayni vaqtda dunyoda misli koʻrilmagan tebranishlar yuz bermoqda. Yaqindagina oʻzgarmas va goʻyo kelgusi oʻnyilliklar uchun ham kafolatlangandek boʻlib tuyulgan qoidalar endi boshqacha tus olmoqda. Mojaro hamda qarama-qarshiliklar esa kibertahdid va noaniqliklar sabab kuchayib boryapti. Davlatlar bunday mavhumlikni texnologiyalarning shiddat bilan oʻsishi, sunʼiy intellektning toʻlqinli ravishda joriy etilishi misolida his qilmoqda. Mahsulot yetkazib berish zanjirlari uzilyapti, ilgari samarali ishlab turgan transport yoʻlaklaridan foydalanib boʻlmay qoldi. Global iqtisodiyot esa borgan sari “domino effekti”ga duch kelib, mahalliy miqyosdagi inqirozlar birdan xalqaro inqirozga aylanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida bugungi kunda dunyoda yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan oʻzgarishlar sodir boʻlayotganini, davlatlar oʻrtasida iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali bir vaziyat yuzaga kelganini alohida qayd etib oʻtgani bejiz emas.

Bunday yangi voqelik fonida hatto eng yuqori xalqaro minbarlardan ham xavotirli xabarlar yangramoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyodagi yetakchilarni qattiq tanqid qilib, ular xalqaro huquqni qoʻpol ravishda buzgan holda xalqaro hamkorlikni ajal yoqasiga olib kelayotganini aytdi. Bosh kotib oʻzining yillik hisobotida 2026-yilga moʻljallangan ustuvorliklar haqida gapirar ekan, aniq bir davlatlarni sanab oʻtmagan boʻlsa-da, dunyo “geosiyosiy boʻlinishlar va xalqaro huquqning misli koʻrilmagan buzilishi” tufayli parchalanayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, xalqaro hamjihatlik har qachongidan ham zarur boʻlgan bir sharoitda davlatlar hamkorlikka va unga sarmoya kiritishga tayyor emasligini namoyon etmoqda.

Shunday sharoitda eng yirik xalqaro tashkilotlarning roli ham sezilarli darajada pasaydi. Ulardagi taʼsir vositalari zamonaviy tahdidlarning oldini olish va ularga oʻz vaqtida eʼtibor qaratishga ojizlik qilmoqda. Davlatlarning tinchligi omonat boʻlib qoldi. Yangiliklar tasmasida koʻrsatilganidek, koʻchalardagi tartibsizliklar esa deyarli ob-havo maʼlumotiga oʻxshaydi. Dunyo xaritasida barqarorlik va taraqqiyot hukm surayotgan mintaqani topishning oʻzi amrimahol boʻlib qoldi. Bunday manzarani kuzatgan odamlarda dunyo goʻyoki aqldan ozgandek taassurot uygʻotmoqda.

Insoniyatga donishmandlik, chidam va oʻzini qoʻlga olish qobiliyati, toʻgʻri soʻzni aytish va undan ham muhimi — suhbatdoshini tinglash, oʻz manfaatlarini ilgari surishda boshqalarga ziyon yetkazmaslik singari xislatlar yetishmay qoldimi deb oʻylab qolasan, kishi. Robotlar va kosmik texnologiyalar davrida siyosatchilar, “taqdirni hal qiluvchilar” goʻyo teng sharoitlarda hamda oʻzaro manfaatli muloqot olib borish, boshqalar fikrini ham hurmat qilish, kelishuvchanlikka tayyor boʻlish kabi qadriyatlarni unutib qoʻyishgandek.

Bebaho hissa

Aynan ana shunday tashvishli, qarama-qarshiliklar sharoitida bizning mamlakatimiz global hamjamiyatning eʼtiborini tobora koʻproq oʻziga jalb etmoqda. Maʼlumki, jahonda turli davlatlarning tarixi, geografiyasi, iqtisodiyoti va siyosiy madaniyatini aks ettiruvchi diplomatiya maktablari yuzaga kelgan va ular tan olingan. Bular — ingliz, nemis, fransuz, xitoy, rus, yapon, amerika, turk maktablari va boshqalardir. Ayni paytda esa keyingi toʻqqiz yilda shakllangan Markaziy Osiyo diplomatiya maktabi haqida gapirish vaqti keldi. Agar uning eng asosiy shartli tamoyilini aytmoqchi boʻlsak, u shunday ibora shaklida boʻlishi mumkin: “Hamma bilan doʻstlik — hech kimga tobe boʻlmaslik”. Uning bosh tashabbuskori, gʻoyaviy ilhomchisi va siyosiy meʼmori, haqli ravishda, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdir.

Keyingi yillarda global siyosatda u yoki bu yetakchi nechta qurolli toʻqnashuvni toʻxtatishga erishganini sanash urfga kirmoqda. Agar mana shu mantiqqa asoslanadigan boʻlsak, hech shubha yoʻqki, Prezidentimiz Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida tez-tez yuz berib turgan toʻqnashuvlarni toʻxtatib, ularning yarashib olishiga hal qiluvchi hissa qoʻshdi. Mabodo, ahvol shunday davom etaverganida, u nimaga olib kelishi mumkinligini tasavvur qilmay qoʻyaqolgan yaxshi edi.

Yaqinda qoʻshni davlat Prezidenti Sadir Japarov oʻzining faoliyati haqidagi filmda Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishdagi roli toʻgʻrisida batafsil soʻzlab berdi. Uning eslashicha, 2021-yil aprelida qirgʻiz — tojik chegarasida boʻlgan toʻqnashuvdan soʻng oʻzining yaqin doirasidagi mansabdorlar, xususan — Milliy xavfsizlik qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyevning qarshiligiga qaramay, Emomali Rahmon bilan Dushanbeda muzokara oʻtkazgan. Lekin oʻn soat davom etgan muzokara ham hech qanday natija bermagan.

Ana shunday samarasiz muzokaralardan keyin, Qirgʻiziston oʻz armiyasini kuchaytira boshladi, Turkiyadan uchuvchisiz apparatlar ham sotib oldi. 2022-yili navbatdagi toʻqnashuvdan keyin maʼlum boʻldiki, ikki davlatning armiyalari bir xil, teng kuchga ega ekan. Vaziyat shunday qaltis holatga keldiki, unda butun mintaqa uchun oʻta xavfli, oqibatini oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan hodisalar yuz berishi mumkin edi.

Sadir Japarov Tojikiston bilan kelishuvga erishishda Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta boʻlganini aytib oʻtdi. U eʼtirof etganidek, Oʻzbekiston Prezidenti har ikki qoʻshni mamlakat rahbarlarini vaqtni oʻtkazmasdan oʻzaro kelishuvga rozi boʻlishga undadi.

Shunga oʻxshash bahoni Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev ham berdi. U Shavkat Mirziyoyevni Markaziy Osiyo davlatlarini bir-biriga yaqinlashtiruvchi rahbarlardan biri, deb atadi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev doim qirgʻizlar va tojiklar oʻzaro kelishib olishi, chegaradagi toʻqnashuvlarni toʻxtatishi kerakligini, agar mojaro davom etaversa, bizlarga birorta sarmoyador ham, sayyoh ham kelmasligini aytardi, — dedi Qirgʻiziston TIV rahbari. U Oʻzbekiston rahbarining qoʻshni Tojikiston bilan koʻp yillar davom etayotgan chegara masalasidagi bahslarni hal etishdagi rolini taʼkidlar ekan, Shavkat Mirziyoyev mintaqa xavfsizligi, barqarorligi yoʻlida oʻzaro kelishuv sari borishni taklif qilganini aytib oʻtdi.

Barchamiz yaxshi eslaymiz, 2025-yil martida Xoʻjand shahrida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Shavkat Mirziyoyevning tinchlikparvar saʼy-harakatlari tufayli Sadir Japarov va Emomali Rahmon ikki mamlakat oʻrtasidagi Davlat chegarasi toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladi. Ular orasidagi chegarada 2021-yildan buyon yopiq boʻlib turgan ikkita nazorat-oʻtkazish punktining faoliyati tiklandi. Bishkek bilan Dushanbe va Xoʻjand orasidagi aviatashuvlar ham yana yoʻlga qoʻyildi. Oʻsha oyning oʻzida, uch davlat rahbarlarining Xoʻjand shahridagi uchrashuvida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston oʻrtasida uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisida uch tomonlama shartnoma imzolandi. Chegaralar kesishgan joyda yetakchilar tomonidan Doʻstlik stelasi tantanali ravishda ochildi.

Marosimda Shavkat Mirziyoyev mazkur shartnoma barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga, butun mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Qachondir bizni ajratib turgan chegaralar endi doʻstlik va hamkorlik koʻprigiga aylanishi aytildi. Bu soʻzlar mintaqaviy siyosatda yangi davr boshlanganini anglatadi — shunday davrki, unda xaritadagi chiziqlar ajratuvchi emas, balki manfaatlarni birlashtiruvchi chiziq boʻladi.

Ayni paytda xalqaro ekspertlar tomonidan Markaziy Osiyo sifat jihat­dan yangi transformatsiyani boshidan kechirayotgani toʻgʻrisida aytilmoqda. Va bu bejiz emas: “Maslahat uchrashuvlari mintaqani oʻzgartirmoqda — u avvalgi tarqoqlikdan yagona siyosiy-iqtisodiy makonga aylanmoqda”, deb yozadi Belgiyaning “EUReflect” nashri. Taʼkidlanishicha, 2018-yildan buyon muntazam oʻtkazilib kelinayotgan davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlik arxitekturasini tom maʼnoda qaytadan ishga tushirdi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yildayoq taklif etilgan ushbu format tashabbusdan mintaqadagi kuchlar balansini oʻzgartiruvchi mexanizmga aylandi.

Soʻnggi yetti yilning asosiy natijasi shundaki, mintaqa bir necha oʻn yillar davomida ilk bor yagona siyosiy va iqtisodiy makon sifatida harakat qilishni boshladi. Ilgari mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar koʻpincha muammoli va qarama-qarshi kechgan boʻlsa, endi birinchi oʻringa ishonch, pragmatizm va umumiy manfaatlar chiqdi. Bunday oʻzgarish Markaziy Osiyoning ichki barqarorligini kuchaytirdi va tashqi sheriklar — yirik davlatlar va xalqaro tashkilotlar oldida uning qadr-qimmatini koʻtardi. Mintaqa mamlakatlari endi beshta alohida davlat emas, balki oʻz kun tartibini belgilaydigan va uni xalqaro maydonda himoya qila oladigan geosiyosiy tuzilma sifatida koʻrilmoqda.

Muloqotning institutsionallashuvi shunga olib keldiki, sammitlar endi tarqoq uchrashuvlardan barqaror siyosiy institutga aylandi va unda xavfsizlik, savdo, energetika, suv zaxiralari kabi qator masalalar boʻyicha yondashuvlar kelishib olinadi. Shunga mos ravishda prezidentlar oʻrtasidagi munosabatlar boʻyicha ham yangi daraja shakllanmoqda, bu esa — hukumatdan ekspert doiralariga qadar barcha darajadagi hamkorlikni rivojlantirishga turtki beradi. Ishonchning mustahkamlanishi mintaqaviy xavf-xatarlarni kamaytirdi, natijada investitsiya­viy jozibadorlik oshib, mintaqa ichidagi savdo-sotiq oʻsmoqda. Xususan, endilikda qoʻshma loyihalar sari yuzlanish yanada yaqqol aks etmoqda. Bunda energetika koridorlari, transport, “yashil” energetika va iqlim boʻyicha dasturlar rivojlanishiga yoʻl ochilmoqda.

Shu maʼnoda, 2025-yildagi sammit keskin burilish yasadi. Ozarbayjonning rasman bu formatga toʻlaqonli aʼzo sifatida qoʻshilishi uni yanada kengaytirdi va strategik ahamiyatining oshishiga xizmat qildi — endi mazkur format Markaziy Osiyo bilan chegaralanmaydi. Bu esa mintaqaning transport va energetik salohiyatini kuchaytirdi, Kaspiy dengizi orqali chiqadigan yoʻnalishlarni kengaytirdi va uning Yevroosiyodagi taʼsir doirasini mustahkamladi.

Proaktiv yondashuv

Jahon tarixida shunday davrlar boʻlganki, sarmoyadorlar oʻz mablagʻini yoʻnaltirish uchun munosib mamlakatlarni izlashgan. Kapitalizmning “oltin asri”da ham shunday boʻlgan, ke­yinroq esa — Buyuk depressiyadan oldingi davrda ham: boʻsh pul mablagʻlarini samarali sarflash imkoniyatini qidirishgan. Shunga oʻxshash davrlar keyin ham uchragan, faqat qisqaroq muddatga moʻljallangan. Lekin 2008-yilda, jahon miqyosidagi moliyaviy inqiroz davrida xavf-xatarlar juda kuchaydi. Undan soʻng esa koronavirus pandemiyasi va Coviddan keyingi yillar kompaniyalarni, biznesni boshqacha mantiqqa oʻrgatdi, yaʼni bu sharoit yanada ehtiyotkorroq boʻlishga, asoslangan xulosalar chiqarishga, hissiyotga berilmaslik va hisob-kitobni juda puxta olib borishga odatlantirdi. Boshqacha aytganda, hozir sarmoyalarni jalb qilish uchun nafaqat jozibador boʻlish, balki ishonchni qozona olish ham kerak.

Hech shubhasiz, Oʻzbekiston diplomatiyasi ana shunday yangi sharoitlarni hisobga oladi. U tobora koʻproq yutuqlar va maqtov qogʻozlarni toʻplashga emas, sarmoyaning sifati, undan kutilayotgan natijaga qaratiladi. Birinchi navbatda, tashqi siyosat yutuqlari toʻgʻridan-toʻgʻri fuqarolar hayotini yaxshilash imkonini berishi lozim. Aynan shuning uchun ham Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosatga tegishli tashabbus va saʼy-harakatlariga nisbatan koʻp hollarda “proaktiv” degan tushuncha qoʻllanilmoqda. Proaktiv yondashuv muammo va imkoniyatlarni oldindan koʻra bilishdir, u — voqea-hodisalarni kutib oʻtirish yoki yuzaga kelib boʻlgan xavflarga munosabat bildirishdan farqli oʻlaroq maqsadga erishish uchun mustaqil ravishda harakat qilish, degani. Zamonaviy dunyoda aynan shu yoʻl bilan taraqqiyot uchun juda zarur boʻlgan sarmoyalarni, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga kerak boʻladigan yangi eksport bozorlarini topish mumkin. Shuningdek, busiz transport yoʻlaklariga chiqish ham qiyin. Sarmoyalar boʻlmasa, mamlakat, albatta, savdodan uzilib qoladi. Chetda, izolyatsiyada qolish esa xalqaro siyosatda juda qimmatga tushadi.

Ochiqlik siyosatini, pragmatik diplomatiyani davom ettirish haqidagi tezis Prezidentimiz raisligida yaqinda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida aniq-ravshan belgilab berildi. Bu yigʻilish Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimizning faoliyatiga tegishli masalalarga bagʻishlandi. Davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv jahonda keskin geosiyosiy oʻzgarishlar boʻlayotgan, davlatlar suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab bir paytda oʻtayotganini qayd etdi. Shu munosabat bilan bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini yangicha tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari qayd qilganidek, tashqi siyosat borasida 2025-yil koʻp jihatdan natijador boʻldi. Yil davomida 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, yangi tariximizda ilk bor qator davlatlar rahbarlarining Oʻzbekistonga tashriflari uyushtirildi. “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi koʻp tomonlama muloqotlar sermahsul boʻldi. Soʻnggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi, Qozogʻiston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi.

— Ochiq, pragmatik, puxta oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib bormoqda, — dedi Prezidentimiz.

2017-yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonalari ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa oʻrnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetdi. Elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari hamda Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining ish haqi oshirilgani qayd etildi. Ushbu tadbirlar tashqi siyosiy infratuzilmani tizimli qayta qurish elementlari boʻldi.

— Shavkat Mirziyoyev siyosati yangi imkoniyatlarni ochuvchi aniq yoʻnalishlarga asosan qurilmoqda: xalqaro aloqalar geografiyasi muttasil oʻsib bormoqda, ularning mazmuni esa chuqur va amaliy tus olmoqda. Shu fonda Markaziy Osiyo asta-sekin “chekka hudud” boʻlishdan toʻxtab, transport, energetika va investitsiyalar sohasida nufuzi ortib borayotgan Yevroosiyoning mustaqil boʻlagiga aylanib bormoqda. Aynan Oʻzbekiston bugungi kunda mintaqani yangi energiya va maʼno bilan toʻldirgan holda ushbu jarayonga jadal surʼat bermoqda, — deb hisoblaydi Anqara inqirozlar va siyosat tadqiqotlari markazi rahbari, professor Mehmet Seyfettin Erol.

Zamonaviy dunyoda diplomatiya biznesga yoʻl ochadi. U esa keyinchalik mablagʻni iqtisodiyotga yoʻnaltiradi, ish oʻrinlari yaratadi, soliq toʻlaydi va texnologiyalar keltiradi. Davlatimiz rahbari xorijiy safarlari davomida biznes-forumlarda ishtirok etishga, shuningdek, ishbilarmon doiralar, moliyaviy muassasalar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazishga alohida eʼtibor berishi bejiz emas. Tashqi siyosatning iqtisodiyotga tegishli qismi endi ikkinchi darajali emas. U tashqi siyosatning yadrosiga aylandi.

Videoselektor yigʻilishida aytilganidek, elchilar uchun ular faoliyat yuritayotgan davlatlardan eksport tushumlari, turistlar oqimi hamda ushbu mamlakatlarga qonuniy mehnat migratsiyasi samaradorlik mezoni boʻlishi lozim. Iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiya hajmini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Hech shubha yoʻqki, Oʻzbekiston yetakchisi — bu ishni qanday yoʻlga qoʻyishda oʻrnak koʻrsatadigan inson. Keyingi paytlarda davlatimiz rahbarining tajribasini boshqa mamlakatlarga yoyish haqidagi chaqiriqlar boʻlmoqda.

— Aytmoqchimanki, butun dunyo Prezident Shavkat Mirziyoyevdan sarmoyalarni qanday jalb qilish va investorlar bilan ishlashni oʻrganishi kerak. Bu nafaqat energetikaga, balki mamlakat iqtisodiyotining barcha sohalariga tegishli, — degan edi “AKWA Power” kompaniyasi boshqaruvi hamraisi, Oʻzbekistonda energetika loyihalarini amalga oshiruvchi Saudiya arabistonilik investor va tadbirkor Muhammad Abunayyan.

Uning fikricha, investorlar Oʻzbekiston rahbariga muvaffaqiyatli faoliyat yuritishga sharoit yaratib bergani hamda ishchanlik muhiti uchun minnatdorlik bildirishi kerak. Yana u oʻzbekistonliklarni islohotlar va keng koʻlamli yangilanish uchun faxrlanishga daʼvat etdi. Negaki, har qaysi mamlakat va uning yetakchisi ham bunday keng koʻlamli yangilanishni taʼminlashga qodir emas.

— Men tez-tez xorijda boʻlaman va doim Oʻzbekistonni misol qilib keltiraman. Albatta, bu mamlakatga borishga, u yerda yaratilgan investitsion muhit bilan tanishishga chaqiraman, — dedi u.

Tashqi siyosat sohasidagi faollik sezilarli natijalar berdi. 2025-yilda ikki tomonlama va koʻp tomonlama tadbirlar doirasida Oʻzbekiston bilan umumiy summasi 160 milliard dollarga teng boʻlgan investitsiyaviy loyihalar va savdo shartnomalari boʻyicha kelishuvlar imzolandi. Tarixda ilk bor tashqi savdo aylanmasi 80 mlrd. dollardan oshdi, eksport 33,5 mlrd. dollarga yetdi, xorijiy investitsiyalar hajmi 43 mlrd. dollardan ziyod boʻldi. 75 ta davlatga qilingan eksport deyarli 4,5 mlrd. dollarga koʻpaydi. Bu koʻrsatkichlar tashqi siyosat qanday qilib iqtisodiy taraqqiyot bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq holda ishlashini namoyon etib turibdi.

Ishonch va hurmatga asoslangan muloqot

Albatta, hali qilinadigan ishlar kam emas. Shu nuqtayi nazardan, elchilarga Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo va Afrika davlatlari yoʻnalishlarida eksportni kengaytirish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, kimyo, toʻqimachilik, issiqxona va xizmatlar sohalarida aniq loyihalar bilan ishlash vazifalari qoʻyildi. Yangi istiqbolli eksport yoʻnalishi sifatida Afrika qitʼasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish zarur.

— Hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi — investitsiya va texnologiya olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yoʻlaklarini ishga soladigan, turistlar oqimini koʻpaytirib, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir, — dedi Prezidentimiz.

Elchixonalar va konsulliklar fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishda faol boʻlishi, har bir holat boʻyicha malakali yuridik yordam koʻrsatishi shartligi taʼkidlandi. “Kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, joylarda ishlash, vatandoshlar bilan bevosita muloqotga kirishish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Yaponiya va Singapurdagi elchilar bilan birgalikda dunyodagi “TOP — 100”talikka kiruvchi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarini Oʻzbekiston oliygohlariga hamkor sifatida jalb etish boʻyicha aniq choralar koʻrish zarurligi taʼkidlandi.

Shu tufayli tashqi siyosat yanada aniqroq gumanitar va taʼlimiy koʻrinishga ega boʻladi, busiz esa uzoq muddatli rivojlanish haqida gapirishning imkoni yoʻq.

Prezidentimiz aniq yoʻnalishlar haqida soʻzlar ekan:

— Endi yangicha ruhda ishlaydigan, aniq natijalarga erishayotgan, Oʻzbekiston manfaatlarini xalqaro miqyosda qatʼiy himoya qiladigan diplomatlar davri keldi, — deb aytdi.

Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi saʼy-harakatlari va yutuqlari xorijdagi tahliliy chiqishlarda ham eʼtirof etilmoqda.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda 2016-yildan buyon olib borilayotgan transformatsiya jarayoni koʻp tomonlama xususiyati, faolligi, tinchliksevarligi, oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangani va ochiqligi bilan ajralib turadi. Koʻp vektorli diplomatiya va iqtisodiy diplomatiya Oʻzbekistonni xalqaro maydonda namunali davlatga aylantirdi. Sayyohlik va madaniyat tufayli Oʻzbekiston tamaddunlararo muloqotga faol xizmat qiladi, shuningdek, oʻzining pozitsiyasini global hamkorlik va tinchlik yoʻlida platforma sifatida mustahkamlaydi, — deb yozildi Pokistondagi “The Gulf Observer i The Europe Today” nashrining “Oʻzbekistondagi transformatsiyalarning oʻn yilligi” sarlavhali maqolasida.

Ekspertlar fikricha, oʻtgan yil Oʻzbekistonning tashqi siyosiy pozitsiyasini mustahkamlash yili boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida bu davlat ochiq, pragmatik, faol va tashabbuskorona tashqi siyosat olib bordi. Hamma Markaziy Osiyodagi muhim oʻzgarishlarning guvohi boʻldi. Xususan, bu — Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida tinchlik shartnomasining imzolanishi boʻlib, unda Oʻzbekiston asosiy vositachi sifatida katta rol oʻynadi.

Pokiston OAVda qayd etilganidek, mamlakatimiz butun dunyo boʻylab sheriklik aloqalarini shakllantirgan holda yuqori darajada samarali tashqi siyosatni rivojlantira boshladi. Bugun Oʻzbekiston AQSH, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Yaqin Sharq va dunyoning koʻplab davlatlari diqqat markazida. Ushbu barcha aktorlar Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirishga intilyapti, chunki mamlakat global inqirozlar avj olayotgan zamonda ishonchli sherik sifatida namoyon boʻlmoqda.

Oʻzbekistonda yuz berayotgan oʻzgarishlar, ayniqsa, hozirgi global xavotir va turbulentlik sharoitida ham ajralib turibdi. Dunyo kuch ishlatish, ultimatum va sanksiyalar qoʻyish kabi voqeliklar bilan toʻlib-toshgan bir paytda bizning davlatimiz muloqot, ishonch va pragmatizmga asoslanmoqda. Baʼzi davlatlarda xalqaro hamkorlik eskirgan usul, deb eʼlon qilinayotgan bir paytda Oʻzbekiston oʻzining mustaqillikni hurmat qilish, oʻzaro manfaatlarni hisobga olish va barqaror taraqqiyotga erishish kabi tanlovlarga asoslangan holda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda.

Balki shakllanib borayotgan oʻzbek diplomatiyasining eng asosiy qadriyati ham shundadir. Bu diplomatiya shuni namoyon etmoqdaki, hatto global tebranishlar, texnologik sakrashlar va geosiyosiy parchalanishlar davrida ham bir tamoyil hamisha talabgir va samarali boʻlib qoladi — u ham boʻlsa, oʻz davlating manfaatlari yoʻlida muloqotni yoʻlga qoʻyish mahoratidir.

Dunyo bugun juda murakkab davrni boshdan kechirmoqda. U tobora murosasiz va xavfli boʻlib bormoqda. Xalqaro hamkorlik chuqur tanazzulga yuz tutgan. Oʻzbekiston esa, aksincha, unga oʻz mintaqasida hayotbaxshlikni qaytarmoqda. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston va davlatimiz yetakchisining diplomatiyani vayronkorlik emas, balki yaratuvchanlik vositasiga aylantirish tajribasi dunyo mamlakatlari va tarix uchun ibrat maktabiga aylanmoqda.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер