Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi navbatda muzokaralar boʻlib oʻtdi. Tomonlar qanday kelishuvga erishdi?

00:17 03 Iyun 2025 Dunyo
311 0

Foto: РИА Новости

Turkiyaning Istanbul shahrida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari oʻrtasidagi muzokaralarning ikkinchi bosqichi boʻlib oʻtdi. Muloqot Moskva vaqti bilan taxminan soat 15:20 da yakunlandi va taxminan bir soat davom etdi. Muzokaralar boshlanishidan oldin tomonlar anʼanaviy qoʻl siqishdan bosh tortishgan. Ukraina delegatsiyasi aʼzolari harbiy formada, Rossiya vakillari esa klassik liboslarda boʻlgan. Avvalgi turda boʻlgani kabi muzokaralarning yopiq qismidan oldin Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan soʻzga chiqib, u jangovar harakatlarni tugatish uchun maksimal darajada diplomatik saʼy-harakatlarni amalga oshirayotganini taʼkidladi. Shuningdek, turk diplomati Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi ehtimoliga umid bildirdi.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchiligidagi Ukraina delegatsiyasi tarkibi yana qisman yangilandi. Uning tarkibiga, xususan, Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Markaziy yuridik boshqarmasi xalqaro va operativ huquq boshqarmasi boshligʻi Oleksiy Malovatskiy kirdi.

Rossiya delegatsiyasining tarkibi oʻzgarishsiz qoldi. Unga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mixail Galuzin, Bosh shtab Bosh razvedka boshqarmasi boshligʻi Igor Kostyukov va mudofaa vaziri oʻrinbosari Aleksandr Fomin kirdi.

Rossiya va Ukraina vakillari muzokaralarning navbatdagi bosqichida nimalarni muhokama qilishga muvaffaq boʻlishdi va nimalarga kelishdi?

Muzokaralar natijalari haqida nimalar maʼlum?

Muhokama gumanitar kun tartibiga qaratildi. Xususan, delegatsiyalar quyidagi masalalarga toʻxtalib oʻtdilar:

  • front chizigʻida oʻt ochishni toʻxtatish,
  • harbiy asirlar va oʻlganlarning jasadlarini almashish;
  • bolalarni oilalariga qaytarish,
  • Rossiya va Ukraina prezidentlari – Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy oʻrtasida uchrashuv tashkil etish.

Tomonlar mojaroni hal qilish boʻyicha oʻz qarashlari toʻgʻrisida deklaratsiyalar almashdilar va ogʻir kasal boʻlgan barcha harbiy asirlar, shuningdek, 25 yoshgacha boʻlgan asirlarni almashishga kelishib oldilar.

“Memorandum Ukraina tomoniga topshirildi, unda tinchlikka erishish qadamlari tasvirlangan”, – dedi Vladimir Medinskiy muzokaralardan soʻng.

Uchrashuv tugaganidan deyarli bir soat oʻtgach, Vladimir Medinskiy jurnalistlar oldiga chiqdi. U tomonlar haqiqatan ham oʻt ochishni toʻxtatish imkoniyatini muhokama qilganini tasdiqladi, ammo hozirgi bosqichda u faqat insonparvarlik maqsadlarida – harbiylar halok boʻlgan safdoshlarining jasadlarini yigʻib olishi uchun amalga oshirilishi mumkinligini taʼkidladi.

“Biz frontning ayrim hududlarida oʻt ochishni toʻxtatishni taklif qildik. Hamma narsani harbiylar hal qiladi”, – dedi Rossiya prezidenti yordamchisi.

Bundan tashqari, Vladimir Medinskiy Rossiya jangovar zonadan evakuatsiya qilingan bolalarni Ukrainaga topshirishga roziligini aytdi. U Ukrainadan 339 ta ism familiyadan iborat roʻyxatni olganini taʼkidladi, biroq qarshi shartni ilgari surdi.

Unga kщra, Rossiya faqat Ukrainada ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari boʻlgan bolalarni qaytarishga tayyor.

Mahbuslar almashinuvi haqida gapirar ekan, Vladimir Medinskiy tomonlarning bu jarayonni davom ettirish niyatini tasdiqladi. Bundan tashqari, Rossiya Ukraina Qurolli kuchlarining bir necha ming halok boʻlgan askarlarining jasadlarini topshirishga tayyorligini bildirdi.

“Biz bir tomonlama tartibda Ukraina tomoniga oʻlgan ukrainalik askar va zobitlarning olti mingta muzlatilgan jasadini topshirmoqdamiz. Biz qoʻlimizdan kelgan hamma narsani aniqladik. Ular tarafda bizning ofitserlarning jasadlari bor yoki yoʻqligini bilmayman, biz ularni qabul qilamiz”, – dedi Vladimir Medinskiy.

Ukraina vakillari uchrashuvni qanday izohlashdi?

Uchrashuvdan soʻng darhol Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak bolalarni qaytarish haqidagi kelishuv “niyatlar samimiyligining birinchi sinovi” va “adolatli va barqaror tinchlik”ning ajralmas qismi boʻlishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, u muzokaralarda shaxsan ishtirok etmadi va Ukraina delegatsiyasi ishtirokchilarining soʻzlaridan uchrashuv mazmunini qayta aytib berdi.

“Javob kutamiz. Toʻp Rossiya maydonida. Haqiqiy yaxshi niyat soʻzlar emas, balki harakatlardir. Va endi buni isbotlash vaqti keldi”, – dedi Andrey Yermak.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham tomonlar Turkiya vositachiligida mojaroni hal qilish boʻyicha hujjatlar almashganini va mahbuslar almashinuvining yangi bosqichini tayyorlayotganini aytdi. Ukraina tashqi ishlar vazirligi Rossiya memorandumi loyihasi bilan tanishishlarini qayd etdi.

“Ular [delegatsiyalar aʼzolari] Turkiya tomoni orqali hujjatlar almashishdi. Va biz mahbuslarning yangi ozod etilishini tayyorlamoqdamiz”, – dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.

Ukraina mudofaa vaziri Rustam Umerov Rossiya soʻzsiz otashkesimga va yetakchilar uchrashuviga rozi boʻlmaganini maʼlum qildi.

Ekspertlar natijalar haqida nima dedi?

Muzokaralar muvaffaqiyatini minimal deb hisoblash mumkin, garchi tomonlar bir qator gumanitar masalalar boʻyicha kelishuvga erishgan boʻlsa ham. Ushbu fikrlarni Rossiya xalqaro ishlar kengashi eksperti, siyosatshunos Aleksey Naumov aytib oʻtdi.

“Aslida, muzokaralardan hech narsa kutilmadi, lekin hech boʻlmaganda gumanitar masalalar hal qilinmoqda: jasadlar va harbiy asirlar almashinuvi. Bu Donald Tramp uchun hozircha yetarli darajada boʻladi”, – deydi u.

Shu bilan birga, uning soʻzlariga koʻra, yaqin kelajakda muzokaralarning yangi bosqichlarini kutish dargumon: Ukraina tomoni Rossiya memorandumi shartlarini qabul qilmaydi, Rossiya esa davlatlar rahbarlarining uchrashuvi gʻoyasini rad etadi. Shu bilan birga, Ukraina ham, Rossiya ham AQSH prezidenti Donald Trampdan yordam olishga harakat qilishda davom etadi.

Aleksey Naumovning qoʻshimcha qilishicha, yangi uchrashuv faqat jang maydonidagi kuchlar muvozanati oʻzgargan taqdirdagina mumkin boʻladi.

“Hozircha muzokaralar surʼati tugadi. Harbiy vaziyat oʻzgarganda (va ehtimol u Rossiya foydasiga oʻzgaradi), keyin yangi muzokaralar mumkin”, – deydi Aleksey Naumov.

Milliy tadqiqot universiteti Oliy iqtisodiyot maktabi qoshidagi keng qamrovli Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi direktori oʻrinbosari, siyosatshunos Dmitriy Suslov ham Rossiya – Ukraina uchrashuvining cheklangan natijalarini taʼkidladi. Shu oʻrinda uning qoʻshimcha qilishicha, tomonlar hozirgi sharoitda kutilishi mumkin boʻlgan hamma narsaga erishganini taʼkidladi.

“Erishilgan kelishuvlar, asosan, faqat umid qilish mumkin boʻlgan maksimaldir. Yaʼni, bu mumkin boʻlgan eng yaxshi natijadir”, – deydi Dmitriy Suslov.

Ekspertning soʻzlariga koʻra, Rossiya va Ukraina kelishuvning fundamental masalalari boʻyicha pozitsiyalari bir-biriga mutlaqo zid ekanini tushunadi. Ammo shu bilan birga, Moskva va Kiyev aniq gumanitar masalalarni muhokama qilishga tayyor, ular orasida bolalarning Ukrainaga qaytishini alohida taʼkidlash lozim.

Va nihoyat, Aleksey Naumovdan farqli oʻlaroq, Dmitriy Suslov yaqin kelajakda muzokaralarning yangi bosqichini kutish kerak, deb hisoblaydi, garchi u gumanitar masalalarni hal qilishga ham toʻgʻri kelishi mumkin.

“Joriy yigʻilish yakunlariga koʻra navbatdagi tur boʻlib oʻtadi. Unda biz navbatdagi gumanitar masalalarni ham kelishib olamiz va bugun almashilgan memorandumlarga munosabatimizni bildiramiz”, – deydi u.

Muzokaralar haqida dunyo nima deydi?

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Ukraina va Rossiya oʻrtasidagi soʻnggi muzokaralarni “ajoyib” deb atadi.

“Turkiya Istanbuldagi Rossiya va Ukraina muzokaralaridan soʻng yetakchilar darajasida sammit oʻtkazishni taklif qilishni rejalashtirmoqda”, – deydi Turkiya yetakchisi.

Keyingi uchrashuv qachon boʻladi?

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerovning soʻzlariga koʻra, Ukraina tomoni navbatdagi uchrashuvni iyun oxirigacha oʻtkazishni taklif qilgan.

TASS xabariga koʻra, haqiqatan ham yangi uchrashuv kutilmoqda, biroq aniq sana hali belgilanmagan – muzokaralar “maʼlum vaqt ichida” boʻlib oʻtishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер