Restoran va kafelarga QQSning 40 foizgacha qismi keshbek sifatida qaytarib beriladi

16:32 20 Avgust 2024 Iqtisodiyot
342 0

Oʻzbekistonda 2025-yil 1-yanvardan umumiy ovqatlanish korxonalariga qoʻshilgan qiymat soligʻining (QQS) bir qismi keshbek sifatida qaytarib beriladi. Bu haqda 20-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda maʼlum qildi.

Muloqotda prezident umumiy ovqatlanish hamda mehmonxona xizmatlarining eng katta muammosi QQS va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabardorligini taʼkidlagan.

“Shu bois, 1-yanvardan umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi tadbirkorga keshbek sifatida qaytarib beriladi. Bunda oylik aylanmasining 60 foizini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40 foizi toʻlangan zahoti qaytariladi. Agar naqd pulsiz aylanma 60 foizdan kam boʻlsa, keshbek 20 foiz boʻladi”, degan davlat rahbari.

Shu bilan birga, QQS toʻlashga oʻtgan restoran va kafelarga foyda soligʻi 2 karra kamayadi. 1-dekabrdan bu korxonalar naqd pulga sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab etilmaydi. Ularga bahor va yoz mavsumida oʻzlariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qoʻyib ishlashga ruxsat beriladi.

Restoran va kafelar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasini tuzishi mumkin boʻladi. Xuddi shu kabi 1-oktyabrdan mehmonxona va turoperatorlarga ham toʻlangan QQSning 20 foizi keshbek qilib beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?