“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida Samarqand shahrida ikkita zamonaviy IT-Park quriladi

16:59 18 Dekabr 2025 Jamiyat
250 0

“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida sohasini rivojlantirish maqsadida qator imtiyozlar berilgan boʻlib, Samarqand viloyatida ushbu imkoniyatlardan keng foydalangan holda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Soliq va moliyaviy imtiyozlar berilishi natijasida IT-Park rezidentlari 2030-yilgacha foyda soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi va ijtimoiy soliqlardan ozod etilgan. Shuningdek, “Yagona darcha” tizimi orqali litsenziyalash va rezidentlik olish osonlashtirilgan.

Kadrlar tayyorlash boʻyicha “Bir million dasturchi” onlayn IT taʼlim platformasi joriy etilgan boʻlib, “IT Academy”, “Astrum IT Academy”, IT Park akademiyalari, “21-school”, Muhammad al-Xorazmiy vorislari, hududlarda IT-shaharchalar hamda “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihalari ishga tushirilgan va har yili 100 mingga yaqin yoshlar IT sohasida bepul oʻqitilmoqda.

Viloyatda yil yakunigacha IT-Park rezidentlari tomonidan koʻrsatilgan eksport xizmatlari hajmi 18 million dollarga yetishi kutilmoqda. Eksport va xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlarini oshirish hamda xorijiy buyurtmalarni jalb etish uchun Germaniya, AQSH, Koreya, Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Xitoy davlatlarida IT-Park vakilliklari tashkil etilgan.

Kelgusi yillarda viloyatning barcha aholi yashash maskanlari toʻliq mobil aloqa va internet bilan taʼminlanib, olis hududlarda yoʻldosh aloqa texnologiyalari joriy etiladi. Shuningdek, 2030-yilga qadar 300 ming nafardan ziyod aholi va yoshlar sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, dasturlash va boshqa yoʻnalishlarda oʻqitiladi.

- TATU Samarqand filialida sunʼiy intellekt boʻyicha oʻquv laboratoriya tashkil etilib, Samarqand shahrida ikkita zamonaviy IT-Park qurilishi rejalashtirilgan, — deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat hududiy shuʼbasi boshligʻi Dilmurod Xoʻjamberdiyev. — Hozirda Samarqand shahridagi School-21 raqamli texnologiyalar maktabi hududidan yer maydoni ajratilgan boʻlib, 2026-yilda IT-Park qurilishi boshlanadi. Qorasuv massivida ajratilgan 80 sotix yer maydonida esa Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda yoshlar texnoparki qurish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Shu bilan birga, 2026-yilda Muhammad al-Xorazmiy vorislari loyihasini ishga tushirish va 2030-yilga qadar 25 ming nafardan ziyod yoshlarni bepul axborot texnologiyalari va xorijiy tillarga oʻqitishni maqsad qilingan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?