Yaqin Sharqdagi urush soyasida qolgan yana bir nizo: Pokiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi toʻqnashuv

12:20 09 Mart 2026 Dunyo
155 0

Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi Torxam chegara punkti, 2026-yil 28-fevral

Yaqin Sharqdagi urush yana bir yangi mojaroni — Pokiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi nizoni soyada qoldirib yubordi. Bu ixtilof ham fevral oxirida alanga oldi va uning asl mohiyatini tushunish ancha murakkab.

Fevral oyining oxirida nafaqat AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlandi. Bundan biroz avvalroq, 27-fevral kuni Pokiston Mudofaa vaziri oʻz mamlakati 2021-yildan beri Afgʻonistonni boshqarib kelayotgan “Tolibon”ga qarshi “ochiq urush” boshlayotganini eʼlon qildi. Ommaviy axborot vositalarida Yaqin Sharqdagi voqealar tufayli bu mojaro tezda ikkinchi planga oʻtib ketdi. Shunga qaramay, Pokiston va Afgʻoniston chegarasida janglar davom etmoqda, Pokiston harbiy havo kuchlari esa Afgʻoniston poytaxti Kobulni muntazam ravishda oʻqqa tutmoqda.

Nima sodir boʻldi?

21-fevral oqshomida Pokiston harbiy havo kuchlari Afgʻonistonning chegaraoldi Nangarhor, Paktika va Xost viloyatlariga zarba berdi. Pokiston rasmiylari hujumdan maqsad mintaqada faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlar — “Pokiston Toliboni” va “Viloyati Xuroson” lagerlarini yoʻq qilish ekanini bildirdi. Bu hujumlar Pokiston poytaxti Islomobodda, shuningdek, mamlakat shimoli-gʻarbidagi Bajaur okrugi va Bannu shahrida sodir etilgan fevral oyidagi teraktlarga javob boʻldi.

Afgʻoniston hukumatining maʼlum qilishicha, 21-fevraldagi bombardimonlar oqibatida kamida 18 nafar afgʻonistonlik, jumladan ayollar va bolalar halok boʻlgan. Oʻshandan beri chegara boʻylab jangovar harakatlar toʻxtamayapti.

26-fevraldan 27-fevralga oʻtar kechasi Tolibon va Afgʻoniston hukumati vakili Zabihulloh Mujohid Pokiston aviatsiyasining harakatlariga javoban Afgʻoniston qurolli kuchlari chegara boʻylab Pokiston postlariga hujum qilganini eʼlon qildi. Al Jazeera nashrining Afgʻoniston rahbariyatidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, toʻqnashuvlarda 10 nafar pokistonlik harbiy halok boʻlgan va Tolibon 13 ta dushman postini egallab olgan boʻlishi mumkin.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning vakili Musharraf Zaidi esa birorta ham Pokiston chegara posti qoʻldan boy berilmaganini taʼkidladi. 27-fevral kuni Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Osif qoʻshnilarining harakatlariga X (sobiq Twitter) tarmogʻida shunday munosabat bildirdi:

“Sabr kosamiz toʻldi. Endi biz sizga qarshi ochiq urush boshlaymiz”.

Pokiston armiyasining jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi, general-leytenant Ahmad Sharif Chaudri Afgʻoniston rahbariyati haqida shunday dedi: “Bu hukumat emas. Bular — diktator-militaristlar. Afgʻonistonni noqonuniy banditlar nazorat qilmoqda”.

Ikki davlat oʻrtasidagi har qanday mojaroda boʻlgani kabi, tomonlar halok boʻlganlar soni va maqomini turlicha baholamoqda:

— Afgʻoniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inoyatulloh Xorazmiyga koʻra, 3-mart holatiga koʻra mojaroda 28 nafar afgʻon va 150 nafar pokistonlik harbiy halok boʻlgan.

— Pokiston rasmiylari oʻz yoʻqotishlari 150 kishi atrofida ekaniga qoʻshiladi, biroq dushman 450 dan ortiq odamini yoʻqotganini daʼvo qilmoqda.

Afgʻoniston tomoni Pokistonni aholi zich joylashgan qishloqlarni oʻqqa tutishda ayblab, 4-mart holatiga koʻra 110 nafar tinch aholi vakili halok boʻlganini aytmoqda. Pokiston esa faqat harbiy obyektlarga hujum qilayotganini bildirgan. Biroq BMTning Afgʻonistondagi missiyasi xulosalari mojaro tinch aholiga zarar yetkazayotganini tasdiqlamoqda. Xalqaro tashkilot maʼlumotlariga koʻra, 6-mart holatiga koʻra 56 nafar tinch aholi, jumladan 24 bola va 6 ayol jangovar harakatlar qurboni boʻlgan.

“Men dahshatda edim, — dedi Kobulda yashovchi va xavfsizlik nuqtayi nazaridan ismini oshkor qilmaslikni soʻragan ayol CNN muxbirlariga. — Biz oʻq ovozlarini eshitdik. Kvartiramiz derazasidan qaraganimizda, osmonda yorqin chiroqlarni koʻrdik. Birinchi portlashdan keyin atrofdagi barcha uylarda chiroqlar yonib ketdi. Menimcha, Kobulda boshiga bomba tushishidan qoʻrqmayotgan odam qolmadi”.

Bu davlatlar nega oʻzaro urushmoqda?

Pokiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlar Pokiston 1947-yilda tashkil topgan ilk kunlardan boshlab tarang boʻlib kelgan. Oʻsha paytda Afgʻoniston rahbariyati “Dyurand chizigʻi”ni — ingliz-afgʻon urushlari davomida Britaniya oʻz mustamlakalarini kengaytirishga uringan paytda shakllangan chegarani tan olishdan bosh tortgan edi. Afgʻoniston rasmiylarining pozitsiyasi shundan iborat ediki, endilikda ularning mamlakati yangi davlat bilan chegaradosh boʻlgani sababli, hududlar boʻyicha muzokaralar qaytadan oʻtkazilishi shart.

Yana bir dalil shundan iboratki, Dyurand chizigʻini chizish orqali britanlar, aslida, tarixiy Pushtuniston viloyati hududini oʻzboshimchalik bilan boʻlib tashlashgan va qoʻshni qishloqlar aholisini geosiyosiy raqiblarga aylantirishgan. Shu sababli chegarani qayta belgilash, ehtimol, mustaqil Pushtuniston davlatini yaratish kerak degan fikrlar ilgari surilgan.

Oʻsha yili Pokistonni BMTga qabul qilish masalasi hal qilinayotganda, Afgʻoniston bunga qarshi ovoz bergan yagona davlat boʻldi. Yangi qoʻshnilariga boʻlgan munosabatini koʻrsatish uchun Afgʻoniston hukumati Kobuldagi davlat binolarida oʻz milliy bayrogʻi yoniga Pushtuniston bayrogʻini ham ilib qoʻydi. Bu davlatni oʻsha paytda xuddi shu nomdagi viloyatning ayirmachi isyonchilari tashkil etishga urinayotgan edi.

Afgʻoniston Pokistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazish maqsadida bu isyonchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatladi. Dyurand chizigʻi boʻylab muntazam ravishda toʻqnashuvlar sodir boʻlib turdi — faqat u paytda hali davlat armiyalari emas, balki oʻz homiylari manfaatlari yoʻlida harakat qiluvchi “proksi-guruhlar” (vositachi kuchlar) oʻzaro jang qilar edi.

Pokiston va Afgʻoniston chegarasida. 2007-yil

Tarixiy voqea: Vaziyat 1949-yilning yozida keskinlashdi. Oʻshanda Pokiston harbiy havo kuchlari samolyoti Pokiston chegara postlariga qilingan hujumlarga javoban Afgʻoniston hududidagi isyonchilar lagerini bombardimon qildi. Natijada 23 kishi halok boʻldi.

Shundan soʻng Afgʻoniston Pushtunistonni tashkil etish harakatlariga yanada koʻproq mablagʻ tika boshladi va Dyurand chizigʻiga oid har qanday kelishuvlarni tan olishdan uzil-kesil voz kechdi. Oʻshandan beri qoʻshnilar oʻrtasida doimiy ravishda alohida toʻqnashuvlar yuz berib turadi, ammo uzoq vaqt davomida bu keng koʻlamli harbiy harakatlarga aylanib ketmadi. Buning ehtimoliy sababi shundaki, Pokiston oʻz vaqtida boshqa qoʻshnisi — Hindiston bilan nizolar bilan haddan tashqari band edi, Afgʻonistonda esa 1970-yillarning oxiridan beri ichki mojarolar tinchimayapti.

Soʻnggi yillarda mojaroning keskinlashuviga nima sabab boʻldi?

Dastlab Pokiston rahbariyati 2021-yilda Afgʻonistonda toliblarning hokimiyatga qaytishini ijobiy kutib oldi. Masalan, oʻsha paytda Pokiston hukumatini boshqargan Imron Xon afgʻonlar “qullik kishanlarini parchalab tashladi”, deb aytgan edi.

Biroq qoʻshnilar oʻrtasidagi bu iliq munosabatlar uzoqqa choʻzilmadi. Pokiston hududida tez-tez sodir etila boshlagan teraktlar hamma narsani oʻzgartirib yubordi. Mamlakat rasmiylari bu hujumlarda “Pokiston Toliboni” aʼzolarini aybladi. Bu tashkilot rasman Afgʻoniston “Tolibon”iga boʻysunmasa-da, u bilan yaqin hamkorlik qiladi va uning qoʻllab-quvvatlovidan foydalanadi.

“Pokiston Toliboni” yetakchilari Pokiston hukumatini “gʻarbparast” deb hisoblaydi va mamlakatda konstitutsiya bilan cheklanmagan shariat qonunlarini joriy etishga intiladi. Ularning 2020-yillardagi harakatlari qoʻshnilar oʻrtasida yangi inqirozga sabab boʻldi — bu inqiroz, ehtimol, oʻtgan asrdagidan ham jiddiyroqdir.

Soʻnggi bir necha yil davomida Pokiston muntazam ravishda Afgʻonistonni oʻz hududida harakat qilayotgan jangarilarni qoʻllab-quvvatlashda ayblab kelmoqda. Afgʻoniston hukumati bu ayblovlarni rad etadi. Biroq The New York Times maʼlumotlari afgʻonlarning bu vajini chippakka chiqaradi. Nashr jurnalistlari afgʻon yetakchilari oʻz oʻzaro suhbatlarida “Pokiston Toliboni” boʻlinmalari oʻz hududida ekanini tasdiqlaganini aniqlashgan.

Mojaro avj olganidan soʻng, Pokiston rasmiylari chegara yaqinidagi Peshovar shahrida transport vositalari va yoʻlovchilarni rejadan tashqari tintuv qilishdi. 2026-yil fevral

Statistika: Pokiston tinchlikni oʻrganish instituti hisob-kitoblariga koʻra, faqatgina 2025-yilning oʻzida “Pokiston Toliboni” mamlakat hududida 300 ga yaqin hujum uyushtirgan va natijada 440 dan ortiq kishi halok boʻlgan.

BMT Xavfsizlik kengashi maʼlumotlariga koʻra, Afgʻoniston rasmiylari chegaraoldi hududlarida operatsiyalar oʻtkazish uchun oʻzlariga doʻst boʻlgan ushbu tashkilotni tizimli ravishda resurslar, jumladan, dronlar va oʻqotar qurollar bilan taʼminlab kelgan.

Toliblarni tiyib qoʻyishga uringan Pokiston hali 2024-yildayoq Afgʻoniston shaharlarini bir necha bor oʻqqa tutgan edi. Afgʻoniston “Tolibon”i vakillari bunday hujumlarni suverenitetga tajovuz deb atab, qoʻshnilarini tinch aholini oʻldirishda ayblagan edi.

2025-yil oktyabr oyida Pokiston bir qator Afgʻoniston shaharlarini bombardimon qildi. Ularning asosiy nishoni “Pokiston Toliboni” rahbari Nur Vali Mahsud edi. Biroq jangarilar yetakchisini yoʻq qilishning imkoni boʻlmadi.

Bunga javoban Afgʻoniston Pokiston harbiylarining chegara postlariga hujum qila boshladi. Mojaro 10 kun davom etdi va Turkiya, Qatar hamda Saudiya Arabistoni vositachiligida tinchlik muzokaralari bilan yakunlandi. BMT maʼlumotlariga koʻra, ushbu nizo davomida Afgʻonistonning 37 nafar tinch aholisi halok boʻlgan, yana 425 kishi jarohatlangan.

Biroq uzoq muddatli kelishuvga erishib boʻlmadi. Chegara boʻylab ayrim toʻqnashuvlar va oʻzaro ayblovlar davom etdi va nihoyat 2026-yil fevral oyida bularning barchasi keng koʻlamli urushga aylanib ketdi.

Afgʻonistonning Qandahor viloyati, Spin Boldak shahridagi portlash oqibatlari, 2025-yil oktyabr

Pokiston va Afgʻoniston qanday maqsadlarni koʻzlamoqda?

Ehtimol, Pokiston hukumati “Pokiston Toliboni”ni butunlay yoʻq qilishni istaydi, shu sababli ular Afgʻonistonni bombardimon qilishda davom etadilar. Pokiston Bosh vazirining vakili Musharraf Zaidi fevral oyi oxirida shunday dedi:

“Muzokaralar boʻlmaydi. Muloqotning imkoni yoʻq. Kelishadigan hech narsa qolmadi. Afgʻoniston tomonidan kelayotgan terrorizmga chek qoʻyilishi kerak”.

Afgʻoniston rahbariyati uchun esa asosiy maqsad — tajovuzni qaytarish va hech boʻlmaganda chegaraoldi hududlardagi vaziyatni qisman barqarorlashtirishdir. Biroq, afgʻon toliblari pokistonlik safdoshlari bilan aloqalarni uzishni rejalashtirmayapti. Siyosatshunos Klara Fongning fikricha, “Pokiston Toliboni” Pokiston armiyasiga qarshi kurashni davom ettirishni, “gʻarb taʼsiri”ga qarshi turishni va shariat mafkurasini yoyishni istaydi.

Islomoboddagi terroristik hujum sodir boʻlgan masjid yaqinida. Oʻttiz bir kishi halok boʻldi va 169 kishi jarohat oldi. Pokiston. 2026-yil 6-fevral

Geosiyosat boʻyicha ekspert Kamar Chemaning hisoblashicha, Pokistonning asosiy maqsadi — urushni qoʻshni davlat hududiga koʻchirishdir. Hozircha Pokistonning bombardimonlari muhim infratuzilma obyektlariga, yaʼni sanoat korxonalari va energiya stansiyalariga zarar yetkazmayapti. Bu Pokiston vaziyatni yanada keskinlashtirish (eskalatsiya) imkoniyatini oʻzida saqlab qolmoqchi ekanidan dalolat berishi mumkin.

Shu bilan birga, Pokiston yangi urush boshlashiga sabab boʻlgan Islomoboddagi fevral oyidagi terakt uchun masʼuliyatni allaqachon “Islom davlati” (ISHID) oʻz zimmasiga olgan. Shunga qaramay, Pokiston rasmiylari ushbu hujumda mahalliy “Tolibon”ni ayblashda davom etmoqda. Mamlakat rahbariyati “ishonchli dalillar”ga tayanayotganini aytsa-da, ular aynan nimalardan iborat ekaniga aniqlik kiritmayapti.

Pokistonni jangovar harakatlarni toʻxtatishga qanday kafolatlar ishontira olishi borasida ham aniqlik yoʻq. The New York Times xabariga koʻra, hozircha mamlakat rahbariyati Afgʻoniston bilan muzokaralar olib borishni rad etmoqda.

Harbiy ustunlik kim tomonda?

Aksariyat harbiy ekspertlar va mintaqada ishlayotgan muxbirlarning fikricha, ustunlik Pokiston armiyasi tarafida. “Bu yuzlab tanklar, samolyotlar va ilgʻor texnologiyalarga ega qudratli kuch”, — deb taʼkidlaydi Bi-bi-sining Janubiy Osiyo va Afgʻoniston boʻyicha muxbiri Yogita Limaye.

Davlatlarning harbiy qudratini belgilovchi Global Firepower indeksida Pokiston 14-oʻrinni, Afgʻoniston esa 121-oʻrinni (145 ta davlat ichida) egallab turibdi. Ushbu indeksga koʻra, Pokiston armiyasi va harbiylashtirilgan tuzilmalarining umumiy soni qariyb 1,1 million kishini, Afgʻonistonniki esa taxminan 165 ming kishini tashkil etadi.

Shunga qaramay, Pokiston tezkorlik bilan oʻzi istagan natijaga erishishi va dushman qarshiligini faqat harbiy yoʻl bilan sindirishi amrimahol. Afgʻoniston ixtiyorida AQSH kontingenti chiqib ketishda tashlab ketgan texnika va qurollar mavjud: “Blek Xouk” vertolyotlari va “Humvee” yoʻl tanlamaslaridan tortib, M16 va AR-15 miltiqlarigacha. NYT maʼlumotlariga koʻra, Kobulning “qora bozorlari”da Amerikada ishlab chiqarilgan anjomlarni — masalan, harbiy liboslar va tungi koʻrish koʻzoynaklari uchun ehtiyot qismlarni osongina sotib olish mumkin.

Bundan tashqari, “Tolibon” anʼanaviy ravishda qoʻllaydigan kurash usullari tashkilotni butunlay yoʻq qilishni deyarli imkonsiz qiladi. Tashkilot nuqtali (aniq yoʻnaltirilgan) hujumlarni amalga oshiradi, bor kuchini bir yoʻnalishga sarflamaydi va rahbarlarning bir joyda toʻplanishidan qochadi.

“Tolibon Afgʻonistonning avvalgi hukumati koalitsiyasi bilan jang qilgan paytlarida alohida ajralib qolgan harbiy obyektlarni egallab olish sanʼatini mukammal egallagan, — deb hisoblaydi Xalqaro inqiroz guruhi tahlilchisi Ibrohim Bahiss. — Toliblar sinalgan usullarga tayanishga harakat qilishadi, chunki ularda boshqa variantlar u qadar koʻp emas”.

Chegarada afgʻon askari, 2026-yil 27-fevral

Bularning barchasi qachon va nima bilan tugaydi?

Stimson markazining Janubiy Osiyo boʻyicha eksperti Deniyel Markining taxmin qilishicha, hatto muzokaralar boshlangan taqdirda ham, tomonlarning kelishuvga erishishi juda qiyin kechadi. Chunki Afgʻoniston Toliboni pokistonlik toliblarni oʻzining qimmatli sherigi deb biladi, Pokiston quruqlikdagi qoʻshinlari shtab boshligʻi Osim Munir esa bu tashkilotni “kelishib boʻlmaydigan fundamental raqib” deb atagan.

Markining fikricha, mojaro yana choʻziluvchan bosqichga oʻtishi mumkin. Natijasiz muzokaralardan soʻng tomonlar harbiy harakatlarni qayta boshlaydi, resurslar tugagach esa — tinchlikka erishishga katta umid qilmagan holda yana muzokaralar stoliga qaytadilar.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining harbiy tahlilchisi Aleksandr Palmer mojaroning navbatdagi bosqichi deeskalatsiya (keskinlikning kamayishi) boʻlishini taxmin qilmoqda. Biroq ekspert Pokiston oʻz harbiy ustunligidan foydalanishga qaror qilib, toliblarga qarshi yanada keng koʻlamli kampaniya boshlashi mumkinligini ham istisno qilmadi.

Shu narsa ayonki, hatto sulh tuzilgan taqdirda ham, chegarada uzil-kesil tinchlik oʻrnatilmaydi. Katta ehtimol bilan, urush ertami-kechmi yana ikkala tomonning ustunligisiz davom etadigan kam sonli, ammo muntazam hujumlar shakliga qaytadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер