Rahmat Fayziy xotirasiga bagʻishlangan “Hazrati inson” koʻrgazmasi ochildi
Foto: Davronbek Ernazarov/“Xalq soʻzi”
Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, kinodramaturg va jamoat arbobi Rahmat Fayziy ijodi hamda xotirasiga bagʻishlangan “Hazrati inson” nomli koʻrgazma oʻz faoliyatini boshladi.
1962-yilda rejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan mashhur “Sen yetim emassan” filmi barchamizga yaxshi tanish, barchamiz uni sevib tomosha qilganmiz. Ushbu filmning ssenariysi aynan Rahmat Fayziy qalamiga mansub.
28-oktyabr kuni aynan ushbu yozuvchi xotirasiga bagʻishlangan “Hazrati inson” nomli koʻrgazmaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbir avvalida Rahmat Fayziyning hayoti va ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan hujjatli film namoyish etildi. Shundan soʻng, marosim ishtirokchilari va taniqli ijodkorlar yozuvchi haqidagi iliq xotiralarini oʻrtoqlashdi.
Koʻrgazma zalida har bir boʻlim alohida mavzuga bagʻishlangan. Ulardan biri — “Hazrati inson” boʻlimi boʻlib, u yozuvchining oʻn bir yil davomida yaratgan shu nomdagi romaniga atab tashkil etilgan. Qiziq jihati shundaki, bu roman aslida “Sen yetim emassan” filmi ssenariysining kengaytirilgan, roman shakliga keltirilgan variantidir.
Maʼlumki, asarda Ikkinchi jahon urushi yillarida yetim qolgan turli millat bolalarini oʻz bagʻriga olgan toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning rafiqasi Bahri Akramova hayoti hikoya qilinadi. Bu nafaqat bir oilaning tarjimai holi, balki urush yillarida oddiy oʻzbek xalqining insonparvarlik va mehr-oqibat fazilatlarini aks ettiruvchi chinakam mehr va insoniylik yodnomasidir.
Boʻlimda Shomahmudovlar oilasining tarixiy suratlari, Rahmat Fayziyning roman prototiplari bilan tushgan fotosuratlari, shuningdek, “Sen yetim emassan” filmidan lavhalar va uning original afishasi namoyish etilgan.
Maʼlumot uchun: film ssenariysi 1963-yilda Frankfurt-Maynda oʻtkazilgan xalqaro kinofestivalda hamda 1964-yilda Leningradda boʻlib oʻtgan Butunittifoq kinofestivalida “Eng yaxshi ssenariy” nominatsiyasi boʻyicha mukofotlarga sazovor boʻlgan.
Koʻrgazma tashkilotchilaridan biri, yozuvchining nevarasi, sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent, — Asalxon Rahmatullayeva bobosining ijodi haqida shunday dedi: “Bobomning hayoti va ijodini oʻrganar ekanman, ular butun bir dissertatsiya mavzusiga arzigulik hayot yoʻlini bosib oʻtganliklarini angladim”.
Oliy toifali suxandon Nasiba Ibrohimova esa Rahmat Fayziy bilan bogʻliq xotiralarini yodga olib, shunday deydi: “Televideniyeda ishlagan yillarimizda yozuvchi va shoirlar bilan koʻrsatuvlar tayyorlardik. Rahmat Fayziy kamera va mikrofon oldidagi tabiiyligi, samimiyligi bilan boshqalardan ajralib turardi. U kishi bilan suhbat chogʻida “jonli efirdamiz” deyishning hojati qolmasdi”.
U, shuningdek, yozuvchi asarlarining bugungi avlod uchun ahamiyati haqida toʻxtalar ekan, quyidagicha fikr bildirdi:
— Rahmat Fayziy barcha asarlarida insoniylikni ulugʻlagan. Axir, qaysi insonni “hazrati” deymiz? Bu atamani Rahmat aka oʻzlari kashf qilganlar. Bugun oradan yillar oʻtsa-da, “hazrati inson” degan soʻzni biz eng yuksak maʼnoda ishlatamiz. Bu — u kishi ishlatgan birgina soʻzining misoli, xolos.
Mashhura Alimardon, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring