Quyosh panellari har jihatdan foydali

15:57 01 Avgust 2025 Jamiyat
178 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yozyovon tumanidagi choʻl-dasht hududlarida qishloq xoʻjaligi ekinlari ekish va dehqonchilik qilishning oʻziga yarasha qiyinchiliklari bor. Shunga qaramasdan, yer ilmi mirishkorlari ota-bobolardan meros yumushni sidqidildan davom ettirmoqda. Ayni jarayonda ilm-fan yutuqlari, innovatsiyalar hayotga keng tatbiq etilib, zamonaviy yondashuvlar asosida ish tashkil qilinayotgani tufayli yildan-yilga yutuqlar salmogʻi oshib borishiga erishilyapti.

Yozyovon tumani hokimligi tashabbusi bilan baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarida toʻliq muqobil elektr energiyasi manbalaridan foydalanishga oʻtilyapti. Ezgu tashabbus bogʻdorchilik, paxtachilik va gʻallachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklarida ham keng quloch yozayotgani eʼtiborga molik.

Yozyovon tumani hokimligi va prokuraturasi hamkorligida “Ziynatbonu" fermer xoʻjaligida quyosh panellari oʻrnatish va undan foydalanish boʻyicha oʻtkazilgan koʻrgazmali seminarda yana bir bor muqobil energiya manbalaridan foydalanishning afzal jihatlari borasida oʻzaro tajriba almashildi.

— 80 kVt li quyosh paneli oʻrnatganmiz, — deydi “Ziynatbonu” fermer xoʻjaligi rahbari Akmaljon Qodirov. —Buning uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan 5-yilga 14 foiz stavkada 360 mln soʻm bank krediti ajratildi. Hozirgi kunda oyiga oʻrtacha 9 mln soʻmlik elektr energiyasi sotyapmiz. Bu mablagʻ oʻz vaqtida plastik kartamga tushirib berilyapti. Hisob-kitob qilsak, quyosh paneli oʻrnatish har jihatdan foydali ekan. Shu bois barcha fermerlarga undan foydalanishni tavsiya qilaman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?