Qoʻshrabot tumanida “Mayiz sayli” festivali oʻtkazildi

16:01 06 Oktyabr 2025 Jamiyat
213 0

Festivalda yurtimizning turli hududlaridan kelgan oʻttizdan ortiq tadbirkorlar, bogʻbonlar, fermerlar, agrosanoat majmuasi mutaxassislari va eksportyor korxonalar oʻz mahsulotlarini namoyish etishdi.

Saylning ochilish marosimida viloyat rahbari Adiz Boboyev Samarqand mayizining dovrugʻi, xalqimizning bogʻdorchilik anʼanalarini asrab-avaylash, serhosil, mayizbop uzum navlarini yetishtirish, tokzorlarni sugʻorish tizimini takomillashtirish, aholi turmush sharoitlarini yanada yaxshilash borasidagi ishlar haqida soʻz yuritdi.

Qayd etilganidek, Samarqand viloyati uzumchilik boʻyicha respublikamizda yetakchilardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda mavjud mayizbop uzumzor maydonlar, ularda yetishtiriladigan mayizning 65 foizi, shuningdek, umumiy mayiz eksportining 65 foizi Samarqand viloyati hissasiga toʻgʻri keladi. Viloyatning koʻplab hududlarida uzum yetishtiriladi. Ayni paytda Qoʻshrabot, Ishtixon, Payariq, Urgut, Samarqand, Bulungʻur va Toyloq tumanlarida uzumchilik agrar sohaning asosiy serdaromad tarmoqlaridan biriga aylangan, yangi va serhosil uzum navlari yaratilib, xorijga mayiz eksporti yil sayin oshib bormoqda.

“Mayiz sayli” festivali aynan Qoʻshrabotda oʻtkazilgani sababi shundaki, ushbu tumanda yetishtirilayotgan uzum va mayiz mahsulotlariga nafaqat yurtimiz, hatto xorijda ham talab yuqori. Bugungi kunda tumandagi 13 ming 900 ga yaqin tomorqa va dehqon xoʻjaliklari 7 ming gektardan ortiq maydonda uzum yetishtiradi. Bu bogʻ-tokzorlardan har yili 50-55 ming tonna hosil olinadi va uning katta qismi mayiz qilinadi hamda eksportga chiqariladi.

Bir paytlar faqat chorvachilik bilan dong taratgan Qoʻshrabotda bugungi kelib mayizchilik asosiy drayverga aylandi. Aksariyat qoʻshrabotliklarning daromadi ham mayizdan.

Qolaversa, mazkur sohani tuzilmaviy asosda rivojlantirish maqsadida Qoʻshrabot tumani bazaviy tuman etib belgilangan va “Qoʻshrabot-Agro Star” MCHJ tashkil etilgan. Uning faoliyati Ishtixon, Urgut va Xatirchi tumanlarini ham qamrab oladi.

Oʻzbekistonda 90 ming gektar mayizbop tokzorlar mavjud boʻlib, “Qoʻshrabot-Agro Star” MCHJ qamroviga kiruvchi tumanlardagi mayizbop tokzorlarning umumiy maydoni 32 875 gektarni tashkil qilib, bu koʻrsatkich respublikaning 37 foiziga toʻgʻri keladi. Ushbu hududlarda har mavsumda oʻrtacha 92 350 tonna mayiz yetishtiriladi, bu respublikadagi umumiy hajmning 40 foizini tashkil etadi.

Kelgusida Qoʻshrabot tumanida zamonaviy Agrosanoat majmuasini tashkil etish rejalashtirilgan. Majmua mayizbop uzum yetishtirish, quritish, laboratoriya sinovlaridan oʻtkazish, qayta ishlab qadoqlangan shaklda ichki va tashqi bozorga milliy brend nomi bilan chiqarish kabi bosqichlarni oʻz ichiga oladi.

“Mayiz sayli” festivali doirasida qishloq xoʻjaligi koʻrgazmalari, mayizchilik yoʻnalishidagi konferensiya va anjumanlar tashkil etildi. Konferensiyada mayizchilikni rivojlantirishga oid dolzarb masalalar — zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, mahsulot sifatini oshirish, qayta ishlash tizimini takomillashtirish, eksport salohiyatini kengaytirish va sohadagi investitsion imkoniyatlar muhokama qilindi.

Tadbirda Qoʻshrabot mayizining oʻziga xos xususiyatlari, mayiz yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha ilgʻor tajribalar taqdimoti hamda soha rivojiga qaratilgan istiqbolli loyihalar namoyish etildi. “Mayiz sayli”da tumanning boy tabiati, mayizchilik anʼanalari hamda milliy qadriyatlari oʻz ifodasini topdi.

Festivalda Adliya vaziri Akbar Toshqulov ham ishtirok etib, viloyat rahbari Adiz Boboyevga “Samarqand mayizi” geografik koʻrsatkich hamda Qoʻshrabot tumani hokimiga “Qoʻshrabot mayizi” tovar belgisi sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi hujjatlarni topshirdi.

Endilikda mayiz brend sifatida jahon bozorida oʻz mavqeyiga ega boʻladi. Bu esa Oʻzbekiston mayizining dunyo bozorida munosib oʻrin egallashini taʼminlashga xizmat qiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер