Qoraqalpogʻistonning chekka hududlari aholisiga zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari topshirildi
Foto: «Xalq soʻzi»
2026-yil Qoraqalpogʻiston Respublikasining chekka hududlarida istiqomat qiluvchi qishloq aholisi uchun ijobiy yangiliklar bilan boshlandi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tomorqa xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari topshirildi.
Mazkur texnik koʻmak qishloq xoʻjaligi ishlarini samarali tashkil etish, yerga ishlov berish jarayonlarini yengillashtirish hamda uy xoʻjaliklari daromadlarini oshirishga qaratilgan.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoraoʻzak tumani Yesim mahalla fuqarolar yigʻini aholisi uchun 5 ta motokultivator yetkazib berildi. Ushbu texnikalar tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ekin ekish jarayonlarini tezlashtirish va mehnat unumdorligini oshirish imkonini beradi.
Mazkur yordam Global ekologik jamgʻarma tomonidan moliyalashtirilayotgan va FAO tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” (FOLUR –Oʻzbekiston) loyihasi doirasida taqdim etildi.
Motokultivatorlar yerga ishlov berish, shudgorlash, kultivatsiya qilish, ariqcha olish va ekin ekishga tayyorlash jarayonlarini tez va sifatli bajarishda katta yordam koʻrsatadi. Bu esa qishloq aholisining mehnatini yengillashtirish bilan birga, ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.
“Qishloq xoʻjaligi texnikalarini topshirish orqali biz qishloq aholisining daromadlarini barqaror oshirish, ularning oziq-ovqat bilan oʻzini taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirish va iqlim oʻzgarishiga moslashuv salohiyatini kuchaytirishni maqsad qilganmiz”, — deydi FOLUR –Oʻzbekiston loyihasining milliy koordinatori Aziz Nurbekov.
Loyiha doirasida Qoraqalpogʻistonda ekotizimlar degradatsiyasining oldini olish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda tuproqni muhofaza qiluvchi va resurslarni tejovchi qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring