Qoʻqonda Germaniya taraqqiyot banki koʻmagida ichimlik va oqova suv tarmoqlari yaxshilanadi

Qoʻqon shahrida aholining ichimlik suvi taʼminoti va oqova tarmoqlarini zamonaviy mezonlar asosida yangilash boʻyicha izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda.
Ayni jarayonda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan Germaniya taraqqiyot banki bilan kelishuvga koʻra, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlarida suv taʼminoti va oqova tarmoqlari sohasida aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash uchun 200 million yevro mablagʻ ajratildi.
Xususan, 125 million yevrodan ziyod mablagʻ Fargʻona viloyatining Qoʻqon va Margʻilon shaharlaridagi oqova tarmoqlarini yangilash hamda modernizatsiya qilish uchun yoʻnaltirilishi nazarda tutilgan.
Kuni kecha Qoʻqon shahar hokimligida Germaniya taraqqiyot banki, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti hamda Germaniya iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vazirligi vakillari bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazildi. Unda Qoʻqon shahrida suv va oqova tizimlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qilindi.
— Loyiha doirasida 40,7 km ichimlik suvi va 58,8 km oqova suv tarmogʻini qurish hamda rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan, — deydi Qoʻqon shahar hokimi oʻrinbosari Aziz Sulaymonov. — Shu maqsadda 3 ta oqova suv nasos stansiyasini qurilib, oqova suv tozalash inshooti quvvatini sutkasiga 100 ming kubometrdan 150 ming kubometrgacha oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, ushbu jarayonda 6 ta suv qudugʻi, 20 ming kubometr hajmdagi yangi suv rezervuarini qurish hamda 56 mingta suv hisoblagichlari oʻrnatish koʻzda tutilmoqda.
Uchrashuvda 2026-yil boshidan loyiha doirasida rejalashtirilgan ishlarga kirishish hamda hududlar kesimida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga kelishib olindi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring