Qonunchilik palatasi Spikeri turkiyalik parlamentariylar bilan uchrashdi

16:58 22 May 2024 Siyosat
525 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Keyingi yillarda ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi, xalqlarimiz oʻrtasida ishonchli doʻstlik atmosferasi yaratildi, aloqalarimiz keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlik jadal tus olgani, faol siyosiy muloqot olib borilayotgani, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi aloqalar surʼati oshib borayotgani, samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot chogʻida delegatsiya aʼzolariga «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini roʻyobga chiqarish borasidagi saʼy-harakatlar hamda ikki palatali parlament faoliyati, qonun ijodkorligi yoʻnalishi, quyi palata qoʻmitalari, komissiyalari hamda deputatlarning asosiy vazifalari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, «Oʻzbekiston — Turkiya» parlamentlararo doʻstlik guruhi faoliyati va uning doirasida amalga oshirilayotgan qator ijobiy ishlar eʼtirof etilib, uning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, maslahatlashuv uchrashuvlarni doimiy ravishda oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish, ikki mamlakat parlamentlari qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida aloqalarni oʻrnatishga kelishib oldilar.

Oʻz navbatida, Buyuk Millat Majlisi raisi keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng koʻlamli islohotlar va ularning natijalarini eʼtirof etib, parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yoʻnalishdagi muloqotlarni izchil davom ettirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

— Oʻzbekistonga tashrifimiz doirasida oʻtkaziladigan uchrashuvlar amaliy va mazmunli oʻtishiga ishonaman, — dedi N. Kurtulmush. — Bugungi muloqot ham samarali va qizgʻin oʻtdi. Bilamizki, Oʻzbekiston dunyo sivilizatsiyasiga, ilm-fan taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan buyuk allomalar, olimlar yurti. Buni nafaqat biz, balki butun jahon yaxshi biladi. Ana shunday ilm namoyandalarini yetishtirgan zaminda boʻlib turganimizdan baxtiyormiz. Aytish mumkinki, soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlida izchil islohotlar olib borilayotgani diqqatga sazovor. Ayniqsa, ilm-fan, sanʼat, madaniyat kabi sohalarda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar oʻz samarasini berayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Shu oʻrinda ikki davlat yetakchilarining yaqin doʻstligi, oʻzaro hurmati tufayli barcha sohalarda aloqalarimiz yanada mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etishim joiz. Biz, parlament vakillari ham Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar, fan-taʼlim, turizm va boshqa sohalarda ikki va koʻp tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda faol boʻlamiz. Bugungi uchrashuvimiz esa parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?