Qoʻmita majlisida “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama etildi

19:08 19 Yanvar 2026 Siyosat
291 0

Joriy yilning 19-yanvar kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda senatorlar, senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, Qoʻmita ekspertlari, Yoshlar parlamenti vakillari hamda mahalliy Kengashlarning tegishli doimiy komissiyalari aʼzolari ishtirok etdi.

Majlis kun tartibiga koʻra “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Qonun bilan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, shuningdek, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi kengaytirilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport subyektlari qatoriga Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi kiritilmoqda hamda ularning qoʻshimcha vakolatlari belgilanmoqda.

Qonun bilan paralimpiya, surdolimpiada, maxsus olimpiya va koʻzi ojizlar sporti harakatlariga doir normalar, sport federatsiyalari, sport klublari va sport ligalarining huquqiy maqomi va faoliyat yuritish tartibi, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari kiritilmoqda.

Shuningdek, Qonunda murabbiy, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham belgilanmoqda.

Bundan tashqari, sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilib, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishga qarshi kurashish yuzasidan yangi normalar kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Qonunda aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli oʻtkazib borish belgilanmoqda.

Qonunda sportchi va murabbiylar davlat tomonidan bir martalik va oylik toʻlov shaklida qoʻllab-quvvatlanishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Muhokamadan soʻng Qoʻmita qarori bilan Qonunni maʼqullash toʻgʻrisidagi xulosa qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?