Qizilqumning tashrif qogʻoziga aylangan oʻtov

12:31 19 Mart 2025 Jamiyat
111 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Azaldan Qizilqumda oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq millatiga mansub kishilar chorva bilan shugʻullanib kelgan. Chorvadorlar bir yilda uch-toʻrt marta suruvini haydab, joyini almashtiradi. Albatta, bunday sharoitda chorvador uchun tez yigʻilib, tez quriladigan yengil boshpana muhim. Shu maqsadda oʻtovlardan keng foydalanilgan. Qizilqumliklar uni qora uy ham deyishadi.

— Oʻtov koʻchmanchi turkiy xalqlar yashash tarzining asosiy vositasi hisoblanadi, — deydi Konimex tumani hokimining til masalalari boʻyicha maslahatchisi Guldana Narinbetova. — Tashqi koʻrinishining oʻzi keng dala uzra osmon gumbazining koʻchirmasidek taassurot uygʻotib, koʻchmanchilarning ozod ruhini ifodalaydi.

Daladan oftob issigʻi va saraton shamoli jaziramasidan soʻng oʻtov ostonasidan hatlagan kishi vujudi goʻyo jannatga kirgandek orom oladi. Uy ichiga aylana tortilgan turfa rang kiygiz va qalin gilamlar koʻz oʻngimizda bahoriy manzarani namoyish etadi. Bunda yoʻl bosib horigan yoʻlovchi oromi uchun barchasi muhayyo. Dasturxonda milliy taomlar, qimiz va shubat. Uy egasi kim va qaysi millat vakili ekanligiga izoh shart emas. Xususan, ostonadan kirishda chap tomonda uy egasi – erkak kishining jihozlari joylashadi. Bu yerda ot anjomlari, ov qurollari va musiqa asboblarini koʻrish mumkin. Oʻng tomonda oʻchoq egasi – ayolning roʻzgʻor buyumlari, kasanachilik qurollari oʻrin egallagan.

Xullas, roʻzgʻor uchun kerakli barcha anjomlar shu taxlit oʻz joy-joyini topganki ming-ming yil oʻtsa ham bu roʻzgʻor tutumi oʻzgarmaydi. Agar oʻtovga ramziylik bersak, uning ichki boʻshligʻi osmon gumbazini, shangʻiroq oftobni eslatadi. Oʻtov shangʻiroq orqali osmon bilan bogʻlanadi.

— Shangʻiroq oʻtovning eng xosiyatli qismi. Nomining oʻzi turli ramziy maʼnolarga ham nisbat beradi, — deydi mehnat faxriysi Mustafo Egamqulov. -— Masalan “shangʻiroq koʻtardi” degani oila qurdi, yigitning azamat boʻlganini anglatadi.

Aslida oʻtov shangʻirogʻi koʻtarilayotganida hech kim gapirmaydi. Qadim irim bu – ulugʻ ish boshida jimlik saqlanishi shart. Shangʻiroq kuldirovichi toʻrt tomonni anglatsa, unga birikkan uvuqlar quyosh shuʼlasi goʻyo. Oftob tigʻi va yogʻin sochindan himoyalovchi kigizlar ana shu uvuqlarga yopiladi. Shu bois u puxta yogʻochdan tayyorlanadi. Uyning boʻsagʻasi esa shunchaki ostonagina emas, yangi hayot boshlanishi hamdir. Shu bois yangi oʻtovni tiklashda ish avvalo, eshik romlarini oʻrnatishdan boshlanadi.

Choʻlliklar udumida yosh oila oʻtovini kelin tomon quradi. Eshikni yigit oʻzi bilan olib keladi. Mazkur urfda ostonaning qoʻriqchisi kim ekanligiga ishora yotibdi. Xonadon toʻri barcha xalqlarda boʻlgani kabi oʻtovda ham qadrdon mehmonniki. Shunga qaramay, ularda oʻzaro uy egasidan toʻrga chiqing, degan iltifotni kutish odati ham bor.

Oʻtov qurilishidan tortib, ichidagi barcha jihoz va bezaklari qoʻl mehnati bilan yaratiladi. Koʻzni qamashtirgudek turfa rang gilam va kigizlarning har biri oʻziga xos. Chiroyli bezakli tasmalar, qurama koʻrpa yostiqlar, yigirish va toʻqima sanʼatning namunalari barcha-barchasi qoʻl mehnatining mevasidir.

Choʻlliklarda “oʻt boshi, oʻchoq qoshi” degan hikmat bor. Buning maʼnisi oʻt boshi erkak boʻlsa, oʻchoq qoshi ayollarga tegishlidir. Darvoqe, oʻchoq odatda oʻtovning oʻrtasida joylashadi. Undagi qozon hech qachon boʻsh qoldirilmaydi. Buning maʼnosi, birinchidan qozonni himoyalash boʻlsa, ikkinchidan qozon qaynashi tiriklik, hayot davomiyligining ramzidir.

Oʻtov tarixiga razm solsak, qadimdan chorva bilan mashgʻul boʻlgan koʻchmanchi ota-bobolarimizning asosiy boshpanasi yoki chorvadorning ish quroligina emas, balki Yil boshi kabi bayramlarning koshonasi hamdir. Qaysi xonadonga kirmang, qoʻni-qoʻshnisiz olis ovuldagi choʻpon oilasi boʻladimi yoki markazdagi ishchi xonadonining toʻkin dasturxoni Navroʻz bahona mehmonni kutayotgani yoki oʻtov toʻla mehmonning ustidan chiqasiz. Navroʻz diydor — bayram bahona keksalar koʻnglini koʻtarish ayyomi. Bularning barisi Navroʻz kishilar koʻnglida ham ezgulik nihollarini uygʻotganidan dalolat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?