Qirgʻizistondagi yongʻinda oilaning 6 nafar aʼzosi halok boʻldi

18:21 22 Oktyabr 2025 Dunyo
330 0

Foto: “Turmush”

Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida joylashgan uyda yuz bergan yongʻin oqibatida bir oilaning olti nafar aʼzosi — 34 yoshli ayol va uning besh farzandi halok boʻldi. Bu haqda “Turmush” nashri xabar berdi.

Bildirilishicha, hodisa bugun, 22-oktyabr kuni tongda Oʻsh shahri On-Adir mahallasidagi Orozbekov koʻchasidagi uylardan birida roʻy bergan.

Maʼlumotlarga koʻra, mazkur uy taʼmirlanish jarayonida boʻlgan va xonadonda elektr isitgich qurilmasi ishlatilgani aytilmoqda. Maxsus xizmatlar taxminiga koʻra, aynan shu qurilma yongʻinga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.

Guvohlarning soʻzlariga koʻra, yongʻin soat 03:30 atrofida yashash uyining podval qismidan boshlangan va uy qisqa fursat ichida butunlay yonib ketgan.

“Tongda namozga turgandim, oynadan qarasam — qoʻshni uy qizil yorugʻlikda yonib turibdi. Koʻchaga chiqsam, eshiklar ochiq, ichkarida ona va uning besh bolasi bor edi. Olov tez tarqaldi, hech kim chiqishga ulgurmadi”, deydi qoʻshnilardan biri.

Qoʻshnilarning qayd etishicha, oila oʻtgan yili yangi uyga koʻchgan va alohida yashay boshlagan boʻlgan. Oila boshligʻi ish izlab xorijga ketgan, marhuma esa yaqinda oʻz mahallasidan ayollar kiyimi doʻkoni ochgan.

Qirgʻiziston Favqulodda holatlar vazirligining maʼlum qilishicha, yongʻin haqidagi chaqiruv soat 05:56 da kelib tushgan. Voqea joyiga 29-sonli yongʻin boʻlimi yetib borib, 06:01 da ishni boshlagan va olovni 06:25 da lokallashtirgan.

Aniqlanishicha, yongʻin oqibatida 34 yoshli ayol hamda uning 13, 11, 9, 6 va 2 yoshdagi farzandlari halok boʻlgan. Ularning jasadlari sud-tibbiy ekspertizasiga yuborilgan. Hozirda hodisa sabablari oʻrganilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?