Qirgʻizistonda adabiyotga bagʻishlangan ilmiy-maʼrifiy anjuman boʻlib oʻtdi

11:50 30 May 2024 Jamiyat
181 0

Yaqinda Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida joylashgan Qirgʻiz-Oʻzbek xalqaro universitetida “Komil inson tarbiyasida mumtoz adabiyotning oʻrni” mavzusida tashkillashtirilgan ilmiy-maʼrifiy anjuman ikki xalq maʼrifatparvarlarining ezgu maqsad yoʻlidagi chinakam yuzlashishi boʻldi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktor oʻrinbosari, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov boshchiligidagi bir guruh adabiyotshunoslar, ilm-fan fidoyilari ishtirok etishdi. Qirgʻiziston Respublikasi milliy-madaniy markazining janubiy hududi tashabbusi bilan oʻtkazilgan ushbu konferensiya ishtirokchilari, asosan, ikki xalq orasidagi qadimdan mavjud ilmiy-ijodiy munosabatlar, madaniy-adabiy aloqalar, kelajakdagi istiqbolli ilmiy-ijodiy hamkorliklar xususida oʻzaro fikr almashishdi. Anjumanda dastlab mazkur universitet rektori iqtisodiyot fanlari doktori, akademik Muhammadjon Mamasaidov soʻzga chiqib, kelajakda Oʻzbekistondagi koʻpgina oliy oʻquv yurtlari qatori Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan ham ilmiy-ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, oʻzbek-qirgʻiz tilida yangi darsliklar yaratishni davom ettirish, adabiyotshunoslik sohasida ilmiy tadqiqotlar uzluksizligini taʼminlash, muhimi, bu sohada yetuk kadrlar tayyorlash borasida oʻzaro amaliy hamkorlik qilish masalalariga atroflicha toʻxtaldi. Shundan soʻng ikki davlatning koʻzga koʻringan olimlariga soʻz berildi. Aytish joizki, mehmon va mezbonlar tomonidan bildirilgan fikrlar rektorning mulohazalariga mushtaraklik kasb etdi.

Qirgʻiz-oʻzbek adabiyoti haqida gap ketganda, avvalo, koʻz oʻngimizda birodarlik ruhi, birlikka tashnalik tuygʻulari joʻsh uradi, bir-biriga uygʻun til, qalbda kechgan allaqanday ajib hislar, tomirlarda oqayotgan qonning gupurib urushidan ogʻa-inilik, doʻstlik, qavmdoshlik, fikrdoshlik kabi samimiy munosabatlar orqali ikki xalq bir-biriga koʻzga koʻrinmas ilohiy rishtalar bilan nechogʻlik mustahkam bogʻlanganini his qilamiz, — dedi professor Maqsud Asadov mazkur anjumandagi nutqida. — YUNESKO eʼlon qilgan insoniyatning nomoddiy madaniyat merosi roʻyxati tarkibiga kiritilgan “Manas”day ulkan doston qirgʻiz adabiyotining qadimiyligini bizga bir qadar isbotlaydi. Ikki xalq adabiyoti orasidagi mushtaraklik, hamohanglik va oʻziga xoslikni biz oʻzbek xalqining “Manas”dek qadimiy boʻlgan “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Ravshanbek” dostonlari misolida koʻrishimiz mumkin. Qirgʻiz yoshlarida oʻzbek mumtoz adabiyotining buyuk namoyandalari Navoiy, Bobur, Mashrab, Uvaysiy-u Nodira, Furqat-u Ogahiy singari oʻnlab soʻz sanʼati vakillari ijodiga qiziqishni koʻrib quvonamiz. Oʻz oʻrnida Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, bizda ham Chingiz Aytmatov hayoti va ijodini har tomonlama chuqur oʻrganish masalasi adabiyotshunos olimlarning diqqat markazida. Oʻtgan davr mobaynida bu borada jiddiy ilmiy izlanishlarning olib borilgani, yirik monografiya va tadqiqotlar eʼlon qilingani Oʻzbekistonda oʻziga xos “aytmatovshunoslik maktabi” shakllanganidan dalolat beradi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Oʻsh shahridagi Bosh konsulligi masʼul xodimi Aʼzamjon Abdurashidov ham ishtirok etdi. U kelajak avlod tarbiyasida adabiyotning ahamiyati nihoyatda beqiyos ekanligini taʼkidlab, ikki xalq adabiyotidagi koʻzga koʻringan mutafakkir shoir-u yozuvchilar ijodi, ilm-fan olamidagi yangi izlanishlar nafaqat turkiy xalqlar madaniy hayotida, balki jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar, turli siyosiy-ijtimoiy va madaniy oʻzgarishlar-u jarayonlarni anglashda yoshlarga yordam berishi borasida toʻxtaldi.

Anjumanda oʻzbek adabiyotshunosligidagi yutuqlar, jumladan, Navoiy, Bobur, Uvaysiy singari mumtoz adabiyotimiz dargʻalari ijodi boʻyicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning yutuq va kamchiliklari borasida bahs yuritildi. Mumtoz adabiyotning eng sara asarlari tahlili-yu talqini asnosida komil insonni tarbiyalashdek muhim masalada adabiyotning oʻrni va vazifasi xususida fikrlar bildirildi.

Qoʻshni Qirgʻiz Respublikasida kechgan safar va joylardagi kichik adabiy uchrashuvlar oʻnlab ziyolilar bilan yaqindan tanishish imkonini taqdim etdi. Xususan, pedagogika fanlari nomzodlari, dotsentlar Ravshanbek Tursunov va Saidakbar Maxsumxonov, Oʻsh shahridagi oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchilarining uslubiy birlashmasi raisasi Iltifot Otaxonova, Muhayyoxon Xolmirzayeva, Malohat Poʻlatxonova, Qosimjon Rahmiyev singari bir qancha adabiyot muallimlari-yu ixlosmandlari hamda “Ilhom” ijodiy klubi ijodkorlari va talaba-yoshlari bilan qizgʻin adabiy, ilmiy bahs-munozaralar bilan kechdi. Tadbir davomida biz universitet huzuridagi “Bilim Ordo” darsliklar yaratish markazi tomonidan nashrga tayyorlangan oʻzbek tilidagi darsliklar va bu borada qilinayotgan ishlar bilan ham tanishishdi. Ikki davlat olimlarining darsliklar ishlab chiqishga doir suhbatlari ham asosan kelajakdagi hamkorlik masalalari muhokamasiga bagʻishlandi.

Buratogʻda joylashgan qadimiy muzeyga sayohat, u yerdagi bir qancha tarixiy eksponatlar ham qiziqishlarga sabab boʻlganini aytish joiz. Koʻhna madaniyat oʻchoqlari bizga bu zaminda oʻtmishda mavjud boʻlgan eʼtiqodlar-u turli ilohiy qarashlardan soʻyladi. Aytish joizki, Sulaymon togʻ tepasidagi Bobur mirzo hujrasi ziyorati mazkur safarga oʻziga xos mazmun bagʻishladi.

Shahnoza RAHMONOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori

instituti kichik ilmiy xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер