Qalin tuman haydovchilar masʼuliyatini sinovdan oʻtkazuvchi sinovdir
Mamlakatimizda, xususan, Andijon viloyatida tumanli kunlar boshlandi. Masalan, ayni paytda Andijon shahrida koʻrish masofasi 100-150 metrni tashkil etmoqda. Asaka, Boʻston, Shahrixon va Ulugʻnor tumanlarida esa bu koʻrsatkich yanada past. Hattoki, 10-15 metrdan iborat hududlar ham bor. Bu jarayon tabiiyki, avtomobil haydovchilari uchun bir qancha noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.
-Shahrixon tumanidan Andijon shahrigacha boʻlgan masofada aholiga transport xizmati koʻrsatish bilan shugʻullanaman,-deydi “Damas” avtomashinasi haydovchisi Hikmatillo Rahmatullayev. -Doimiy yoʻlovchilarimiz bor. Ularni har qanday ob-havo sharoitida manzilga yetkazib qoʻyish burchimdir. Biroq, tumanli ob-havo sharoitida bu borada bir muncha qiyinchiliklarga duch kelaman. Ana shunday paytlarda yoʻl chiziqlari mushkulimni oson qiladi. Baʼzan, haydovchilar bir-birimizga koʻmak bergan holda avariya chiroqlarini yoqib yuramiz. Busiz iloj yoʻq...
Tumanli havo sharoitida yuzaga keladigan asosiy xavf vaziyatni kech anglashdir. Koʻrinmas toʻsiqlar, toʻsatdan tormozlangan avtomashina yoki yoʻl boʻylab harakatlanib turgan piyodani kech koʻrish avtohalokatlar xavfini oshiradi. Shuning uchun haydovchi birinchi navbatda past tezlikda harakatlanishi va oʻz yoʻnalishidan chetga chiqmasligi zarur. Tuman vaqtida tez yurish nafaqat haydovchi, balki atrofdagi barcha ishtirokchilar uchun xavflidir.
-Yaqinni yoritish faralari yoqilgan avtomashina boshqalarga tezroq koʻrinadi, harakat yoʻnalishi ravshan boʻladi,-deydi viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi katta mutaxassisi Abdumajid Raimjonov. — Ayniqsa, 10–15 metrdan ortiqni koʻrish qiyin boʻlgan hududlarda avariya signallarini yoqib harakatlanish tavsiya etiladi. Koʻzgularni muntazam artib turish, old oynadagi yoʻlni toʻsayotgan parni tozalash ham xavfsizlikni oshiradi.
Andijon viloyati transport oqimi koʻpligi bilan ajralib turadi. Maʼlumotlarda qayd etilishicha, viloyatda litsenziyaga ega boʻlgan motorli transport vositalari soni 9 mingtadan ortiq boʻlib, ularning aksariyati shaxsiy va yoʻlovchi tashishda qoʻllaniladigan avtomobillardir. Andijon shahrining oʻziga bir kunda 120 mingdan ziyod avtomashina kirib-chiqishini hisobga olsak mavzuga doir maslahatlar va amallar nechogʻli muhim ekanligini his etish mumkin. Zero, bunday katta oqimda tumanli kunlarda avtohalokatlar ehtimoli yanada ortishi mumkin.
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash faqat haydovchining oʻziga bogʻliq emas. Yoʻl infratuzilmasidagi belgilovchi chiziqlarning ravshan boʻlishi, yoritish qurilmalarining ishonchli holati, yoʻl qoidalarini nazorat qiluvchi xizmatlarning joylardagi harakati ham ahamiyatga ega.
-Kuz mavsumi tumanli kelishini inobatga olgan holda oldindan tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi,-deydi viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi katta mutaxassisi Abdumajid Raimjonov suhbatda davom etar ekan. -Xususan, yoʻl chiziqlarini yangilash, yoʻl belgilarini almashtirish, postlarda xodimlar tomonidan nazoratni kuchaytirish yoʻlga qoʻyildi. Bir hududdan ikkinchi hududga oʻtish joylarida haydovchilarga yoʻldagi vaziyat yuzasidan xabar qilinmoqda. Shuningdek, avtomobillarning texnik holati nazoratdan oʻtkazilyapti. Bu kabi saʼy-harakatlar haydovchilar sergakligini oshirib, sodir etilishi mumkin boʻlgan avtohalokatlarni 30 foizgacha qisqartirish imkonini beradi.
Qalin tuman — tabiiy holat. Ammo har bir haydovchi bunday kunlarda masʼuliyatni ikki baravar oshirmasa, yoʻllardagi xavfni kamaytirish qiyin. Bir necha daqiqalik ehtiyotkorlik, maʼlum bir masofadagi toʻxtash, yoritish vositalaridan toʻgʻri foydalanish inson hayotini saqlab qoladigan eng muhim shartlardir. Unutmang, bunday vaziyatda xavfsizlik, avvalo, haydovchining oʻzidan boshlanadi.
Saminjon HUSANOV, ”Xalq soʻzi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring