“Qayirma”da anor pishdi

10:20 27 Avgust 2025 Jamiyat
105 0

Chust tumanidagi ushbu mahalla ahlining asosiy qismi anorchilik bilan shugʻullanadi. Ob-havoning haroratli kelishi bilan bu yil mevaning ertapishar navi barvaqt shira bogʻladi. Ayni paytda oldi tomorqa egalari hosil yigʻimiga kirishgan.

– Bir gektar anorzor xonadonimizning asosiy baraka manbaiga aylangan, – deydi usta bogʻbon Ilyosjon Mansurov. – Yetishtirayotgan mevamiz donasi yirikligi va sharbatining totliligi bilan xaridorgir. Bultur hosildan 15 tonna sotib, 150 million soʻm daromad olgandik. Bu galgi mavsum bogʻdorchiligi yanada barakali kelyapti. 20 tonna xirmon koʻtarishni chamalab turibmiz. Shu kunlarda hosilning yetilgan qismi peshma-pesh terilib, omborga joylanmoqda.

Yurtimizda yetishtirilayotgan har mevaning suygan bogʻi bor. “Qayirma”da istiqomat qilayotgan mingdan ziyod xonadonning 700 dan ortigʻi anorchilikni oilaviy biznesga aylantirgani ularga toʻkinchilik va yuqori daromad olib kirmoqda. Har bir xonadon yiliga oʻrtacha 100 million soʻm atrofidagi hosilni bozorga yetkazib beryapti. Bu mahallaga ayni tarmoqning oʻzidan milliardlab mablagʻ kirib boryapti, degani. MFY yettiligining tarmoqni zoʻr berib targʻib qilayotgani shundan.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?