Qadriyatlari boqiy qishloq
Temur ESHBOYEV/«Xalq soʻzi. Nurota tumanining Sentob qishlogʻi soy yoqalab qariyb oʻn kilometrga choʻzilgan. Qishloqning uzoq yillik tarixiga guvoh tepaliklardan koʻtarilar ekansiz, ikki tarafdan bosib kelayotgan qoyalar dara koʻrinishini hosil qiladi. Ulardan biri — “Balandi Umar” hududida qoya toshlarga oʻyilgan V-VI asrlarga oid bitik va petrogliflar, yanada yuqoriroqda koʻhna qoʻrgʻon qoldiqlari qishloq ahlining boqiy qadriyatlaridan guvoh. Eng baland nuqtada Fozilmon koʻli joylashgan, bu yerdan qishloq kaftdagidek koʻzga tashlanadi.
Sentobda natural roʻzgʻor tutumi saqlanib qolgan. Chorva va chorbogʻga ega boʻlmagan oilani uchratish mushkul. Kundalik ehtiyoj uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarining deyarli hammasini oʻzlari yetishtirib, oʻzlari qayta ishlashadi. Qishloq ahli togʻ va adirliklardan ziravor giyohlar hamda mumiyo kabi dorivorlarni terib, bozorga olib chiqishadi.

— Mehmonxonamizga koʻproq Fransiya, Belgiya, Germaniya kabi mamlakatlardan mehmon keladi, — deydi “Sentob-Shaxi-Mustafo” xususiy korxonasi ish yurituvchisi Moʻtabar Boboyeva. —Xorijlik mehmonlarning koʻpchiligi qayta-qayta kelayotganligidan ayrimlari bilan qadrdon boʻlib qolganmiz. Maʼqul tushsa kerak, ketgisi kelmay, ikki-uch kun qolib ham mehmon boʻlishadi. Piyoda togʻ kezib, qishlogʻimiz tarixi, buguni bilan tanishishadi. Ertalab sigir sogʻishni kuzatadilar, oʻzimizning shirchoyni judayam xush koʻrishadi. Pishiqchilik payti tut shinnisi tayyorlash, oʻrik quritish kabi roʻzgʻor yumushlarida beixtiyor bizga qoʻshilib ketishadi.
Tabiiyki, bunday turmush tarzi qishloqning turizm jozibadorligini taʼminlab, bugun Sentobda 20 ta oilaviy mehmon uyi, 3 xostel faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 15dan ortiq turdagi turistik xizmat yoʻlga qoʻyilgan. Samarqand shahrida UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida “Best Tourism Villages 2023 Awards” — 2023-yilning eng yaxshi turizm qishlogʻi nominatsiyasi boʻyicha Sentob qishlogʻi gʻolib deb topilganining boisi ham shunda.

Kaftdekkina qishloqqa Yevropaning deyarli barcha mamlakatlaridan sayyohlarning kelib-ketishi, eng avvalo, Oʻzbekistonning dunyoga ochiqlik siyosati va Respublikada turizm industriyasiga katta eʼtiborning samarasidir.
Nurotaning atrofida aylangan sayyohning eʼtiborini uning nomi bilan ataluvchi togʻ tizmalari tortishi shubhasiz. Ayniqsa, salobatli Oqtov va uning oftobroʻy etaklaridagi qishloqlarda “kuylovchi” toshlar, “uvillovchi” tepaliklar, “musiqali” qoyalar, “rangli” adirlar, “tebranuvchi” xarsanglar borligini bilsa bormi, ushbu hududlarga sayyoh yogʻilib ketadi. Aytaylik, Xatirchi tumanidagi Sangijumon qishlogʻida tebranib turuvchi ulkan tosh tebranib, muvozanatini yoʻqotmasligi bilan hayratga soladi.

— Bunday toshlarni yer yuzida Sangijumondan tashqari Buenos-Ayres va Quddus shaharlarida uchratish mumkin, — deydi oʻlkashunos olim Ramazon Egamov. — Ularning har ikkisi ham na hajm, na tebranish amplitudasi jihatidan Sangijumon toshlari bilan raqobatlasha olmaydi. Yaʼni, tosh vazni 280 tonnadan ziyod boʻlib, uni 12-14 yoshli oʻspirin ham bemalol qimirlata oladi.
Sangijumon 280 million yil avval yer qaʼridan koʻtarilgan suyuq va qaynoq magmatik jinslardan paydo boʻlgan. Dengiz sathidan 800-900 metr balandlikda joylashgan bu harsang darani qoplab yotgan granit toshlarning yirik bir boʻlagi xolos. Masalan, sal narida yana bir harsang – Teshiktosh bor. Pastki qismidagi teshikdan bir odam zoʻrgʻa oʻtadi. Uning “Teshik tosh” deb atalishi, gunohi koʻp kishilar bu teshikdan oʻtolmaydi, deyilishining sabablari ham shunda.

Ushbu xarsangdan 300-400 metr gʻarbda balandligi 2 metrdan ziyod zamburugʻsimon va kobraga oʻxshash toshlar ham mavjud. Sangijumon qishlogʻida yuzdan ziyod tabiatning noyob yodgorligi boʻlgan toshlar – “Childirmatosh”, “Kabutartosh”, “Qizil egartosh”, “Elchibaydukan”, “Tegirmontosh”lar bagʻriga oʻyib yozilgan 6-7 ming yillik tarixga ega petrogliflar qavmdoshlarimiz ibtidoiy sanʼatining nodir yodgorliklaridir.
Nurotadan shimolga toʻgʻri tortilgan yoʻl oʻrkach-oʻrkach barxanlar orasidagi Doʻngalak ovuliga eltadi. Kaftdekkina qishloq Konimex tumaniga qarashli boʻlsada Nurotaga ancha yaqin. Qishloqda ovul va yaqin atrofdagi choʻponlarning bolalari oʻqiydigan 90 oʻquvchi oʻrinli 27- maktab faoliyat yuritadi. Uni Yaponiyada ham bilishardi. Sababi Qizilqum boʻsagʻasida istiqomat qilayotgan doʻngalakliklarning turmush tutumi, irodasi va mehmondoʻstligi biroz ilgari Aydarkoʻl sohilidagi “Qizilqum safari” turistik firmasida dam olgan yapon sayyohlariga manzur boʻlgan. Bordi-keldi hamda urf-odat va qadriyatlar mushtarakligi tufayli xalqchil diplomatiya koʻprigi oʻrnatildi. Hamkorlik shu darajaga yetadiki, yaponiyalik volontyor sayyohlar Doʻngalakka saksovul ekish maqsadida qayta kelishgan. Ular doʻngalaklik maktab oʻquvchilariga yaponiyalik tengqurlari yoʻllagan sovgʻa-salom va maktubni topshirib, Oʻzbekiston – Yaponiya ekin maydoniga asos solishadi. Mazkur maydon Doʻngalak atrofidan tanlanib, 4000 dona saksovul koʻchati oʻtqaziladi. Sayyohlar guruhining rahbari doʻngalaklik maktab oʻquvchilariga sovgʻani yaponiyalik tengdoshlari sholi ekib, uning hosilidan olingan daromadlari hisobidan shakllantirishganligini aytadilar.

Taʼkidlash joiz, yaponiyalik volontyorlarning sahroda yashil vodiy barpo etish loyihasi 2000-yil Xitoyda boshlanib, 2011-yil Indoneziya va 2015-yil Mayamida davom ettirilgan. Oʻzbekiston, aynan Konimex tumanidagi Doʻngalak ovulida loyihaning amalga oshirilishida 74 yoshgacha boʻlgan volontyorlar, shuningdek “Mitsubishi Corporation”ning Toshkentdagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etishib, bu tadbirdan “Qizilqum safari” turistik firmasi rahbari ham chetda turolmadi.
— Nihollar toʻliq tutib ketishi uchun 100 metr chuqurlikda quduq qazib suv chiqardik, — deydi firma rahbari Vohid Pirmatov. — Saksovul urugʻi sepilgan maydon atrofini oʻrab, tuya, qoʻy-qoʻzilar payhon qilishidan ihota qildik. Yaponiyalik doʻstlarimizning bu xayrli ishini asrashni oʻzimizning muqaddas burchimiz deb hisoblaymiz.

— “Oʻzbekiston-Yaponiya doʻstlik ekin maydoni” deya yozilib, yonida ikki davlat bayroqlari choʻl shamolida hilpirab turgan ushbu manzil ezgulikning koʻzgusidir. Xalqimizning azaliy qadriyatlariga hurmat bajo keltirib, Qizilqumning olis bir manzilida ezgulikning bir parchasini koʻngillarga muhrlab ketgan yaponiyalik doʻstlarimiz Doʻngalak kengliklarini, Aydarkoʻl sohillarini, qalbi sahrosidek keng choʻl odamlarini yana sogʻinishlari shubhasiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qisqa fursatga toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi
- Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring