Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida barpo etilgan Kasbiy koʻnikmalar mintaqaviy markazini borib koʻrdi

Majmua Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICAning 9 million dollarlik grant mablagʻlari hisobidan qurilgan. Zamonaviy kasblar uchun zarur jihozlar, simulatsion uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Bu yerda avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, payvandchilik, yuk koʻtarish mashinistligi, elektron va maishiy texnika taʼmiri, mebelsozlik, sartaroshlik va kosmetologiya, mobilografiya hamda mehmonxona xizmati kabi 10 ta talab yuqori mutaxassislik oʻrgatiladi.
Buning uchun qariyb 2 gektar hududda zamonaviy oʻquv binolari, amaliy mashgʻulot xonalari, 64 oʻrinli yotoqxona va boshqa yordamchi inshootlar qurilgan. Muassasa yiliga 300 nafar tinglovchini 6 oylik kasbiy tayyorgarlik kurslarida oʻqitish imkoniyatiga ega.
Prezident oʻquv-mashgʻulot xonalarini kirib koʻrdi. Mehmonxona yoʻnalishida saboq olayotgan yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi.
- Urganch aeroportini Inchon aeroporti bilan sheriklikda dunyo darajasiga olib chiqamiz. Katta turizm markazlari, mehmonxonalar qurayapmiz. Endi xorijiy turistlar koʻp kelishi uchun xizmat ham xalqaro darajada boʻlishi kerak. Ular tariximiz, tabiatimiz uchun keladi, servis yaxshi boʻlsa, xursand boʻlib ketadi. Bunda koʻp narsa xizmat koʻrsatuvchilarning muomalasi, etikasi, saviyasiga bogʻliq. Shuning uchun bu imkoniyatdan foydalanib, kasbni yaxshi oʻrganing. Kelgusida oʻzingiz ham tadbirkor boʻlishga harakat qiling, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Markazda Migratsiya agentligi hamda Koreyaning Hyundai va Germaniyaning SBH West bilan hamkorlikda elektromobillarga xizmat koʻrsatish ixtisosligi ham yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos kadrlar yetishtirish imkonini beradi.
Xalqaro hamkorlik keng yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yil yanvar oyida markazning boshqaruv xodimlari Koreya Respublikasida 2 haftalik oʻquv kurslarini tamomlab qaytgan. Ayni paytda esa ushbu mamlakatda 20 nafardan ziyod oʻqituvchi va murabbiylar malaka oshirmoqda.
Davlatimiz rahbari malakali kasbiy tayyorgarlik sanoatlashtirish, umuman, davlat rivojining asosi ekanini taʼkidladi. Amaliyot uskunalaridan samarali foydalanish, dars smenalarini oqilona tashkil etib, koʻproq yoshlarni oʻqitish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezidentimiz Xorazmga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring