Prezident Shavkat Mirziyoyev isteʼfodagi general-polkovnik Rustam Ahmedov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining taniqli namoyandasi, mamlakatimizning birinchi mudofaa vaziri, isteʼfodagi general-polkovnik Rustam Oʻrmonovich Ahmedov shu yil 12-oktyabr kuni 82 yoshida vafot etdi.
R.Ahmedov 1943-yil 10-noyabrda Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng dastlab Toshkent oliy tank qoʻmondonlik bilim yurtida, keyin Moskva shahridagi Zirhli tank qoʻshinlari harbiy akademiyasida taʼlim oldi.
Butun hayotini harbiy sohaga bagʻishlagan R.Ahmedov tank polkida vzvod komandiri, tank diviziyasi siyosiy boʻlimi boshligʻining yordamchisi, tank diviziyasi batalyoni komandirining siyosiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, Toshkent oliy tank qoʻmondonlik bilim yurti kursantlar batalyoni komandirining oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qilib, shaxsiy tarkibni boshqarish, uning harbiy, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini oshirish borasida yetarli bilim va tajriba orttirdi.
Toshkent oliy tank qoʻmondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qoʻmondonlik va Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan yillarida uning tashkilotchilik qobiliyati yaqqol namoyon boʻldi.
Vatanimiz istiqlolga erishganidan soʻng R.Ahmedov Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa vaziri, ayni vaqtda birmuncha muddat Milliy gvardiya qoʻmondoni vazifasini bajaruvchi sifatida faol ish olib borib, milliy armiyamizni shakllantirish, davlatimiz mudofaa tizimini barpo etish, harbiy kadrlarni tayyorlash yoʻlida jonbozlik koʻrsatdi. Mudofaa vazirligining Bosh shtabi qayta tashkil etilib, Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabiga aylantirildi, harbiy okruglar tuzildi, harbiy qismlarning joylashuv va boshqaruv tizimi takomillashtirildi. Mudofaa vazirligining boshqa kuch tuzilmalari bilan hamkorligini mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
R.Ahmedov 1997–1998-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ham samarali faoliyat olib bordi.
Faxriy general, ulugʻ yoshda boʻlishiga qaramasdan, Yangi Oʻzbekistonda Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy tayyorgarligini oshirish borasidagi ulkan islohotlarni amalga oshirishda mudofaa vazirining maslahatchisi sifatida oʻzining boy bilim va tajribasi bilan faol ishtirok etdi. Qaysi lavozimda xizmat qilmasin, harbiy qasamyodiga sodiq qolib, oʻz zimmasidagi vazifalarni masʼuliyat va sharaf bilan bajardi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda shaxsiy namuna koʻrsatdi.
R.Ahmedovning harbiy sohadagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Oʻzbekiston Respublikasining II darajali “Shon-sharaf” va “Doʻstlik” ordenlari bilan mukofotlandi.
Taniqli harbiy qoʻmondon, samimiy va kamtarin inson Rustam Ahmedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, V. Maxmudov, Sh. Xalmuxamedov
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring