Prezident maktabi oʻquvchilari xalqaro olimpiadalarda qanday natijalarga erishmoqdalar?

13:34 17 Dekabr 2019 Jamiyat
1948 0

Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari dastlabki muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati maʼlumotlariga koʻra, yaqinda Qatar davlatining Doha shahrida oʻtkazilgan Xalqaro yoshlar ilm-fan olimpiadasi (IJSO-2019) da oʻzbekistonlik oʻquvchilar ilk bor ishtirok etib, doimiy aʼzolik huquqiga ega boʻlgan. Mazkur olimpiadada Toshkent shahridagi Prezident maktabining 9-sinf oʻquvchisi Muhammadrizo Madjidov bronza medali bilan taqdirlangan.

Ushbu musobaqada 70 ta davlatdan 409 nafar oʻquvchi, jumladan, Janubiy Koreya, Xitoy, Gonkong, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya kabi taʼlim tizimi rivojlangan davlatlardan iqtidorli oʻquvchilar qatnashgan.

Yana bir ajoyib xushxabar bizni uzoq kuttirmadi: oʻzbekistonlik oʻquvchilarning yangi gʻalabasi yakun topayotgan yil sarhisobida zarhal harflar bilan bitildi. Shu yilning 10-15-dekabr kunlari Ozarbayjon Respublikasining poytaxti Baku shahrida oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan III Xalqaro integratsiyalashgan, yaʼni bir vaqtda matematika, fizika, kimyo fanlari boʻyicha oʻtkazilgan fan olimpiadasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari munosib ishtirok etib, yurtimiz dongʻini yana bir bora dunyoga tanitdilar. Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf oʻquvchisi Doniyor Voisov bronza medali sovrindori boʻldi. Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi Xalqaro matematika maktabining 3 nafar oʻquvchisi: Anvar Raxmatov 2-oʻrin, Sevara Ostonova 3-oʻrin, Toʻymurod Qodirov faxrli ishtiroki uchun diplom bilan taqdirlandi.

Mazkur xalqaro bilimlar bellashuvi 2013-yildan buyon oʻtkazib kelinadi. Bu yil unda Belarus, Gruziya, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Estoniya va Oʻzbekistondan oʻquvchilar qatnashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?