Prezident iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish zarurligini taʼkidladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Endilikda elchilar faoliyat yuritayotgan davlatdan eksport tushumlari, turistlar oqimi, qonuniy ish joylariga Oʻzbekiston fuqarolarini yuborish ular uchun KPI boʻladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.
Yigʻilishda chet eldagi elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari, ular va Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining oylik ish haqi koʻpaytirilgani qayd etildi.
“Lekin barcha diplomatik vakolatxonalarimiz buni toʻgʻri anglab, mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solyaptimi?
Diplomatik faoliyatni baholashning bitta oʻlchovi bor, u ham boʻlsa – natija!
Shu bois, hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi bu – investitsiya va texnologiyalar olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yoʻlaklarini ishga soladigan, turistlar oqimini koʻpaytiradigan, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir”, dedi Prezidentimiz.
Prezidentimiz iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini taʼkidladi.
Zero, iqtisodiy diplomatiya – yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish orqali inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy xavfsizlik esa davlat xavfsizligining asosiy poydevori hisoblanadi.
Ikki va koʻp tomonlama tadbirlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari boʻyicha bitimlar imzolandi.
Tarixda birinchi bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport miqdori 33,5 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar ham keskin koʻpayib, 43 milliard dollardan oshdi.
Eʼtiborlisi, oʻtgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollarga koʻpaygan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring