Oʻzbekistonda oziq-ovqat eksporti 37 foizga oʻsib, 3 milliard dollarga yetdi

12:50 10 Dekabr 2025 Siyosat
328 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlari bilan boʻlib oʻtayotgan muloqotida soʻnggi yillarda bogʻ va tokzorlarni yangilashga qattiq kirishilgani, intensiv sabzavotchilik rivojlantirilayotgani ham samarasini berayotgani qayd etildi.

Uch yilda 155 ming gektar bogʻ va uzumzor barpo etildi, intensiv bogʻlar 150 ming gektarga yetkazildi.

Joriy yilda 3,4 million tonna meva, 2 million tonna uzum, 19,5 million tonna sabzavot, poliz va kartoshka, 1 million tonna dukkakli va moyli ekinlar yetishtirilgani bu fikrlarning tasdigʻidir.

Eng muhimi, shularning hisobidan ichki bozorda narxlarni barqaror ushlab turish bilan birga qishloq xoʻjaligi toʻqimachilikdan keyingi eng koʻp valyuta olib kelayotgan sohaga aylandi.

Yil boshidan oziq-ovqat eksporti 37 foizga oʻsib, 3 milliard dollarga yetdi, yil yakuni bilan bu koʻrsatkich ilk bor 3,2 milliard dollardan oshadi.

Meva-sabzavotlarimiz kirib borgan davlatlar soni 18 taga koʻpayib, 83 taga yetdi. Quritilgan olxoʻri va oʻrik eksporti boʻyicha dunyoda 3-oʻringa, shaftoli va mayizda 7-, gilosda 8-, uzumda 13-oʻringa chiqildi.

“Albatta, bunday ulkan natijalar ortida dehqon va fermerlarimiz, klasterlar, umuman, qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi har bir insonning mehnati, jasorati, fidoyiligi turibdi, desak toʻgʻri boʻladi. Ularning zahmati, mard va olijanob fazilatlari har qancha eʼtirof va eʼtiborga munosib.

Shuning uchun ham bugun Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni arafasida sizlar bilan koʻrishib, suhbatlashib, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlashga qaror qildim”, dedi Prezidentimiz.

Mukofotlanganlar orasida paxtadan 80-90 sentner, gʻalladan 115 sentnergacha hosil olgan, dalasiga suv tejovchi texnologiyalar va nasoslariga quyosh panelini keng joriy qilgan fermer va klasterlar, meva-sabzavot, chorva, parranda, baliq, asalarichilikda intensiv usullarni qoʻllab, oziq-ovqat xavfsizligi va eksportga katta hissa qoʻshayotgan dehqon, chorvador va eksportchilar bor.

Suv tanqis sharoitda kanallarni betonlash, suvning hisobini joyiga qoʻyib, adolatli taqsimlayotgan irrigatsiya-melioratsiya xodimlari va mexanizatorlar, qishloq va suv xoʻjaligiga ilm-fanning yangi yutuqlarini olib kirayotgan, urugʻchilik, naslchilik va agrotexnologiya boʻyicha innovatsiyalar yaratayotgan olimlar ham yuksak mukofotlarga sazovor boʻldi.

Paxta, gʻalla va bogʻdorchilikda keskin oʻzgarish qila olgan Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyati hokimlarining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlari, Quva, Baliqchi, Doʻstlik, Quyi Chirchiq va Nukus tumani hokimlari ham bor.

Davlatimiz rahbari yuksak unvon, orden va medallarni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?