Prezident Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi

11:41 14 Yanvar 2026 Siyosat
124 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Muhtaram Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, ko‘p millatli butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek g‘oyat sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, harbiy qasamyodiga sodiq qolib, mamlakatimiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan ona yurt posbonlariga yana bir bor yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz.

Ayni vaqtda Vatan oldidagi yigitlik burchini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan qahramon o‘g‘lonlarimizning xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz.

Bugungi kunda xalqimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritmoqda. Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlarda shavkatli Qurolli Kuchlarimizning, sizlarning ham munosib hissangiz bor, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Biz sizlarni buyuk ajdodlarimiz an’analarining shonli davomchilari deb bilamiz va sizlardek Vatanga fidoyi, dushmanga shafqatsiz, jangovar saflarda doimo hushyor va kurashga shay bo‘lgan azm-u shijoat sohiblari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, el-yurtimizga shunday dovyurak, botir va bahodir farzandlarni tarbiyalab bergan ota-onalarga, harbiy xizmat davomida barcha quvonch va tashvishlarni ular bilan baham ko‘rib kelayotgan oila a’zolariga o‘zimning samimiy minnatdorligimni izhor etaman.

Qadrli do‘stlar!

Keyingi yillarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ortga qaytmas islohotlarimizning mustahkam kafolatlaridan biriga aylanib borayotgan Qurolli Kuchlarimizning harbiy qudratini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshiryapmiz. Jumladan, boshqaruv va ta’minot tizimi takomillashtirilib, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida modernizatsiya qilinmoqda, qo‘shinlarimizning jangovar saflari yangicha ta’lim va tarbiya olgan malakali ofitser va serjantlar bilan to‘ldirilmoqda.

Shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi, harbiy xizmatchilarning kasbiy, intellektual va ma’naviy salohiyati izchil yuksaltirib borilmoqda. Qurolli Kuchlarimiz zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda.

Yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqishni oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalq bilan armiya o‘rtasidagi mustahkam birlik va jipslikni yanada kuchaytirishga qaratilgan samarali ishlarimiz qat’iy davom ettirilmoqda.

Hozirgi vaqtda dunyoning siyosiy va harbiy xaritasida qanday shiddatli o‘zgarishlar yuz berayotganini barchamiz ko‘rib, anglab turibmiz.

Turli mintaqalarda geosiyosiy vaziyat tobora murakkablashib, ziddiyat va qonli to‘qnashuvlar kuchaymoqda. Zamonaviy texnologiyalar, yangi avlod qurol-yarog‘lari paydo bo‘lmoqda, jangovar harakatlar olib borishning strategiya va taktikasi yanada takomillashmoqda.

Mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, biz kelgusida jang va boshqaruv usullarini zamon talablari asosida yangilaymiz, yuqori malakali harbiy kadrlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratamiz.

Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qat’iyati, o‘ziga bo‘lgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi.

Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika, jumladan, sun’iy intellekt asosida robotlashtirilgan majmualar bilan ta’minlash, qo‘shinlarni boshqarish hamda qaror qabul qilish jarayonlariga ilg‘or axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga doir ishlarning samarasini oshirib, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ishlarni kuchaytiramiz. Bu borada davlat va fuqarolik institutlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtirok etishiga alohida ahamiyat qaratamiz.

Har bir harbiy xizmatchi xalq bilan armiya – bir tan-u bir jon ekanini, uning ortida 38 millionlik xalq tog‘dek tayanch bo‘lib turganini doimo his etishi, shundan cheksiz kuch, ruh va madad olishi kerak.

G‘ayrat-shijoatda tengsiz bo‘lgan harbiylarimiz yovlar oldida hech qachon bosh egmagan qo‘rqmas va o‘tyurak ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganib, ulardan ibrat va saboq olib, Vatan oldidagi muqaddas burchini bundan buyon ham sharaf bilan ado etadilar, deb ishonaman.

Aziz Vatan himoyachilari!

Mana shu hayajonli damlarda har biringizni bugungi bayram bilan yana bir bor chin dildan qutlab, sizlarga va oila a’zolaringizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasidagi olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Jonajon Vatanimiz himoyasi yo‘lida hech qachon tolmang, yutuq va zafar sizlarga doimo yor bo‘lsin!

Shavkat MIRZIYOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?