Oʻzbekistonda mahalliy hokimiyat organlarini rivojlantirish boʻyicha yangi loyiha ishga tushirilmoqda

Oʻzbekistonda “Mahalliy davlat hokimiyati organlarini rivojlantirish va davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish” loyihasi ishga tushirildi.
Bu haqda Adliya vazirligi hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda maʼlum qilindi.
Adliya vazirligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (Chemonics International) oʻzaro hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 15,2 million dollarni tashkil qiladi.
Loyihada ijro hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, kadrlar hamda moddiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha aniq mezonlarni ishlab chiqish, hokimiyatning vakillik organlari va ijro hokimiyati idoralari oʻrtasida yaqin hamkorlikni taʼminlash aks ettirilgan. Shu bilan birga, davlat boshqaruvida ochiqlikka asoslangan, samarali qarorlar qabul qilish tizimini tatbiq etish hamda davlat boshqaruvini haddan tashqari markazlashtirishdan voz kechish, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarni bekor qilish, davlat organlarini fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorligini oshirish, hisobdorlik va jamoatchilik nazorati kabi masalalar nazarda tutilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda boshlangan navbatdagi maʼmuriy islohotlar natijasida hukumatga boʻysunadigan ijro organlari soni 61 tadan 28 taga, shu jumladan, vazirliklar soni 21 tagacha qisqardi, 20 ta idora toʻliq tugatildi. Ijro etuvchi hokimiyat yanada ixchamlashib, professional, xalqimiz talablariga javob beradigan, yuqori natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat boshqaruvi tizimi shakllantirilmoqda.
Umuman, ishga tushirilayotgan mazkur loyiha, hozirda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlardan koʻzlangan maqsadlarga erishishga koʻmak beradi.
Tadbir davomida Adliya vazirligi hamda AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatda mahalliy davlat hokimiyati faoliyati samadorligini taʼminlash hamda unda fuqarolar ishtirokini ragʻbatlantirish va mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring