Oʻzbekistonda ekin maydonlarining noqonuniy yoqilishi sunʼiy yoʻldosh orqali kuzatilmoqda

15:07 07 Iyun 2025 Jamiyat
155 0

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi “Uzcosmos” Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi hamda Ekologiya, atrof- muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi dalalarda somon yoqayotganlar kuzatilayotgani va ular javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi.

Unda aytilishicha, har yili Respublika hududidagi boshoqli don ekinlaridan boʻshagan yer maydonlarida, somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqib yuborish bilan bogʻliq minglab salbiy holatlar aniqlanmoqda. Bu esa minglab gektar serhosil maydonlarning unumdorligi pasayib, tuproq strukturasining buzilishi, yerlardagi foydali makro va mikroelementlarning yoʻq boʻlib ketishi, ekin hududlarining ball boniteti keskin tushishi kabi ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda.

«Tasavvur qilib koʻring, 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganida, 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi gazi atmosferaga tarqaladi. Bu toza havoning ifloslanishi bilan birga inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishi bilan xavflidir.

Hurmatli yerdan foydalanuvchilar! Barchangizdan shu kabi noqonuniy holatlarga yoʻl qoʻymaslikni soʻrab qolamiz va qatʼiy talab qilamiz», — deyiladi ogohlantirish xabarida.

Maʼlumot uchun, mazkur huquqbuzarlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha jarimalar qoʻllanilishi hamda yongʻin sodir boʻlgan gʻalla ekin maydonlarning har bir gektariga yetkazilgan zarar boʻyicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar koʻrilishi, bunda zarar miqdori katta boʻlsa hattoki jinoiy javobgarlikkacha olib borishi mumkin.

Shuningdek, bu kabi holatlar Yer kodeksining 40 va 79-moddasi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasida koʻrsatib oʻtilganidek, fermer xoʻjaligiga ajratilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish majburiyatlari bajarilmaganini ifodalaydi.

“Shu oʻrinda qoʻshtirnoq ichidagi uddaburon fermer va tadbirkorlarga eslatib oʻtmoqchimiz. Respublika miqyosida somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqish bilan bogʻliq holatlar bevosita Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi «Oʻzbekkosmos” tomonidan sunʼiy yoʻldosh suratlari orqali kunlik monitoring qilib boriladi. Maʼlumotlar esa huquq tartibot organlariga oʻz vaqtida taqdim etiladi», — deyiladi agentlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер